Savol: Mening 10 oylik bolam bor, turmush o’rtog’im davlat ishida ishlamaydi. Men ham ishlamayman. Qaynotam va qaynonamning qaramog’idamiz. Bola nafaqasini olishga hujjat tayyorlash uchun mahallaga borsam, turmush o’rtog’ingiz davlat ishida ishlamagani uchun bolangizga nafaqa berilmaydi, deyishdi. Shu gaplari to’g’rimi ? Bola nafaqasini qanday olsam bo’ladi?
Javob: O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksining4-moddasida oilaning, onalik, otalik va bolalikning muhofaza qilinishi belgilangan. Unda O`zbekiston Respublikasida oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasida ekanligi hamda bu moddiy va ma’naviy jihatdan qo`llab-quvvatlash yo`li bilan ham ta’minlanishi ko`rsatib o`tilgan.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi, Respublika “Mahalla” jamg`armasi, Xalq bankining 2002-yil 8-fevraldagi 11/501, 32, 16 va 8-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ishlamayotgan onalarga bolani ikki yoshga to`lguncha parvarish qilish bo`yicha har oylik nafaqa tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida” Nizom mavjud bo`lib, unda 2 yoshgacha bolani parvarish qilish nafaqasi tayinlanish shartlari batafsil ko`rsatilgan. Ushbu nizomning 6-qismida bola parvarishi uchun nafaqa ona yoki uning o`rnini bosuvchi boshqa shaxs (otasi, vasiysi yoki boshqa qarindoshi) tomonidan fuqarolarni o`zini-o`zi boshqarish organlariga qilgan murojaatlari orqali bola tug`ilganidan 1 oy o’tib to`lanishi ko`rsatilgan. Nafaqa 12 oylik muddatga, lekin bola 2 yoshga to`lishi hisobga olinib tayinlanadi.
Ushbu nafaqani keyinchalik ham olishga muhtojlik bo`lsa, 12 oylik tayinlangan muddat tugashidan 1 oy oldin tegishli tartibda o`zini-o`zi boshqarish organlariga nafaqa olib turgan shaxs qayta murojaat qilsa, bola 2 yoshga to`lguncha uzluksiz nafaqa olib turish masalasi ko`rib chiqiladi.
Shuningdek, ushbu nizomnig 10 va 11-qismlarida nafaqa tayinlash shartlari ko`rsatilgan.
Nizomning 10-qismida nafaqa oilaning daromadidan kelib chiqib belgilanishi aytiladi. Oilaning daromadi hisobga olinmaydigan holatlar ham mavjud bo`lib, ular 10-qismning “a” va “b” bandlarida ko`rsatilgan:
a) oila to`liq holatda bo`lmagan sharoitda bolani tarbiyalayotgan ota yoki onaga. Bunday holatda fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari aniq holatni hisobga olib, oilasi to`liq bo`lmagan holatda bolani tarbiyalayotgan ona(ota)ga tayinlanadi.
b) nogiron bolani tarbiyalayotgan ona(yoki o`rnini bosuvchi shaxs)ga. Bunda qaysi bolasi nogiron ekanligi muhim emas.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2002-yil 26-iyundagi 70, 11/2001-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Voyaga yetmagan bolalari bo`lgan oilalarga nafaqa to`lashni moliyalashtirish tartibi to`g`risida”gi Nizomda ham voyaga yetmagan bolalar uchun nafaqa tayinlash shartlari ko`rsatilgan. Ushbu nizomga asosan, ushbu nafaqaga muhtoj tug`ishgan, farzandlikka olingan, vasiylikdagi 16 yoshgacha (umumta`lim maktablarida, akademik litseylarda, kasb-hunar kollejlarida o`qiyotgan 16 yoshdan 18 yoshgacha bo`lganlar ham) bo`lgan bolalari bo`lgan oilalarga tayinlanadi. Bu nafaqani olish uchun mahalla fuqarolar yig`iniga ariza bilan murojaat qilasiz. “Voyaga yetmagan bolalari bo`lgan oilalarga nafaqalar tayinlash va to`lash tartibi bo`yicha” Uslubiy ko`rsatmalarda nafaqaga muhtoj oilalarni ro`yxatga olish bo`limida arizada ko`rsatilishi kerak bo`lgan ma’lumotlar ko`rsatilgan. Unga ko`ra, arizada nafaqa nima sababdan kerakligi, oila a’zolaringiz, daromad miqdoringiz ko`rsatilishi kerak. Daromad miqdori ko`rsatilayotganda murojaat qilingan oydan oldingi oila a’zolarining 12 oylik daromadi, shuningdek, dehqon xo`jaligidan olingan daromad ko`rsatilishi tavsiya etiladi. Nafaqa olish uchun ariza doimiy ro`yxatda turadigan joyingizdagi o`zini-o`zi boshqarish organi(mahalla qo`mitasi)ga topshiriladi. Agar oilangiz obyektiv holatlarga ko`ra doimiy ro`yxatda turgan joyda yashamasa, unda nafaqa tayinlanishi uchun siz doimiy ro`yxatda turgan joyingizdan ushbu nafaqani olmayotganingizni tasdiqlovchi hujjat(mahalla qo`mitasidan ma’lumotnoma) taqdim etishingiz kerak.
Mahalla fuqarolar yig`ini tarkibidagi komissiya oilaviy va moddiy ahvolingizni o`rganib chiqib nafaqa tayinlash yoki tayinlamaslik haqida qaror qabul qiladi. Bunda “Voyaga yetmagan bolalari bo`lgan oilalarga nafaqalar tayinlash va to`lash tartibi bo`yicha” Uslubiy ko`rsatmalarda ko`rsatilgan tartibda nafaqaga muhtojlik aniqlanadi. Uslubiy ko`rsatmada muhtojlik oila a`zolarining umumiy daromadiga qarab aniqlanishi ko`rsatilgan. Bunda barcha manbalardan, oylik maosh, bajarilgan ish uchun to`langan to`lov, nafaqa, stependiya, moddiy yordam va boshqalardan olingan daromad ko`rsatilishi shartligi belgilangan.
Yuqorida keltirilgan ma`lumotlardan xulosa qiladigan bo`lsak, sizning turmush o`rtog`ingiz davlat ishida ishlashi, xususiy ish bilan shug`ullanishi yoxud ishlamasligidan qat’i nazar, oilangiz ushbu nafaqaga muhtojligi aniqlansa, bolangiz 2 yoshga to`lguncha nafaqa olishingiz mumkin. Turmush o`rtog`ingiz davlat ishida ishlamaganligi uchun nafaqa tayinlashni rad etish asossiz hisoblanadi. “Ishlamayotgan onalarga bolani ikki yoshga to`lguncha parvarish qilish bo`yicha har oylik nafaqa tayinlash va to`lash tartibi to`g`risida”gi Nizomda ko`rsatilgan shartlarga oilaviy ahvolingiz to`g`ri kelsa, ushbu masalani mahalla fuqarolar yig`ini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko`rib chiqishi kerak. Zero, ushbu masala “Fuqarolarning o`zini–o`zi boshqarish organlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunining 10-moddasida belgilanganidek, mahalla fuqarolar yig`inining vakolatiga kiradi. Oilaviy ahvolingizni fuqarolarni o`zini-o`zi boshqarish organlaridagi maxsus komissiya o`rganib chiqadi. Xususiy sohadami yoki davlat ishida ishlashidan qat’i nazar, ishlamayotgan onalarga bolani parvarishlash uchun nafaqa tayinlashda oilaning birgalikdagi umumiy daromadi, oilaning har bir a’zosiga taqsimlaganda, o`rtacha oylik eng kam ish haqining 1,5 baravari miqdoridan oshmasa, nafaqa tayinlanishi ko`rsatilgan.
O`rtacha oylik ish haqi miqdori belgilangan eng kam ish haqidan kelib chiqib, qonunchilikda ko`rsatilgan tartibda nafaqa uchun murojaat qilingan oydan oldingi 3 oyligidagi eng kam ish haqidan kelib chiqib belgilanadi.
Agar sizning masalangizni ko`rib chiqishni asossiz rad etishsa yoki qonun buzilishi holatlarini sezsangiz, sud yoki prokuratura organlariga murojaat qilishingiz mumkin.
4 Comments