Savol: Elchixona orqali boshqa davlatlarga chiqish vizasini olsa bo’ladimi? Men Sankt-Peterburg shahrida yashayman, Saudiya Arabistoniga o’qishga bormiqchiman. Shuning uchun O’zbekistonning Moskvadagi elchixonasi orqali chiqish vizasini olsam bo’ladimi? Yoki albatta O’zbekistonga borib olish kerakmi?
Javob: Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-yanvardagi 8-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi tartibi”ning 5-bandiga ko’ra, chet elga vaqtincha yashashga ketgan (xizmat safariga, o‘qishga, davolanishga, kontrakt bo‘yicha ishlashga) va O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasida yoki konsullik muassasasida vaqtincha konsullik hisobida turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari pasportning amal qilish muddati tamom bo‘lganligi hamda pasportda belgilar va vizalar qo‘yish uchun varaqlar tugaganligi, pasport yaroqsiz holga kelganligi yoki yo‘qolganligi, shuningdek stikerni rasmiylashtirish munosabati bilan pasport almashtirilgan hollarda O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga va konsullik muassasalariga pasport berish va chet elga chiqish uchun stikerni rasmiylashtirish to‘g‘risida belgilangan shaklda ariza bilan murojaat qiladilar.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga kirish uchun kirish vizalari mavjudligi talab etilmaydigan xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari stikerni rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining tegishli diplomatik vakolatxonalariga yoki konsullik muassasalariga belgilangan shakldagi ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
Fuqarolarning arizalari diplomatik vakolatxonalar yoki konsullik muassasalari tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali pasportni rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga va stikerni rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga qayta jo‘natiladi. Rasmiylashtirilgan hujjatlar egasiga topshirish uchun Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekiston Respublikasining tegishli diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga yuboriladi. Pasportni rasmiylashtirishning to‘liq davriy muddati 30 ish kunidan oshmasligi kerak.
Mazkur Tartibning 6-bandiga ko’ra esa, vaqtincha yashash uchun chet elga ketgan, u yerga oshkora kelgan va chet elda doimiy yashashga qaror qilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari doimiy yashashga ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun belgilangan shakldagi hujjatlar bilan O‘zbekiston Respublikasining tegishli konsullik muassasasiga murojaat qiladilar.
Konsullik muassasasi fuqarolarning chet elda doimiy yashash uchun qoldirish bo‘yicha hujjatlarini rasmiylashtiradi va masalani belgilangan tartibda kelishish uchun hujjatlarni Tashqi ishlar vazirligi orqali Ichki ishlar vazirligiga yuboradi.
Demak, chet elda vaqtincha yoki doimiy yashovchi O’zbekiston fuqarolari mazkur xorijiy davlatdagi O’zbekiston elchixonasi yoki konsullik muassasalaridan xorijga chiqish stikerini olishi mumkin. Shuningdek, ular elchixona va konsullik muassalaridan pasportini almashtirishi ham mumkin. Buning uchun ular avvalo xorijda vaqtincha turuvchi yoki doimiy yashovhi shaxs sifatida elchixona yoki konsullik muassasasidan ro’yxatdan o’tishi lozim. Mazkur tartibda ro’yxatgan o’tish haqida O’zbekiston Respublikasining xorijdagi elchixonasi yoki konsullik muassasasi vebsaytida yoki Tashqi ishlar Vazirligining vebsaytida ma’lumot olish mumkin. Xorijdagi O’zbekiston fuqarosi Tartibning 5- va 6- bandlaridagi talablarni qondirgan taqdirda (ya’ni, xorijga qonuniy yo’l bilan kelgan (vaqtincha yoki doimiy yashashga) hamda elchixona yoki konsullik muassasidan tegishli tartibda vaqtincha turuvchi yoki doimiy yashovchi shaxs sifatida ro’yxatdan o’tgan) elchixona yoki konsullik muassasi fuqarolar xorijga chiqish stikerini olish yoki pasportini almashtirish uchun O’zbekistonga borishni talab qilishlari noqonuniy bo’ladi.
Qo’shimcha tarzda, mazkur Tartibning 2-bandiga ko’ra, elchixona va konsullik muassasalarida xorijda doimiy yashovchi shaxs sifatida ro’yxatda turgan shaxslarga xorijga chiqish stikeri doimiy muddatga beriladi. Doimiy muddatga berilgan xorijga chiqish stikeri ikki yilga xorijga chiqish uchun beriladigan (vaqtincha) stikerdan farqli holda, muddati tugamaydi va qaytadan yangilashni talab qilmaydi.
Pasport va OVIR olish bilan bog‘liq bu tartib 2019-yildan kuchga kirishi kutilayotgan yangi xorijga chiqish pasporti joriy etilishi bilan o‘zgarishi mumkin. O‘zgarishlar 2019-yildan boshlab amalda tatbiq qilinishi kutilmoqda.