© Photo Forum.islom.uz
2014-yil 20-yanvarda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Diniy Mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” Qaror qabul qildi. Qarorga ilova sifatida tashkiliy-huquqiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida ikki hujjat ham tasdiqlandi:
- “O‘zbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi” Nizom;
- “Diniy mazmundagi materiallarni davlat dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi” Nizom.
Mazkur maqolamizni “Diniy materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish to’g’risidagi Nizom”ning (bundan buyon Nizom) asosiy moddalari tahliliga bag’ishlaymiz. “Davlat dinshunoslik ekspertizasidan o’tkazish tartibi to’g’risida”gi Nizom haqida kelgusida batafsil ma’lumot berish niyatimiz bor.
Nizomning asosiy qoidalari
Nizomga ko’ra, 2014-yil 20-yanvardan boshlab diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish faoliyatini amalga oshirishga faqat davlat dinshunoslik ekspertizasi o’tkazilgandan keyingina ruxsat beriladi. Bunday ekspertizani Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “vakolatli organ”, yani Din ishlari bo’yicha qo’mita amalga oshiradi. Din ishlari bo’yicha qo’mita diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatishga ruxsat berish yoki bermaslik masalasini hal etish uchun ekspertiza xulosasini beradi. Diniy mazmundagi materiallar ichiga turli dinlarning asoslari, tarixi, mafkurasi, ta’limoti, sharhlari va marosimlari haqidagi barcha ko’rinishdagi materiallar kiradi. Davlat dinshunoslik ekspertizasi 10 ish kuni davomida amalga oshiriladi.
Diniy adabiyotlarni ekspertizadan o’tkazish va ana shunday ekspertiza asosida ularni chop etish, tarqatish yoki mamlakat ichiga olib kirishga ruxsat berish amaliyoti shu kungacha ham mavjud edi. Yangi nizomlarni qabul qilish asosida ana shu amaliyotning qonuniy asoslarini mustahkamlash ko’zda tutilgan.
Muammolar
1. Kalavaning uchi qayerda?
Dinshunoslik ekspertizasiga havola etilishi uchun mamlakat hududiga olib kirilayotgan material “diniy mazmunda” bo’lishi kerak. Nizomga ko’ra, material “diniy mazmunda” deb hisoblanishi uchun u dinlarning asoslari, tarixi, mafkurasi, ta’limoti, sharhlari va marosimlari haqida bo’lishi kerak (3-xatboshi). Diniy mazmundagi materialni tayyorlash va tarqatish uchun ruxsat olishda mazkur qoidaga rioya etish mumkin. Ammo olib kirilayotgan materiallar “diniy mazmunda” ekanligi qanday belgilanadi? Tegishli davlat organi, masalan, bojxona noziri, olib kirilayotgan materiallar dinlarning asoslari, tarixi, mafkurasi, ta’limoti, sharhlari va marosimlari haqida ekanini aniqlash uchun har bittasini o’qib chiqadimi? O’qib chiqqan taqdirda ham, material bu xususiyatlardan biriga taalluqli ekani haqida xulosaga kelish uchun uquvi yetadimi?
Mazkur qoidani chegaradan olib kiriladigan diniy adabiyotlarga nisbatan qo’llashning umuman imkoni yo’q. Chunki u davlat organi xodimlariga yoppasiga har qanday materialga nisbatan dinshunoslik ekspertizasidan o’tkazish talabini qo’yishga yo’l ochib beradi. Bu esa kitob egalarining ortiqcha sarson bo’lib yurishiga sabab bo’ladi.
2. Diniy mazmundagi materialni tayyorlash va olib kirishga kim va qay tartibda ruxsat beradi?
Nizomda diniy mazmundagi materialni mamlakat hududida dinshunoslik ekspertizasi amalga oshirilgandan keyin qabul qilingan qaror asosida tayyorlash, olib kirish va tarqatish mumkinligi belgilangan (3-xatboshi). Ammo bunday qarorni Din ishlari bo’yicha qo’mita bermaydi. U ruxsat berish yoki bermaslik masalasini hal etish uchun o’z xulosasini taqdim etadi, xalos. Ruxsat berish yoki bermaslik masalasini hal etish esa “tegishli organ”ga havola etiladi (12-xatboshi).
Mazkur qoidada tilga olingan “tegishli organ” kim? Nizomda Din ishlari bo’yicha qo’mitadan boshqa yana ikki davlat organi haqida gap ketadi. Davlat chegarasida olib qo’yilgan materiallar [a] Davlat bojxona qo’mitasi va [b] Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan ekspertizadan o’tkazish uchun yuborilishi aytiladi (9-xatboshi). Ammo mazkur davlat organlari ruxsat berish masalasini hal etadigan “tegishli organ” ekani yoki yo’qligi haqida Nizomning hech bir bandida aniqlik kiritilmagan.
Qaysi davlat organi ekani noma’lum qolayotgan “tegishli organ” masalani hal etishda faqat Din ishlari bo’yicha qo’mita chiqargan xulosaga asoslanadimi yoki boshqa holatlarni ham e’tiborga oladimi? Din ishlari bo’yicha qo’mitaning ekspertiza xulosasi faqatgina ruxsat berish yoki bermaslik masalasini hal etish uchun kerak (ruscha matnida “для последующего решения вопроса”). E’tibor bering, Nizomda ruxsat berish yoki bermaslik haqidagi qaror ekspertiza xulosasi asosida amalga oshiriladi deyilmagan, balki mazkur masalani hal etish uchun deyilyapti. Demak, masalani hal etishda ekspert xulosasi e’tiborga olinishi yoki olinmasligi, shu bilan birga, qo’shimcha, keng ommaga noma’lum bo’lgan holatlar ham hisobga olinishi mumkin. Bu haqda hujjatda aniq tushuntirish berilmagan.
3. “O’z vaqtida”: Bugun, ertaga yoki keyingi haftami?
Davlat chegarasida olib qo’yilgan materiallar ekspertizadan o’tkazish uchun [a] Davlat bojxona qo’mitasi va [b] Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan Din ishlari bo’yicha qo’mitaga “o’z vaqtida” yuborilishi kerak (9-xatboshi). “O’z vaqtida” deganda nima tushunilishi kerak? Material olib qo’yilgan kunmi yoki organlar imkoniyat topgan har qanday vaqtdami? “O’z vaqtida” amalga oshiriladigan ishning aniq muddati belgilanmagani bois, 10 ish kuni davomida ko’rib chiqilishi lozim bo’lgan ekspertizaning qachondan boshlanishini aniqlashning iloji yo’q.
4. “iPhone”imni bermayman!
Nizomda diniy mazmundagi materiallar quyidagi ko’rinishda bo’lishi mumkinligi aytiladi: har qanday bosma nashr (kitob, jurnal, gazeta va hkz.), audiovisual (videofilm, kliplar, animatsiya va hkz) va axborot tashuvchi elektron jismlar (CD va DVD disklari va hkz.) (4-xatboshi). “Axborot tashuvchi elektron jismlar” juda keng tushuncha bo’lib, uning ichiga shaxsiy noutbuk, planshet, smartfon, ayfon, fotokamera kabi jihozlarning o’zi va xotira disklari (qattiq disk (hard drive), xotira kartochkasi (memory card)) ham kiradi. Tegishli organ bu ko’rinishdagi “axborot tashuvchi elektron jismlar”ni ham tekshirishga va olib qo’yishga haqqi bormi?
Yuqorida “Kalavaning uchi qayerda” ekanini tekshirganimizda davlat organi deyarli barcha materialdan diniy mazmunga egalikda shubha qilib, ekspertizaga yuborishi mumkinligini eslatib o’tdik. Demak, elektron jihozlarning o’zi yoki xotira disklari ham ekspertizaga yuborilishi mumkin.
5. “MacBook”im qani?
Diniy mazmundagi materialni tashuvchi jihoz va/yoki jism olib qolingan taqdirda, buni tasdiqlovchi biror hujjat beriladimi? Elektron jihoz yoki jismga ziyon yetkazilgan taqdirda, bunga Diniy ishlar bo’yicha qo’mita yoki boshqa davlat organi aybdorligi qanday aniqlanadi? Ziyon qay tartibda qoplanadi? Ushbu jihozlar egasiga qanday qaytariladi?
Butun boshli elektron jihoz xotirasini tekshirish uchun olib qolinganda, elektron jihoz xotirasiga g’araz niyatlarda yangi ma’lumotlar qo’shib qo’yilmasligiga kim kafolat beradi? Bu qanday nazorat qilinadi? Elektron jihozning umumiy holatichi? Ichidagi boshqa ma’lumotlarning butunligichi? Shaxsiy ma’lumotlarning daxlsizligichi? Bunday savollarga Nizomda yoki boshqa qonun hujjatlarida javob berilmagan.
6. 10 kun?
Davlat dinshunoslik ekspertizasi 10 ish kuni davomida amalga oshirilishi kerak. Mamlakat hududida ishlab chiqarilayotgan yoki chet eldan olib kirilayotgan adabiyotlarni tekshirib, ilohiyotshunos tadqiqotlariga asoslangan holda xulosa berishga Din ishlari bo’yicha qo’mita 10 kun ichida qanday ulgurishini tasavvur qilish qiyin. Mamlakat ichida ishlab chiqarilayotgan diniy materiallar u yoqda tursin, chegaralardan kirib kelayotgan va shubha ostiga olingan adabiyotlarning o’zi har kuni yuzlab, balki minglab nusxani tashkil etishi mumkin. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi kichik bir qo’mita bu qadar katta hajmdagi ishni amalga oshirish uchun yetarli miqdorda mutaxassislarga egami? Shu nuqtai nazardan nizomning amaliy jihatdan kutilganidek ishlashiga ishonish qiyin.
7. “Ilohiyotshunoslik tadqiqotlari”
Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatishga ruxsat berish yoki ruxsat bermaslik haqidagi ekspertiza xulosasida diniy mazmundagi material ustida diniy qonun-qoidalardan og’ishganlik yoki buzib ko’rsatishning borligiga oid ilohiyotshunoslik tadqiqotlari o’tkazilganligi ko’rsatilishi kerak (4-xatboshi). Demak, Din ishlari bo’yicha qo’mita ekspertiza xulosasini berishda materialni o’rganish bo’yicha qanday tadqiqot o’tkazgani haqida ma’lumot beradi.
8. Amalga oshirish qiyin bo’lgan taqiq
18-xatboshida materiallar tarqatilishi taqiqlangan maqsadlar sanab o’tilgan. Qizig’i, mazkur xatboshi faqat “tarqatish”ni tilga olib, unda “tayyorlash” va “olib kirish” tushib qolgan. Demak, 18-xatboshida keltirilgan qoida faqat “tarqatish” holatlariga nisbatan (qanchalik mantiqsiz bo’lmasin) qo’llanilishi kerak.
Tarqatish taqiqlangan 10 maqsaddan uchtasi alohida e’tiborga molik:
- “diniy e’tiqodni o’zgartirishga da’vat qilish”: Diniy mazmundagi materiallarning ko’pida diniy e’tiqodni o’zgartirishga da’vat qilinishi tabiiy hol. Zotan, iymon keltirishga undovchi har qanday gap diniy e’tiqodni o’zgartirishga da’vat sifatida talqin etilishi mumkin. Masalan, “Islom eng oxirgi va to’g’ri din. Islom dinida bo’lmaganlar Jahannam azobiga yo’liqadilar. Shu sababli, insonlar eng to’g’ri din bo’lmish Islomni qabul qilib, uning shartlariga qat’iy amal qilishlari kerak” qabilidagi gap “diniy e’tiqodni o’zgartirishga da’vat qilish” deb bahonalinishi mumkin. Vaholanki, bu kabi jumlalar har bir diniy mazmundagi materialda uchrashi tabiiy hol.
- “dindorlarning diniy tuyg’ularini haqorat qilish yoki kamsitish”: “Haqorat” yoki “kamsitish” kabi tushunchalar ham juda keng ma’noli tushunchalardir. Eng “ehtiyotkor” ulamoning kitobidan ham boshqalarning diniy tuyg’ularini haqorat qilishi mumkin bo’lgan jumlalarni topish mumkin. Masalan, “Iso payg’ambar Allohning o’g’limi?” degan savolga Islom olimining bergan javobi, albatta, boshqalarning “diniy tuyg’usi”ni haqorat qilishi yoki kamsitishi mumkin. Yoki bo’lmasa, nasroniy yoki yahudiy diniy ta’limotiga oid materiallarda Muhammad (SAV) payg’ambar emas deb aytilishi musulmonlar uchun diniy tuyg’ularini haqorat qilish yoki kamsitish sifatida baholanishi ehtimoli yuqori.
- “qununga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikni keltirib chiqaruvchi xatti-harakatlarni amalga oshirishga undash”: Bu qoida ham juda keng va mujmal xususiyatga ega. Barcha diniy kitoblardan qonun bilan taqiqlangan xatti-harakatni qilishga “undash”ni topish mumkin. Masalan, O’zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi Qonunining 14-moddasi 5-bandi fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlarini taqiqlaydi. Ammo Islom dini ayollarning mahram bo’lmagan kishi oldida yuz va kaftlaridan boshqa hamma joylarini yopishi kerakligini buyuradi. Qolaversa, diniy ulamolarning aksariyati ham ayollar hijobda yurishlari kerakligini ta’kidlaydi. Afsuski, hijobning yuqoridagi qonun moddasi asosida diniy ibodat sifatida talqin qilinishi sud amaliyotida uchrab turibdi.
O’QING: Hijob ibodat libosimi?
Diniy mazmundagi materiallarning tarqatilishi taqiqlanishi uchun ularning yuqorida sanab o’tilgan “maqsadlar” yo’lida tarqatilgani isbotlanishi kerak. Ammo huquqshunoslikda maqsad isbotlanishi eng qiyin bo’lgan holatlardan biri hisoblanadi. Buning asosiy sababi shundaki, maqsadni aniqlash kishi aqlida nimalar kechganini topishni talab qiladi. Bu esa o’ta mushkul vazifa. Yuqorida muhokama qilingan “diniy e’tiqodni o’zgartirishga da’vat qilish” maqsadini misol tariqasida ko’rib chiqishimiz mumkin. Masalan, bir fuqaro nasroniy bo’lgan qo’shnisiga “Islom dini nima?” degan kitobni bergan payt xayolida qay maqsadni ko’zlaganini qanday aniqlash mumkin? U kitobni berish orqali quyidagi maqsadlardan birini ko’zlagan bo’lishi mumkin:
– Islom dinini qo’shnisiga tanishtirish (buni “da’vat qilish” deb talqin qilish noto’g’ri bo’ladi, chunki kitob, shunchaki, ma’lumotnoma vazifasini ham o’tashi mumkin);
– Uyida ko’payib ketgan kitoblar sonini qo’shnilariga tarqatish orqali kamaytirish (kulgili bo’lishi mumkin, ammo bu ham maqsad!);
– Qo’shnisiga o’zini dindor qilib ko’rsatish; va hkz.
Yuqoridagi misolda ko’rsatilganidek, kishilar diniy materiallarni tarqatishda turli maqsadlarni ko’zlashlari mumkin. Shuning uchun, bunday xatti-harakatni amalga oshirgan kishini aynan “diniy e’tiqodni o’zgartirishga da’vat qilish” maqsadini ko’zlaganini isbotlash juda qiyin vazifa.
9. Ikkilamchi qonun birlamchi qonundan ustun kelishi mumkinmi?
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi Qonunda Konstitutsiya oliy yuridik kuchga egaligi, uning ustunligi so’zsiz tan olinishi va Konstitutsiya mamlakatning butun hududida qo‘llanilishi belgilangan (15 va 7-moddalar). Shu bilan birga, barcha normativ-huquqiy hujjatlar va qonunlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi hamda uning normalari va prinsiplariga zid kelishi mumkin emas (15 va 7-moddalar).
O’QING: Prezident farmoni qanday huquqiy maqomga ega?
Qonunning 6-moddasiga muvofiq, mazkur Nizom qonun osti hujjati hisoblanadi. Demak u, Konstitutsiya asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinishi kerak. Qolaversa, konstitutsiyaviy huquqlarga zid kelishi mumkin emas. Nizomda o’z ifodasini topgan qoidalar esa yuqoridagi talablarni buzadi.
Masalan, Nizom kishilarning so’z va vijdon erkinligini jiddiy tarzda cheklagan. So’z va vijdon erkinligi Konstitutsiyada mustahkamlangan eng asosiy konstitutsiyaviy huquqlardan hisoblanadi. Konstitutsiyaning 29-moddasiga binoan, har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Mazkur huquq ichiga o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqi ham kiradi. Mazkur huquq faqatgina ikki holatda cheklanishi mumkin:
- Konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborotni cheklash uchun – mazkur tushuncha iloji boricha tor ma’noda talqin qilinib, o’z ichiga aniq belgilangan xatti-harakatlarni kiritishi kerak. Masalan, to’g’ridan-to’g’ri zo’ravonlik va kuch ishlatishga undovchi diniy mazmundagi materiallar;
- Qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bilan – mazkur holat ham iloji boricha tor ma’noda talqin qilinib, cheklashlar konstitutsiyaviy huquqning asosiy mohiyatiga qarshi bo’lmasligi kerak. Qolaversa, cheklovlar “qonun” bilan belgilanishi kerak. Biz ko’rayotgan holatda esa, Nizom qonun osti hujjati xalos. Demak, ushbu Nizom konstitutsiyaviy huquqlarni cheklashi bois ham Konstitutsiya, ham “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi Qonunni qo’pol tarzda buzmoqda.
Demak, Konstitutsiyaga ko’ra, agar diniy materiallar konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilmagan bo’lsa, ularni cheklovlarsiz tayyorlash, olib kirish va tarqatish mumkin. Davlat qo’shimcha cheklovlar joriy etishi mumkin. Ammo ular nizom kabi qonun osti hujjatlarida emas, balki qonunda o’z aksini topishi kerak.
Xuddi shu tahlilni fikr yuritish va uni ifodalash erkinligiga nisbatan ham qo’llasa bo’ladi. Mazkur konstitutsiyaviy huquq ham faqat ikki holatda qonun bilan cheklanishi mumkin:
- Davlat siri yoki
- Boshqa sirlarga tahdid bo’lgan holatlarda.
Demak, agar diniy mazmundagi material davlat sirlarini oshkor qilmasa, bunday materialni cheklovlarsiz tayyorlash, olib kirish va tarqatish mumkin. “Boshqa sirlar” doirasi esa qonun osti hujjati hisoblanadigan nizom bilan emas, alohida qonun bilan tartibga solinishi kerak.
Xulosa
Yuqorida muhokama qilingan muammolar sababli, mazkur Nizomnning amalda qo’llanilishi konstitutsiyaviy huquqlarning jiddiy cheklanishiga olib keladi. Nizomdagi bir-biriga muvofiq kelmagan qoidalar va noaniqliklar esa davlat organlari faoliyatinining samarasiz ishlashiga yoki vakolati doirasidan tashqarida faoliyat yuritishiga va natijada fuqarolar huquqlarining buzilishiga sabab bo’ladi. Shu bois mazkur Nizom Konstitutsiya va boshqa qonunlarga zid bo’lgani sababli bekor qilinishi kerak.
2 Comments