Xabarlar

“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi tuzildi

O‘zbekiston Respublikasi Aloqa,  axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi huzurida «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi tashkil etildi. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2013-yil 27-iyundagi PQ-1989-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 16-sentabrda qabul qilgan qarori asosida tashkil etildi. Ayni qaror asosida “Elektron hukumat» tizimi axborot tizimlari komplekslari,  resurslari va ma’lumotlar bazalarining axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi ham tuzilgan.

«Elektron hukumat» markazining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo’lishi belgilangan:

Elektron hukumat» tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirishning strategik yo‘nalishlarini, shu jumladan, jahon tendensiyalarini hamda xorijiy mamlakatlar tajribasini tahlil va tadqiq qilish asosida ishlab chiqish;

«Elektron hukumat» tizimini shakllantirishda davlat organlarida qo‘llaniladigan axborot tizimlari, axborot resurslari va ma’lumotlar bazalarini loyihalashtirish, ishlab chiqish va integratsiyasining kelishilgan mexanizmini hamda «Elektron hukumat» tizimi loyihalarini amalga oshirishning normativ-metodik ta’minotini tashkil etishni nazarda tutuvchi yagona texnologik yondashuvni ta’minlash;

davlat organlari faoliyatining funksional va operatsion jarayonlarini tizimli qayta tashkil etishni amalga oshirish, davlat xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan biznes jarayonlarni boshqarishni maqbullashtirish, takomillashtirish va innovatsion mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

«Elektron hukumat» tizimini samarali joriy etish uchun amaldagi normativ-huquqiy bazani maqsadli tahlil qilish va uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

«Elektron hukumat» tizimi doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishning holatini tizimli monitoring qilish, baholash, shu jumladan, axborot tizimlari va resurslarini joriy etish samaradorligini o‘rganish, davlat organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish samaradorligini reytingli baholash tizimini yuritish;

«Elektron hukumat» tizimi doirasida interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish va ulardan foydalanish samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlash metodikasini ishlab chiqish, loyihalarni amalga oshirishning maqsadli indikatorlari va ko‘rsatkichlarini aniqlash.

Vazirlar Mahkamasi qarorida «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi hamda Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnika ta’minoti tasdiqlangan smeta doirasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fondi, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat va hukumatga qarashli bo‘lmagan tashkilotlarning beg‘araz texnikaviy ko‘magi (grantlari), xo‘jalik faoliyatidan, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablag‘lar hisobiga amalga oshirilishi ko’zda tutilgan.

«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi hamda Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi ustavlarini bir oy muddatda ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, ularning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklatildi.

Comments are closed.