Savol: Assalomu alaykum. Iltimos, GAI xodimlari bilan bo’ladigan rasmiyatchiliklar tartibi haqida ma’lumot bersangizlar. Ya’ni, masalan, siz qoidani buzdingiz va GAI xodimi sizni to’xtatdi. Shunda haydovchilik guvohnimasini olib qo’yish qonuniymi yoki o’sha joyning o’zida jarima to’lashga haqqimiz bormi? Xullas, shunga bog’liq qonun-qoidalarni keltirib o’tsangiz. Haydovchilarga juda foydali bo’lardi.
Javob: O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2000-yil 23-aprelda 87-son bilan tasdiqlangan “Yo’l harakati qoidalarini buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko’rib chiqishni tashkil etish haqida”gi yo’riqnomada quyidagilar belgilangan:
“2. Yo‘l harakati qoidalarining buzilishi haqidagi hujjatlarni rasmiylashtirish
2.1. Qoidalarni buzgan shaxslarga nisbatan Davlat Yo’l Harakati Xavfsizligi Xizmati xodimi ma’muriy bayonnoma (1-ilova) rasmiylashtiradi.
Izoh: Harakatni tartibga solishga vakolatli bo’lgan va xizmat vazifasini o’tayotgan militsiya xodimi (DYHXX xodimi tomonidan tashqari), harbiy avtomobil nazoratining mansabdor shaxsi va harakatni tartibga solishga vakolati bo’lgan boshqa mansabdor shaxlar xizmat vakolatini amalga oshirishga mo’ljallangan bayonnoma varaqalaridan foydalanadilar. Unda ishni to’liq hal etish uchun zarur ma’lumotlarni ko’rsatishlari shart.
2.2. Qoidaning buzilishiga doir ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi bayonnomada quyidagi ma’lumotlar ko’rsatiladi:
2.2.1. Bayonnoma tuzilgan sana, vaqt va joy, bayonnomani tuzgan xodimning lavozimi, ko’krak nishon belgisi, familiyasi, ismi-sharifi.
2.2.2. Huquqbuzarning ismi-sharifi, otasining ismi, yashash va ish joyi, tug’ilgan yili, transport vositasi rusumi, davlat raqam belgisi, tegishliligi va ro’yxatga olingan joy (ushbu ma’lumotlar huquqbuzarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar va transport vositasining hujatlari asosida to’ldiriladi).
2.2.3. Qoidaning buzilgan bandi, huquqbuzarlikning tafsiloti, ushbu huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi Kodeksning moddasi.
2.2.4. Agar guvohlar yoki xolislar va jabrlanuvchilar bo’lsa, ularning familiyalari va yashash manzillari.
2.2.5. Huquqbuzarning tushuntirishi, ishni hal qilish uchun zarur bo’lgan boshqa ma’lumotlar.
2.2.6. Huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan shikast.
2.2.7. Telefon raqami va rusumi.
Izoh: Ushbu band faqatgina O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 128-1-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun taalluqli.
Tashabbus izohi:
Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksdan:
“128-1-modda. Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi
Transport vositasini boshqarish vaqtida haydochilarning telefondan foydalanishi, — eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo’ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo’llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo’lsa, – eng kam ish haqining ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oygacha muddatga mahrum etishga sabab bo’ladi”.
2.3. Bayonnoma uni tuzgan va ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar tomonidan imzolanadi, guvohlar, xolislar va jabrlanuvchilar bo’lgan taqdirda esa bayonnoma ular tomonidan ham imzolanadi.
Huquqbuzarlik sodier etgan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda bayonnomaga bu haqda uni tuzgan shaxs tomonidan yozib qo’yiladi. Huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bayonnomaning mazmuni yuzasidan bayonnomaga o’z fukr-mulohazalarini yozib qo’yishga, shuningdek mazkur bayonnomaga imzo chekishdan bosh tortish sabablarini bayon etishga haqlidir.
2.4. Basharti shaxs o’zi sodir etgan huquqbuzarlikni tan olsa va unga shu joyning o’zida solinadigan jarimaning miqdori eng kam ish haqining bir baravaridan oshmasa, jarimani joyida to’lash imkoniyati bo’lsa, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan o’zga hollarda bayonnoma tuzilmaydi.
Jarima to’langanligi to’g’risida huquqbuzarga belgilangan shakldagi jarima kvitansiyasi beriladi (2-ilova).
Jarimani joyning o’zida undirib olishning imkoniyati bo’lmagan yoki shaxs o’zi sodir etgan huquqbuzarlikni tan olmagan taqdirda yoxud jarimaning miqdori eng kam ish haqining bir barobaridan oshsa, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. Bunda huquqbuzarlik sodir etishda ayblanayotgan shaxsning joyida jarima to’lashga imkoniyati yo’qligi yoki inspektorning xatti-harakatidan norozi ekanligi aks ettiriladi, huququzarga haydovchilik guvohnomasi va taloni qaytarib beriladi.
2.5. Basharti aynan bir huquqbuzarlik bir necha shaxs tomonidan sodir etilgan bo’lsa, bayonnoma har bir huquqbuzar uchun alohida tuziladi.
2.6. Bayonnoma tuzish chog’ida huquqbuzarga uning huquq va burchlari hamda ushbu ma’muriy ish qayerda va taxminan qachon ko’rilishi tushuntirilib, bu haqda bayonnomaga yozib qo’yiladi.
2.10. Haydovchi amaldagi qonunlarga muvofiq transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan taqdirda huquqbuzardan uning ishi yuzasidan qaror chiqarilgunga qadar transport vositasi boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi olib qo’yiladi va bu haqda bayonnomaga, shuningdek haydovchilik guvohnomasining taloniga yozib qo’yilib, talon transport vositasi haydovchisiga qaytarib beriladi.
Basharti mazkur bandning birinchi qismida qayd etilgan huquqbuzarlik bo’yicha ma’muriy ish ko’rib chiqilayotgan davr mobaynida yana transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda, huquqbuzarning haydovchilik guvohnomasi taloni olinib, unga vaqtinchalik ruxsatnoma beriladi.
Haydovchilik guvohnomasi olingan kundan boshlab uning talonidan, talon olingan kundan boshlab vaqtinchalik ruxsatnomadan 30 kun muddat davomida foydalanishga ruxsat etiladi.
Izoh: oxirgi o’ttizinchi kun soat 24-00 ga qadar foydalanish mumkin.
2.11. Haydovchilik guvohnomasi yoki taloni boshqa hududda olinib, haydovchi istiqomat qilayotgan yoki transport vositasi ro’yxatga olingan joydagi DYHXX idoralariga o’z vaqtida yetib kelmagan va transport vositasini boshqarishga ruxsat beruvchi haydovchilik guvohnomasi talonining yoki vaqtinchalik ruxsatnomaning amal qilish muddati tugab qolgan holatlarda ularning muddatini uzaytirish shu DYHXX idoralarining ma’muriy amaliyot inspektori yoki bunday vazifa yuklatilgan xodim tomonidan amalga oshiriladi.
2.11.1. Agar haydovchi safarda bo’lsa, u taqdim etgan tegishli hujjatlar yoki ma’lumotlar asosida o’sha hududdagi Yo’l harakati xavfsizligi xizmati boshqarmasi ma’muriy amaliyot bo’imi boshlig’i, uning o’rinbosari, ma’muriy amaliyot bo’yicha katta inspektori, tuman (shahar) ichki ishlar bo’limlarida avtomototransport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish qoida va me’yorlariga amal qilishning nazorati bo’yicha bo’linmasi boshlig’i, avtomototransport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish qoida va me’yorlariga amal qilishning nazorati katta inspektori yoki ma’muriy huqqubuzarlik bo’yicha materiallarni ko’rib chiqish bo’yicha katta inspektori (inspektori) tomonidan haydovchilik guvohnomasi talonining yoki vaqtinchalik guvohnomaning amal qilish muddati uzaytirib beriladi.
Izoh: talonni yoki vaqtinchalik ruxsatnomani muddati uzaytirilganda “Yashash joyiga yetib olguniga qadar” deb yozib, muddat qo’yib beriladi. Uzaytirish muddati 10 kundan oshmasligi kerak.
2.11.2. Transport vositalarini boshqarishga ruxsat beruvchi haydovchilik guvohnomasi talonining yoki vaqtinchalik ruxsatnomaning uzaytirish muddati 30 kundan oshib ketmasligi kerak (2.12-banddagi holatlardan tashqar).
Izoh: 10 kungacha (3 marotaba) muddatgacha uzaytirish mumkin.
5. Yo’l harakati qoidalarining buzilishi to’g’risidagi ishlar yuzasidan chiqarilgan qarorlarni ijro etish
5.1. Basharti Kodeksda va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida o‘zgacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, ma‘muriy jazo qo‘llanish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan paytdan boshlab ijro etilishi lozim.
5.2. Jarima tarzidagi ma‘muriy jazo O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda ijro etiladi. Jarima to‘lash tartibi huquqbuzarlarga qarorni topshirish chog‘ida tushuntiriladi.
5.3. Jarima to‘langanligi haqidagi kvitantsiya yoki to‘lov topshirig‘ining nusxasi taqdim etilgach, huquqbuzarning vaqtinchalik ruxsatnomasi olinib, kvitansiya yoki to‘lov topshirig‘ining nusxasi bayonnomaga birkitib qo‘yiladi, haydovchilik guvohnomasi va taloni unga qaytarib beriladi.
5.4. Agar jarima Kodeksning 126, 128, 128-1, 128-2-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun solingan bo‘lsa, bu haqda belgilangan tartibda haydovchilik guvohnomasi taloniga belgi qo‘yiladi.
5.5. Jarimani huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida undirib olish mumkin bo‘lmagan taqdirda qaror chiqarilmasdan huquqbuzarga ma‘muriy bayonnoma tuzilib, hujjatlar transport vositasi doimiy (vaqtincha) ro‘yxatga olingan joyda ko‘rib chiqish uchun yuboriladi”.
Tashabbus izohi: Yo’l harakati xavfsizligiga bog’liq huquqbuzarlik sodir etilganda DYHXX xodimi yoki yuqoridagi Yo’riqnomada keltirilgan muqobil shaxslar huquqbuzarning shaxsnini tasdiqlovchi hujjatlarni, transport vositasi hujjatlarini, haydovchilik guvohnomasini, haydovchilik guvohnomasi talonini olib tekshiradi. Sodir etilgan huquqbuzarlikning turiga qarab haydovchilik guvohnomasi taloniga tegishli ma’lumotlarni yozib qo’yishi mumkin. Haydovchilik guvohnomasi taloniga shunday yozuvlar kiritilganidan so’ng bir yil davomida yana shu turdagi yo’l harakati xavfsizligi huquqbuzarligi sodir etilsa, haydovchilik guvohnomasi taloni olib qo’yilib, vaqtinchalik guvhonoma beriladi. Yuqoridagi qoidalardan boshqa hollarda haydovchilik guvohnomasi yoki talonining yoxud boshqa hujjatlarning olib qo’yilishi noqonuniy holat hisoblanadi. Agar shunday hol yuz bergan bo’lsa, tegishli tarzda bunday xatti-harakatni sodir etgan DYHXX xodimi yoki uning muqobilidagi shaxslar ustidan shu organ rahbari nomiga shikoyat qilish kerak.
O’zbekistonda haydovchilar jarimani faqat kassaga to’lashi haqidagi qonunchilik normasi 4-yanvardan kuchga kirdi. 2012-yil 29-dekabrda O’zbekiston prezidenti imzolagan “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi qonun Ma’muriy javobgarlik haqidagi kodeksni ham o’z ichiga oladi. Mazkur kodeksning tuzatilgan variantidan yo’l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga naqd pulda jarima to’lash haqidagi band olib tashlangan. Shu kunga qadar yo’l harakati qoidasini buzgan haydovchilar e’tiroz bildirmasa, bir oylik eng kim ish haqidan kam bo’lgan jarimani naqd pulda inspektorga to’lashiga ruxsat berilgan edi. Yangi tartibga muvofiq Yo’l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi inspektorlari endi faqat piyodalardan naqd pulda jarima olishlari mumkin.
8 Comments