Mirakmal Niyazmatov
Dronlar haqidagi birinchi maqolamizda dronlar nima ekanligi, ularning qurolli mojarolarda qo’llanilish tarixi, ustunliklari va kamchiliklari haqida ma’lumot bergan edik. Mazkur maqolada esa dronlardan terrorchilikda ayblanganlarni o’ldirish maqsadida foydalanishning falsafiy-axloqiy jihatlarini tahlil qilamiz.
Odatda, yangi ixtiro qilingan har bir yangi texnologiya va qurol falsafiy-axloqiy bahs va tortishuvlarga sabab bo’ladi. Dronlardan harbiy mojarolarda foydalanish va ular yordamida terrorchilikda gumon qilinayotganlarni o’ldirish amaliyoti ham katta tortishuvlarga sabab bo’lmoqda. Buning asosiy sababi shundaki, o’zini madaniyatli deb bilgan har bir jamiyatda davlatning xatti-harakati, xususan, inson hayotini olish bilan bog’liq bo’lgan masalalar insoniy va axloqiy me’yorlar bilan o’lchanmog’i lozim. Insoniy va axloqiy qoidalarga bo’ysunib ish tutish hech qachon oson bo’lmagan. Shunga qaramasdan, davlatlar ham ichki, ham tashqi siyosatlarini insoniy va axloqiy me’yorlarga bo’ysunib yurg’izishga intiladilar. Shu sababli, zararsizlantirilgan dushman askarini o’ldirish, asirga olmasdan o’ldiring buyrug’ini berish, jangda askar bo’lmaganlarni nishonga olish va va ularga shafqatsiz bo’lish kabi harakatlar milliy va xalqaro huquqda qat’iy ta’qiqlangan. Shu kabi, agar insoniy va axloqiy qadriyatlarga bepisand qarash mumkin bo’lganda, huquq-tartibot organlari gumonlanuvchini qonuniy usullar bilan so’roqqa tutish va tergov qilish o’rniga, qiynoqqa solish orqali iqror bo’lishga majburlash kabi amaliyotlar keng yoyilgan bo’lardi.
“Nyu-York Tayms” gazetasining milliy xavfsizlik masalalari muxbiri Skot Sheynga (Scott Shane) ko’ra, dronlar insoniy va axloqiy me’yorlarni buzmaydi. O’zining o’tgan yili “Dronlardan foydalanishni quvvatlovchi axloqiy sabablar” (“The Moral Case for Drones”) nomli maqolasida, u dronlar boshqa harbiy qurollarga qaraganda nishonni aniq mo’ljalga ola bilishi bilan talofotlarni kamaytiradi va shu sababli ular boshqa harbiy qurollarga qaraganda insonparvarlik va axloqiy jihatdan katta ustunlikka ega deb yozgan edi.
Haqiqatdan ham, dronlar mo’ljalni uzoq muddat kuzatib yurish va nishonga aniq ura olish salohiyati ega. Buning natijasida begunoh kishilar va ob’yektlarga talofot keltirmasdan (collateral damage) yoki juda kam talofot bilan harbiy amaliyotni amalga oshirish mumkin. Agar nishon atrofida begunoh kishilar bo’lsa, masalan, yosh bolalar va ayollar, nishonga olish eng qulay fursatda amalga oshirilishi uchun kechiktirilishi mumkin. Bordiyu drondan snaryad otilgan bo’lsa, uni burib yuborish imkoniyati ham bor ekanligi ustunlik sifatida keltiriladi. Bundan tashqari, dron tarafdorlari terrorchi guruhlar ularni topish va qo’lga olish qiyin bo’lgan hududlarda berkinishlarini aytib, bunday “dushman”ga qarshi kurashda dronlardan foydalanishni eng samarali yechim sifatida ko’rishadi.
Qarshi taraf fikricha, dronlarning harbiy amaliyotni amalga oshirishdagi ustunligi qanday bo’lishidan qat’i nazar, ular insoniy va axloqiy me’yorlarni buzmoqda. Mazkur maqolada e’tiborni dronlar aynan qaysi insoniy va axloqiy me’yorlarni buzayotganligiga qaratamiz.
Dronlar yordamida kim nima sababdan nishonga olinyapti?
Dronlar kishilarni qanday asoslarga tayanib nishonga olayotgani aniq tartibga solinmagan. Buning natijasida ko’plab begunoh insonlar o’lmoqda. Dronlar yordamida nishonga olinayotgan kishilar faqat terrorchilar ekani aytiladi. Lekin kimning terrorchi va kimning terrorchi emasligi haqida kim qaror beradi? “Terrorchilar”, “jangari guruhlar,” “dushman kuchlari” kabi tushunchalar juda noaniq bo’lib, kishining hayotini olish uchun qaror berishga yetarli asos bo’lib xizmat qilmaydi.
Barcha falsafiy va huquqiy ta’limotlar inson hayotini eng oliy qadriyat deb e’tirof etadi. Shu sababli barcha davlatlarda qotillik og’ir jinoyat hisoblanib, bunday qilmish uchun eng og’ir jinoiy javobgarlik belgilangan. Ba’zi istisnoli holatlarda inson hayotini olishga ruxsat beriladi.
O’lim jazosi amalda bo’lgan davlatlarda inson hayoti sud qarori bilan olinishi mumkin. Shunday bo’lsa ham, o’lim jazosini qo’llashga nisbatan jiddiy amaliy cheklovlar qo’yilgan bo’lib, davlatlar uni jinoiy jazo sifatida qo’llashdan tobora voz kechmoqdalar. Shuningdek, davlat huquq-tartibot organlariga, jiddiy zarurat paydo bo’lganda, kishi hayotiga rahna solishga ruxsat beriladi. Bunday vaziyatlar, asosan, yo xodim o’zining hayotini, yo boshqa kishining hayotini himoya qilish maqsadida ro’y beradi. Davlatlararo qurolli mojaro davomida ham dushman kuchlariga qarshi hujum qilish va o’ldirishga ruxsat beriladi. Ammo bunday vaziyatlarda ham begunoh kishilarni himoya qilish uchun, askarlar qanday holatlarda va kimlarga qarshi hujum qilishlari mumkinligi xalqaro huquqda batafsil tartibga solingan.
Dronlar yordamida kishi qanday asoslar mavjud bo’lganda va qanday holatlarda nishonga olinishi mumkinligi tartibga solinmog’i lozim. AQSh amaliyotlarida dronlar qayerda, qachon va kimni qatl etish uchun foydalanilishi haqida AQShning Markaziy Razvedka Agentligi (MRA) qaror beradi. Ammo MRA kim va nima asosga ko’ra nishonga olinayotganini sir saqlab, haligacha hech qanday rasmiy ma’lumot yoki ochiqlama bermagan. MRAning dronlardan bunday maqsadlarda foydalanishi oxir-oqibat o’ta xatarli pretsedentlarning rivojlanishiga asos yaratib beryapti. Gap shundaki, shu kungacha davlatlarning MRA kabi josuslik va razvedkani amalga oshiruvchi bo’limlari boshqa davlatlarda istiqomat qilayotgan yoki boshpana topgan kishilarni qatl etish amaliyotini kamdan kam amalga oshirgan. Dronlar esa, bunday amaliyotlarning tabora keng tarqalishiga zamin yaratyapti. Kelajakda boshqa davlatlar ham jiddiy asoslarsiz turli gumonlarga tayanib, boshqa davlatda bo’lgan “terrochilarni” qatl etish uchun dronlarni yuborish amaliyotini boshlashi mumkin. Bunday amaliyot esa ham kishi hayotiga, ham davlatlararo tinchlik va totuvlikka rahna soladi.
Qatl etishdagi boshboshdoqlik

Dronlar yordamida qatl etishda boshboshdoqlikni kuzatish mumkin. Amaliyot nihoyasiga yetgandan keyin nishonga olingan shaxs haqiqatdan ham nishonga olinishi mumkin bo’lgan shaxsmidi yoki yo’qmi, buni aniqlash jarayoni mavjud emas. Bu esa dronlarni boshqarayotgan va qatl etish uchun buyruq berayotganlarga nisbatan jiddiy talablar qo’yilmayotganidan dalolat beradi. Masalan, “Al Qoida”ga aloqadorlikda gumonlangan Anvar al-Avlakiyni yo’q qilish uchun bir necha marta dron orqali hujum uyushtirilgan edi. Shunday hujumlardan birida 30 begunoh kishi vafot etdi, ammo al-Avlakiy omon qoldi. Begunoh kishilar hayotiga sabab bo’lgan mazkur harbiy amaliyotni amalga oshirganlar hech qanday javobgarlikka tortilmadi.
BMTning mahkamasiz o’ldirishlar bo’yicha maxsus ma’ruzachisi Kristof Xeynsga (Christof Heyns) ko’ra, bunday tartibda nishonga olish urush jinoyati hisoblanadi. Kristof Xeynsning xulosasini undan avvalgi ma’ruzachi, Filip Elston (Philip Alston) ham ta’kidlagan edi. U dronlar keltirib chiqarayotgan muammolar bilan bog’liq harbiy mojarolarda va umuman dushman deb bilingan kishilarni qatl qilishda kompyuter o’yini yondashuvi (“playstation mentality”) shakllanmoqda deb xulosa qilgan edi.
Xalqaro munosabatlar bo’yicha mutaxassis Tomas Xaushilt (Thomas Hauschildt) fikriga ko’ra, Xeyns va Elston xulosalari asossiz bo’lib, ular dronlarni boshqarayotgan askarlarni shafqatsiz va o’ta tuban kishilarga tenglashtirishdan boshqa narsa emas.
Albatta, dronlarni boshqarayotgan zobitlar hech qanday qonun-qoidaga bo’ysunmaydilar deyish noto’g’ri. Shunday bo’lsa ham, amalda dronlar orqali harbiy hujumlarni amalga oshirishda aql bovar qilmaydigan xatolarga yo’l qo’yilyapti. Bunday xatolar esa yuzlab begunoh kishilarning o’limiga sabab bo’layapti. Shu o’rinda Anvar al-Avlakiy o’glining 14-oktabr 2011-yil dron bilan nishonga olinib o’ldirilishini yodga olish o’rinli. 16 yoshli Abdurahmon al-Avlakiy va uning 6 nafar do’stiga qarshi hujum ular kechki payit kabob pishirib suhbat qurib o’tirganlarida amalga oshirilgan. Na Abdurahmon, na uning do’stlari terrorchi guruhga a’zolikda ayblanganlar qatorida edi. Uning qaysi xatti-harakatlari AQSh xavfsizligiga jiddiy tahdid soldi? Ba’zi ommaviy axborot vositalarida yoritilishicha, uning o’ldirilishiga yagona sabab terrorchilikda ayblangan Anvar al-Avlakiyning farzandi bo’lganligidir.
Dronlardan foydalanishda boshboshdoqlik bilan birga, o’ziga xos shafqatsizlikni ham kuzatish mumkin. Masalan, dronlarni boshqarayotganlar bir joyni ikki marta ketma-ket nishonga oladi. Bunday hujum taktikasiga “ikki urish” (“double tap”) deyiladi. Mazkur nishonga olish usuliga ko’ra, mo’ljal bir marta nishonga olingandan keyin, hujum qurbonlariga yordamga kelganlarni ham nishonga olish uchun qayta hujum qilinadi. Shunday uslub bilan ko’p hollarda dronlar janoza marosimlarini ham nishonga olganlar. Natijada, 40 tadan 80 tagacha odam o’limiga sabab bo’lgan holatlar bo’lgan. Bunday uslub bilan hujum qilishda birinchi nishonga olishda haqiqatan ham terrorchi guruhlar qatl qilingan bo’lishi mumkin, ammo ikkinchisida ularga insoniy burchini ado etish maqsadida yordamga kelganlar nishonga olingan. Masalan, Tolibon jangarilari yetakchilaridan biri bo’lgan Baytulloh Maqsudni qatl etish uchun, dron orqali 5 ming kishi qatnashayotgan janoza marosimi bombardimon qilingan. Natijada 83 kishi halok bo’lgan, amo asosiy nishon bo’lgan Baytulloh Maqsud omon qolgan.
2012-yil 6-iyulda Pokistonning Shimoliy Vaziriston viloyatida dron yordamida hukumat qo’shinlari nishonga olinishi oqibatida 24 hukumat askari o’ldirilganini yana bir misol qilib keltirish mumkin. Bu hodisada ham yuqorida ta’riflangan “ikki urish” uslubidan foydalanib, avval, ketma-ket 2 snaryad otilgan. Taxminan 10 daqiqadan keyin ayni nishonga yana 4 snaryad otilgan. Natijada avvalgi hujum qurbonlariga yordam berishga kelgan kishilar ham halok bo’lgan.
Dronlar inson hayotini olishni osonlashtirmoqda

Yuqorida aytib o’tilganidek, BMTning mahkamasiz o’ldirishlar bo’yicha maxsus ma’ruzachisi Filip Elston (Philip Alston) dronlar keltirib chiqarayotgan muammolarni kompyuter o’yini yondashuvi (“playstation mentality”) natijasidir, deb aytgan edi. Dronlar amalga oshirgan harbiy hujumlarda ko’p uchrayotgan xatolar ham buning bir isboti. Hujumlarda nishon haqiqatdan ham harbiy nishonmi yoki boshqami, bunday savollarga aniq javob bermasdan amalga oshirilyapti.
Tomas Xaushilt (Thomas Hauschildt) Elston xulosalariga qo’shilmaydi. Unga ko’ra, dronlarni boshqarish boshqa harbiy texnikalar, masalan, torpedo otadigan suv osti kemasini boshqarish kabidir.
Ammo dronlarni boshqarish boshqa xarbiy texnikalardan jiddy farq qiladi. Sababi, u minglab kilometr uzoq masofadan boshqarilgani uchun, pilotga na jismoniy, na ruhiy xavf rahna soladi. Bu esa, hujumlarni hech qanday talofot va qurbonlardan xavfsiramasdan oshirish imkonini beradi. Bunday ustunlikka ega bo’lgan kishi hujum qilishda ehtiyotkor bo’lishdan tabora uzoqlashib boradi, hech qachon murosa yo’lini yoki urushga tezroq barham berish yo’llarini qidirmaydi. Masalan, qurolli mojaro natijasida asir tushgan askarlarni qatl etish taqiqlangan va bu qoidaga davlatlar, umuman olganda, jiddiy rioya qiladi. Buning eng asosiy sababi shundaki, davlatlar o’z askarlari ham asirga tushganida qarshi taraf shunday munosabatda bo’lishiga ishonadi va shu sababli urush qonunlarining asosiy me’yorlariga har ikki tomon ham rioya qiladi.
Xulosa
Massachusets Universiteti professori Jon Kaag (John Kaag) dronlardan kishilarni qatl etish uchun foydalanishga qattiq qarshi chiqib, Aflotunning “Respublika” asarida ko’rinmas odamga aylanish yo’lini topgan cho’pon hikoyasini eslatadi. Hikoyaga ko’ra, bir kuni cho’pon uzuk topib oladi. Uzukni taqqan kishi ko’rinmas odamga aylanib qoladi. Shunday kuch bilan, cho’pon o’zining qashshoq hayotidan norozi bo’lib, qirol uyiga ko’rinmas shaklda kirishni niyat qiladi. Shu tarzda qirolni o’ldirib, qirolichaga uylanadi va taxtga ega bo’ladi. Jon Kaag dronlarni ham ko’rinmas uzukka o’xshatadi. Cho’pon qirolning saroyiga bostirib kirishda ko’rinmasligidan foydalanib, xavf-xatarga uchrashdan qo’rqmay harakat qilgani kabi, dronlar ham oqibatni o’ylamasdan ish tutadi, deydi kuzatuvchi. Bunday shartlarda kishi har qanday qabih rejani amalga oshirishi mumkin. Sababi, jinoyat sodir etayotgan shaxs o’ziga nisbatan hech qanday zarar yetmasligini yoki javobgarlikka tortilmasligini bilgani uchun har qanday jinoyatga qo’l urishi mumkin.
Mazkur hikoyaning dronlarning asosiy ustunligi deb hisoblanadigan nishonni aniq ura olish salohiyatiga ham aloqasi bor. Hikoyadagi cho’pon, o’zini oqlash maqsadida, qirolni o’ldirishda hech kimga zarar yetkazmaganini, xususan, na qirol askarlari va na xalq orasida talofatlar bo’lganini aytishi mumkin. Cho’ponga o’xshab, dron tarafdorlari ham, birinchi navbatda, o’ldirilgan odam hayotini olishga haqlari bormidi yoki yo’qmi, bu masala haqida gapirish o’rniga, nishonni talofatlarsiz urayotganlari haqida gapirmoqda. Ammo bu noto’g’ri yondashuv. Faraz qiling, juda tajribali tish doktori huzuridasiz. U yuqori mahorat bilan kasal tish o’rniga sog’lom tishlarni og’riqsiz sug’urib tashlayapti. Xuddi shunday, dronlar nishonni qanchalik aniqlik bilan urmasin, ular begunoh kishilar o’limiga sabab bo’lmoqda. Shu sababli, dronlar nishonni yuqori darajada aniqlik bilan ursa ham, ko’p holatlarda begunoh kishilar o’limiga sabab bo’lmoqda.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, dronlardan insonlarni nishonga olish niyatida foydalanish aniq qonun-qoidalar bilan tartibga solinmog’i lozim. Bunda kim nima asoslarga va qanday sharoitlarda nishonga olinishi mumkinligi aniq belgilanishi kerak. Dron orqali hujum nihoyasiga yetganidan so’ng, amaliyot qonun-qoidalarga rioya qilingan holda amalga oshirilgani yoki yo’qligi tekshirilishi shart.