Sharh

Dekabr oyida qabul qilingan qonunlar

2010-yil 3-dekabrda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 284-son “Avtomototransport vositalari uchun ro’yxatdan o’tkazish davlat raqami belgilarining yangi namunalarini bosqichma-bosqich joriy etish muddatlarini uzaytirish to’g’risida” qaror qabul qildi.

Mazkur qarorga ko’ra Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarining yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 27-iyundagi 131-son qarori 2-bandining uchinchi xatboshidagi “2011-yil 1-yanvargacha” so‘zlari “2013-yil 1-yanvargacha” so‘zlari bilan almashtirilib, avtomototransport vositalari uchun ro’yxatdan o’tkazish davlat raqami belgilarining namunalariga o’tish 2013-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.

***

2010-yil 21-dekabrda “O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish haqida” qonun qabul qilinib, unga ko’ra mazkur kodeksga quyidagicha yangi 49 prim 2-moddasi kiritildi.

“49-2-modda. Ish beruvchining o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyatini bajarmasligi

Ish beruvchining xodim o‘z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi munosabati bilan uning hayoti yoki sog‘lig‘iga etkazilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha qonun bilan belgilangan o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyatini bajarmasligi —

fuqarolarga eng kam ish haqining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — etti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.

***

2010-yil 22-dekabrda O‘RQ-271-son “O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177-moddasiga qo’shimcha kiritish to’g’risida” qonun qabul qilindi. Unga ko’ra, Jinoyat kodeksining 177-Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish moddasi quyidagi mazmundagi to’rtinchi band bilan to’ldirildi:

“Tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan shaxs javobgarlikka tortilmaydi”.

***

2010-yil 22-dekabrda O‘RQ-269-son “Rieltorlik faoliyati to’g’risida” qonun qabul qilindi. Mazkur qonun O’zbekiston Respublikasida rieltorlik munosabatlarini tartibga soluvchi ilk qonun normasi bo’lib, uning 3-moddasiga ko’ra rieltorlik faoliyati quyidagicha ta’riflanadi:

“Rieltorlik faoliyati yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulk ob’ektlariga va ularga bo‘lgan huquqlarga doir bitimlar tuzish bilan bog‘liq xizmatlarni shartnoma asosida ko‘rsatish bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatidir.

Rieltorlik faoliyati rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) asosida amalga oshiriladi. Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.”

Qonunning 5-moddasi esa rieltorga quyidagicha ta’rif beradi:

“Rieltor malaka sertifikatiga va litsenziyaga ega bo‘lgan, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxsdir.

Rieltorga litsenziya ko‘chmas mulk bozorida faqat axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatish uchun beriladi.

Rieltor o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish polisiga ega bo‘lishi kerak.”

Qonunda rieltorlik xizmatlarining turlari va ularni ko‘rsatish tartibi; rieltorlik tashkilotlari, rieltorlar hamda buyurtmachilarning huquq va majburiyatlari; rieltorlik faoliyatini axborot bilan ta’minlash; rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish shartnomasi va boshqa qoidalar o’rnatilgan.

***

2010-yil 24-dekabrda O‘RQ-273-son “O’zbekiston Respublikasining davlat ramzlari haqidagi ayrim qonun hujjatlariga va O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida” qonun qabul qilindi. Mazkur qonunga ko’ra “O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i to’g’risida”gi qonunga quyidagicha yangi moddalar kiritildi:

“5-1-modda.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilar:

O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalari davlat reestri yoki O‘zbekiston Respublikasi Davlat havo kemalari reestriga kiritilgan havo kemalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Aviatsiya ma’muriyati hisobida turuvchi eksperimental havo kemalariga;

qonun hujjatlarida belgilangan hollarda avtomototransport vositalari va ular tirkamalarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqam belgilariga;

O‘zbekiston Respublikasining asosiy chegara belgisiga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan O‘zbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida predmetlarda, o‘quv-tarbiya jarayonida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining elementi sifatida foydalanilishi mumkin.

5-2-modda.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas”.

Shuningdek, “O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to’g’risida”gi qonunga ham quyidagicha yangi modda kiritildi:

“5-1-modda.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas”.

O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga ham quyidagicha yangi modda kiritilib, O’zbekiston Respublikasi davlat ramzlari to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzishga nisbatan tegishli javobgarlik mustahkamlandi:

“203-1-modda. Davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish

O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, —

fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan etti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — etti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.

Bundan tashqari, yuqoridagi qonun hujjatlaridagi moddalar tarkibiga ko’plab o’zgartishlar kiritildi.

***

2010-yil 27-dekabrda O‘RQ-277-son “O’zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida” qonun qabul qilindi.

Mazkur qonunga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-1-moddasi endilikda “Aybdor o’z qilmishiga amalda pushaymon bo’lganida jazo tayinlash” deya nom oldi. Jinoyat kodeksining 66-moddasi esa quyidagicha tahrir qilindi:

“66-modda. Aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.

Ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida alohida ko‘rsatilgan hollarda, jinoyat sodir etgan shaxs o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinishi lozim”.

Jinoyat kodeksining 71-moddasiga ham o’zgartish kiritilib, quyidagicha tahrir qilindi:

“71-modda. Aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan bo‘lsa, sud tomonidan jazodan ozod qilinishi mumkin.

Boshqa shaxslar bilan birgalikda jinoyat sodir etishda ishtirok qilgan yoki uyushgan guruh yoxud jinoiy uyushma a’zosi bo‘lgan shaxs, agar u aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning oldini olish, jinoyatni ochish yoki uning tashkilotchilarini yoxud boshqa ishtirokchilarini aniqlash va fosh qilishga yordam bergan bo‘lsa, basharti u og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda bevosita ishtirok etmagan bo‘lsa, sud tomonidan jazodan ozod qilinishi mumkin.

Ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida alohida ko‘rsatilgan hollarda, jinoyat sodir etgan shaxs o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lgan taqdirda sud tomonidan jazodan ozod qilinishi lozim”.

Mazkur qonun O’zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga ham bir qancha o’zgartish va qo’shimchalar kiritdi. Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi birinchi qismi quyidagicha 8-band bilan to’ldirildi:

“8) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida shaxsning o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi tufayli javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilgan bo‘lsa”.

Mazkur moddaining ikkinchi qismi quyidagicha bayon etildi:

“Ushbu modda birinchi qismining 1, 2, 3 va 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda, agar ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki vafot etgan ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari talab qilsa, ishni yuritish umumiy tartibda davom ettirilishi mumkin. Bunday hollarda hukm qilish uchun asoslar mavjud bo‘lsa, ayblov hukmi jazo tayinlanmasdan chiqariladi”.

Ushbu moddaning beshinchi qismi 2-bandi quyidagi tahrir qilindi:

“2) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan bo‘lsa”.

Jinoyat-protsessual kodeksining 333-moddasi quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirildi:

“Ushbu Kodeks 84-moddasi birinchi qismining 1, 2, 3-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilishga, agar o‘ziga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risidagi masala qo‘yilgan shaxs yoki vafot etgan bunday shaxsning yaqin qarindoshlari bunga e’tiroz bildirsa, yo‘l qo‘yilmaydi”.

Mazkur qonun O’zbekiston Respublikasi Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga yuqorida keltirliganidan boshqa ko’plab o’zgartish va qo’shimchalar kiritdi.

***

2010-yil 27-dekabrda O‘RQ-275-son “Sportda dopingga qarshi kurash to’g’risidagi xalqaro konvensiyani (Parij, 2005-yil 19-oktabr) ratifikatsiya qilish haqida” qonun qabul qilindi va O’zbeksiton Respublikasi mazkur konvensiyani ratifikatsiya qildi.

Comments are closed.