Mehnat va jtimoiy ta'minot

Dekretga chiqsam, qancha pul olaman?

Savol: Yaqinda dekretga chiqmoqchiman. Ishlayotgan kompaniyamning buxgalteri juda makkor inson. Qanday bo’lmasin, xodimlar bilan tortishib, o’zinikini to’g’ri deb turadiganlardan. Shuning uchun hatto otpusk pullarimning ham yarmini zo’rg’a oldim, xolos. Xullas, oyligim 400 000 so’m. Dekretga necha pul bilan chiqaman?

Javob: O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 233-moddasida homiladorlik va tug`ish ta’tillari ko`rsatilgan. Ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug`ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug`ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug`ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqa to`lanadi.

Homiladorlik va tug`ish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug`ishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanilganidan qat’i nazar, ayolga to`liq beriladi.

O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 234-moddasida bola ikki va uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash uchun beriladigan ta’tillar belgilangan bo’lib, unga ko’ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi. Ayolga, uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til ham beriladi.

O`zb.Res. Mehnat kodeksi 286-moddasida homiladorlik va tug`ish nafaqasi ko`rsatilgan bo`lib, unga ko`ra, homiladorlik va tug`ish nafaqasi homiladorlik va tug`ish ta’tilining butun davrida to`liq ish haqi miqdorida to`lanadi.

Bundan tashqari, O`zb.Res. Mehnat kodeksi 287-moddasida bola tug`ilganda bir yo`la beriladigan nafaqa to`lanishi ham ko`rsatilgan.

O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2002-yil 1-apreldagi 21-son buyrug`i bilan tasdiqlangan “Davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqalar tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida”gi Nizomning 4-paragrafida homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqa tayinlash va to`lash tartibi ko`rsatilgan. Unga ko`ra, homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqa tayinlanganda ish haqining 100 foizi miqdorida beriladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqadigan bo`lsak, siz tug`ish ta’tiliga chiqsangiz ish haqingizning 100 foiz miqdoridan kam bo’lmagan homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqa olishingiz mumkin. Bundan tashqari, “Davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqalar tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida”gi Nizomning 6-paragrafida, bola tug`ilganda beriladigan bir martalik nafaqa O`zbekiston Respublikasi hududida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida berilishi ko`rsatib o`tilgan. Ish haqiga koeffisient qo`llaniladigan tumanlarda nafaqa ushbu koeffisientlarni hisobga olgan holda belgilanadi.

“Davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqalar tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida”gi Nizomning 5-paragrafida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqalarni hisoblash tartibi ko`rsatilgan. Unga ko`ra, homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqa hisoblanayotganda oylik ish haqi bilan birgalikda to`lanadigan mukofotlar va boshqalar ham inobatga olinishi ko`rsatilgan. Shu sababli biz sizga aniq qancha miqdorda homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqa to`lanishini hisoblab chiqa olmaymiz. Biroq homiladorlik va tug`ish bo`yicha nafaqa hisoblanayotganda nimalar inobatga olinishi to`g`risida “Davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqalar tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida”gi Nizomning 5-paragrafidagi ma’lumotlarni o’qib chiqishni tavsiya qilamiz.

2 Comments