Konstitutsiyaviy huquq

Deportatsiya qilingan odam javobgarlikka tortiladimi?

Savol: 2 yildan beri Turkiyadaman, yashash uchun ruxsatim yo’q. Umumiy vizam ham avgust oyida tugadi. O’zbekistonga qaytib borsam, menga nisbatan javobgarlik bormi? Deportatsiya nima degani?

Javob: Konstitutsiyaviy huquq bo’yicha ensiklopedik lug’atga ko’ra, deportatsiya bu davlat organlarining qaroriga ko‘ra bir shaxsning yoki fuqarolar guruhining o‘zlarining doimiy turar joyidan majburiy ravishda ko‘chirib yuborilishi yoki mamlakatdan tashqariga chiqarib tashlash. Deportatsiya qonunlarni buzishdan, qonunsizlikka yo‘l qo‘yilishidan kelib chiqadi. Masalan, sobiq Sovet Ittifoqida bir qator xalqlar (qrim-tatarlar, chechenlar, ingushlar, qalmiqlar va boshqa shu kabilar) nemis-fashist qo‘shinlariga yordam berganlikda ayblanib, o‘z turar joylaridan haydab chiqarilgan edi.

Deportatsiya urushda g‘olib bo‘lgan davlatlar tomonidan mamlakatdagi vaziyatni izga tushirish maqsadida amalga oshirilishi ham mumkin (masalan, Sharqiy Prussiya, Polsha, Chexoslovakiya mamlakatlaridan nemislarning deportatsiya qilinishi).

Deportatsiya hozirgi davrda barcha mamlakatlar tomonidan ularning davlatiga noqonuniy kirib kelib yashayotgan shaxslarga nisbatan ham qo‘llanilmoqda.

Turkiyada bo’lish qoidalarini buzganligingiz uchun Turkiya davlati sizni deportatsiya qilishi mumkin. Odatda, yashash uchun ruxsatnomangiz yo’qligini va/yoki vizangizning muddati tugaganligini davlat organlari bilmasa, hech kim hech narsa qilmasligi mumkin. Agar Turkiyada biror noqonuniy xatti-harakat sodir qilib, politsiya va/yoki boshqa davlat xizmatchilari tomonidan ushlanganingizda yoki hujjatlaringiz tekshirilganida, Turkiyada bo’lish qoidalarini buzganligingiz aniqlansa, sizni Turkiyadan deportatsiya qilib, ya’ni chiqarib O’zbekistonga yuborishi mumkin.

O’zbekistondan chiqish qoidalarini buzmagan bo’lsangiz, ya’ni  pasport va OVIR vizasini to’g’ri rasmiylashtirgan bo’lsangiz, O’zbekistonga borgach, sizga nisbatan hech qanday javobgarlik belgilanmaydi.  Faqatgina Turkiya davlatida Turkiyada bo’lish qoidalarini buzgan bo’lasiz,  bunday xatti-harakat uchun faqatgina Turkiyada javobgarlikka tortilishingiz mumkin. Agar Turkiyda biror jinoiy xatti-harakat sodir etgan bo’lsangiz, O’zbekiston va Turkiya o’rtasidagi kelishuvga ko’ra sizga biror javobgarlik belgilanishi mumkin.

Eslatib o’tamiz, OVIR vizasi faqatgina O’zbekistondan chiqib ketish uchun olinadigan viza. Chet elda yurganingizda OVIR vizasining muddati tugagan bo’lsa ham bu hech qanday javobgarlikni keltirib chiqarmaydi. Chunki OVIR vizasi faqatgina O’zbekiston hududidan chiqib ketishingizda talab qilinadigan viza hisoblanadi.

Comments are closed.