Fuqarolik huquqi

Doimiy muddatga OVIR olish mumkinmi?

Savol: OVIR vizamning muddati tugaganiga 3 yildan oshdi. Turkiya fuqarosiga turmushga chiqqanman, hali Turkiya fuqaroligiga o’tmadim. Keyingi yil O’zbekistonga borish niyatimiz bor. Kirishda OVİR so’ramasliklarini bilaman, lekin chiqishda yana bu vizani olgan bo’lishim shartmi? Har safar borganda yangi OVIR olmasdan, uni bir marta doimiy muddatga olish mumkinmi?

Javob: O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to’g’risida”gi qonuni 6-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lgan erkak yoki ayolning chet el fuqarosi bilan yoxud fuqaroligi bo’lmagan shaxs bilan nikohdan o’tishi, shuningdek bunday nikohning bekor qilinishi er yoki xotinining fuqaroligi o’zgarishiga sabab bo’lmaydi. Demak, Turkiya fuqarosiga turmushga chiqqan bo’lsangiz ham (agar o’z xohishingiz bilan O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishni so’rab murojaat qilmagan bo’lsangiz)  siz O’zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanasiz. Bundan kelib chiqadiki, sizning O’zbekiston Respublikasidan chel elga chiqishingiz hamda O’zbekistonga qaytib kirishingiz kabi masalalarda O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga qanday qoida qo’llanilsa, sizga nisbatan ham shunday qoidalar tatbiq etiladi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining chel elga borishlari tartibi to’g’risida”gi 1995-yil 6-yanvardagi 8-sonli qaroriga 1-ilovaning II bo’lim, 1-bandiga ko’ra, chet elga bormoqchi bo’lgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari belgilangan tartibda anketa-arizani to’ldirgan va O’zbekiston Respublikasi pasportini taqdim etgan holda yashash joylari bo’yicha ichki ishlar organlariga murojaat qiladilar. Ichki ishlar organlari fuqarolarning anketa-arizasini 15 kunlik muddatda ko’rib chiqadilar va uning pasportiga chel elga vaqtinchalik borish uchun ikki yil davomida amal qiladigan ruxsat berish yozuvi stikeri (OVIR) ni yopishtiradilar.

Siz birinchi marta Turkiyaga kelishingiz oldidan yuqorida keltirilgan tartib bilan  ikki yil muddat davomida chel elga chiqish uchun ruxsatnoma (OVIR) olgansiz. Ushbu ikki yillik muddat tugab siz O’zbekiston Respublikasiga qaytganingizdan so’ng yana O’zbekiston Respublikasidan chiqish uchun ruxsatnoma (OVIR) olishingiz kerak bo’ladi. Ammo siz O’zbekiston Respublikasining chel elga doimiy yashash uchun ketayotgan fuqarosi sifatida yuqorida keltirilgan ikki yillik chet elga chiqish uchun ruxsatnoma emas, balki chet elga chiqish uchun muddatsiz ruxsatnoma olish huquqiga egasiz. Buning uchun pasportingizni taqdim etgan holda yashash joyingiz bo’yicha (ya’ni pasportingiz bo’yicha O’zbekiston Respublikasidagi manzilingiz) ichki ishlar organlariga murojaat qilasiz. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida keltirilgan qarori 1-ilovasi, 2-bo’limi, 2-qismiga ko’ra, doimiy yashash uchun chet elga ketayotgan shaxslarga ichki ishlar organlari ularning pasportidagi vizalar uchun nazarda tutilgan betga doimiy yashash uchun chel elga borishga ruxsat berish yozuvi stikerini amal qilish muddatini ko’rsatmasdan yopishtiradilar. Doimiy yashash uchun chet elga ketayotgan shaxslar uchun hujjatlarni ko’rib chiqish muddati 30 sutkagacha uzaytirilishi mumkin.

Demak, siz O’zbekiston Respublikasiga borib, yana Turkiyaga qaytishingiz uchun albatta OVIR olishingiz kerak, lekin siz ikki yillik muddatdagi OVIR uchun emas, balki doimiy yashash uchun chet elga ketayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida muddatsiz OVIR olish uchun murojaat qilishingiz kerak.

10 Comments

  1. Kerakli savol javob bo’libdi, rahmat sizlarga.

  2. Assalomu alaykum.
    Ovir olish uchun qanday hujjatlar bo`lishi lozim?
    Ish joyidan spravka shartmi?

    • O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga borishlari Tartibiga ( http://www.adolat.net/?p=934 ) ko’ra, chet elga bormoqchi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari belgilangan shakldagi anketa-arizani to‘ldirgan va O‘zbekiston Respublikasi pasportini taqdim etgan holda yashash joylari bo‘yicha ichki ishlar organlariga murojaat qiladilar.
      Anketada arizachi ishlasa, ishlash joyidan ma’lumotnoma va anketaning tegishli bandi ustiga ishxona tomonidan urilgan muhr; arizachi talaba bo’lsa, ta’lim olayotgan dargohidan ma’lumotnoma va anketaning tegishli bandi utiga muassasa tomonidan urilgan urilgan; arizachi hech joyda ishlamasa, yashab turgan joyidagi mahalla fuqarolar yig’inidan hech joyda ishlamasligi haqida ma’lumotnoma va anketaning tegishli bandi ustiga urilgan muhr lozim bo’ladi. Mazkur ma’lumotnomalarni olish uchun oldin anketa sizning qo’lingizda bo’lishi kerak. IIB larining Xorijga chiqish va kirish bo’limlarida anketa so’rab murojaat etganingizda IIB xodimlaridan hamda o’sha joydagi na’muna ta’riqasida to’ldirilgan anketa nusxasidan ko’plab boshqa savollaringizga javob olishingiz mumkin. Quyidagi linkda OVIR vizasi uchun rus tilidagi na’munaviy anketa-ariza formasini ilova qilamiz:
      http://www.adolat.net/?p=1367

  3. Assalomu alaykum.
    1. Chet elga iashlayotgan kishi oviri tugagach Uzb-ga borsa, qayta OVIR olish uchun nima qilishi lozim? Agar oldin turist deb olgan bulsa, hozirda esa chetda ishlayotgan bulsa.
    2. Ovir berish muddatini qanchagacha usha korhona chuzishi mumkin? Yani javob maksimal necha kunda berishi shart?
    3. Qaysi holatlarda Usha Korhona OVIR bermasligi mumkin?
    4. Ovir masalasida fuqaro qanday huquqlarga ega?

  4. 2013 yildan davlatdan tashqariga chiqish uchun fuqarolar biometrik pasportga ega bo’lishlari zarurmi? buning uchun shartli ravishda qo’l barmoq izlarini topshirish qayd etilgan. Onamning qo’l barmoq izlari ikki safardan buyon aniq chiqmaganligi sabab qaytarib yuborishmoqda. Bunday hollar bo’lib turayotganini onamga tushintirishgan. Lekin qo’l barmoq izlari aniq chiqmaydigan fuqarolar biometrik pasport ololmaydimi? eski lekin muhlati tugamagan pasport bilan 2013 yilda davlatdan tashqariga chiqishlari mumkinmi? oldindan rahmat javobingiz uchun.

  5. Salom Tashabbus,

    Savolim quyidagicha: chet elda yashash uchun OVIR’dan doimiy ruhsatnoma, ya’ni 2-yillik ovir’ning o’rniga PMJ’ni olish, shu shahsning O’zbekistondagi yashash joyidagi ro’yhatini (yani Propiska’sini) yo’qotishga olib keladimi, yoki ta’sir qilmaydimi? Iltimos javobingizda tegishli qonun/qaror manbasini ko’rsatib o’tsangiz.

    Javobingiz uchun katta rahmat!

    Hurmat bilan, Temur.

  6. OVIR olish uchun qancha miqdorda to’vni amalga oshirish lozim?

  7. Assalomualeykum man yoshim 20 da man 2013 yilda turkiyaga oversiz chiqaman ozbekistonga oversiz qaytganimda manga aminitsyaga tushding dedi jarima pul tolamaysan dedi va pasportim qaytarib berishdi uch oydan keyin esa yana oversiz turkiyaga ketim hozir cha pasaportim yok yoqotib qoydim pasaportim yang ozbekiston konstga borsam vohtinchalik pasport berad ozbekistonga ketish uchun hozr men ozbekistonga borsam manga qanaqa jazo qolanilad ILTIMOS SAVOLIMGA JAVOB BERIN OLDINDAN RAHMAT…