Ommaviy axborot vositalarida Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani Tuyabo‘g‘iz shaharchasida yashovchi 68 yashar otaxonning mayitini musulmonlar ham, nasroniylar ham o’z qabristonlarida dafn qilishga ruxsat bermagani haqida habarlar paydo bo’ldi. Sabab sifatida otaxonning olti yil avval Islom dinidan chiqib, “Iegova guvohlari” sektasiga a’zo bo‘lgani aytiladi. Oila a’zolari mayitni vafot etgan kundan ikki kun o’tgandan keyingina ancha uzoqda joylashgan nasroniy qabristoniga ko’mishga muvaffaq bo’lishgan. Shunga o’xshash holat “Arosat” nomli kinofilmda ham tasvirlangan. Kinofilmda Islom dinidan qaytgan ayolni dafn etish bilan bog’liq bo’lgan sarsongarchilik va qiyinchiliklar tasvirlangan.
Yuqorida tilgan olingan holatlar faqatgina dafn etish qonun-qoidalari haqida emas. Ularning ahamiyati mamlakatimizda har bir kishiga kafolatlangan sha’n va qadr-qimmatning hurmat qilinishi, vijdon erkinligi va davlat hokimiyatining dunyoviyligi kabi konstitutsiyaviy qoidalarga bevosita aloqadorligi bilan belgilanadi.
Insonning sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi. Mazkur printsipga ko’ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadi. Shu sababli dafn etish qonun-qoidalarida mayit va uning oila a’zolari istaklariga birlamchi e’tibor beriladi. O‘zbekiston Respublikasining “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida” Qonuning (bundan keyin Qonun) 7-moddaga binoan, har bir insonga uning o‘limidan keyin jasadini vafot etgan shaxsning xohish-irodasini inobatga olgan holda ushbu Qonunga muvofiq dafn etish va dafn etish uchun joyni tekin berish kafolatlanadi.
Vafot etgan shaxsning jasadiga munosib munosabatda bo‘lishga doir harakatlar, agar xohish-irodani bajarish mumkin bo‘lmaydigan holatlar yuzaga kelmagan bo‘lsa yoki qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, uning xohish-irodasiga to‘la muvofiq ravishda amalga oshirilishi lozim. Vafot etgan shaxsning xohish-irodasi mavjud bo‘lmagan taqdirda vafot etgan shaxsning oila a’zolari dafn etish tartibiga ijozat berish huquqiga ega.
Demak mayit xohish-irodasiniga to’la muvofiq ravishda amal qilish qoidasiga faqat ikki holatda cheklanish mumkin:
- Xohish-irodani bajarishga to’sqinlik qiladigan holatlar yuzaga kelganda;
- Qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanganda.
Kishining bir dindan ikkinchisiga o’tganidan keyin vafot etishi uning u yoki bu qabristonda dafn etilishiga ruxsat berishda e’tiborga olinadigan holatlardan biri deb belgilanmagan. Ammo, qonunchilikda an’analar, urf-odatlar va udumlar “hisobga olinishi” aytiladi. Masalan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Dafn etish joylarini saqlash, ulardan foydalanish va qabr usti yodgorliklarini o‘rnatish tartibi to‘g‘risida” Nizomning 34-xatboshida qabristonlarda dafn etish mazkur mintaqa aholisining an’analari, urf-odatlari va udumlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi deyiladi. Biroq, mazkur qoida diniy e’tiqodini o’zgartirgan kishini u yoki bu qabristonda dafn etilishini ta’qiqlash uchun asos bo’lmaydi. Zero Nizomning 36-xatboshisiga ko’ra, dafn etish ruxsatini olish uchun faqat bitta asosiy shart mavjud – fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari tomonidan berilgan o’lim to’g’risidagi hujjatning taqdim etilishi. Mayitning qayerda dafn etilishi esa asosan marhumning yoki uning oila a’zolari tomonidan beriladigan qaror.
Vijdon erkinligining kafolatlanishi
Dinini o’zgartirgan kishini u yoki bu qabristonda dafn etilishini ta’qiqlash vijdon erkinligi kafolatlarini ham buzadi. Konstitutsiyaning 29-moddaga muvofiq, har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. 31-moddada esa hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi aytiladi. Bu degani, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga egadir. Dinini o’zgartirgan kishi vafot etgandan keyin mayit dafn etilishi bilan bog’liq bo’lgan sarsongarchiliklarning mavjud bo’lishi kishining xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini qo’pol ravishda buzadi.
Shu bilan birgan, yuqorida tilga olingan xodisalardagi holat dini va e’tiqodi sababli kishining kamsitilishi deb ham baholanishi kerak. Zero Konstitutsiyaning 18-moddasiga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi aytiladi. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat printsiplariga mos bo‘lishi shart deb belgilanadi.
Qolaversa, marhumni dafn etishda uning diniy qarashlari asosiy me’zon deb olinadigan bo’lsa, har bir din va e’tiqodga moslab qabristonlar tashkil etishga to’g’ri keladi. Buni amalga oshirishning amaliy muammolari bilan birga, axloqiy hijatlari ham bor. Masalan, kim qanchalik musulmon yoki nasroniy ekanligi haqida kim qaror beradi? Alaviylar, Ahmadiylar, Iegova guvohlari va boshqa e’tiqodlarning an’anaviy Islom yoki Nasroniylikka qanchalik mosligi haqida kim qaror beradi? Ateizm yoki satanizm tarafdorlaring dafn etilishi qanday tartibga solinadi? Vijdon erkinligi eng asosiy konstitutsiyaviy printsiplardan biri bo’lgani uchun, bu savollarga javobni davlat organlari yoki alohida mansabdor shaxslar emas, marhum yoki uning oila a’zolari javob berishlari kerak. Bu savollar hozircha javobsiz qolgani uchun mayit yoki uning oila a’zolari azob chekmasligi kerak. U yoki bu an’anaviy dinga tegishli bo’lmagan e’tiqodda bo’lgan marhumning dafn etilishiga har qanday to’siq yaratgan davlat organi va mansabdor shaxslar qonuniy javobgarlikka tortilishi kerak.
Qonuniylik prinsipi
Konstitutsiya mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi asosiy hujjat bo’lgani uchun, barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning hatti-harakatlari Konstitutsiya va qonunlarga qat’iy rioya etishi kerak. Konstitutsiyaning 15-moddasida davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar deyiladi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansurning aytishicha, mahalliy imom shariat qonunlari doirasida harakat qilgan. Abdulaziz Mansurga ko’ra, Islom ta’limotiga ko’ra, boshqa din vakillari vafot etganda, ularning murdasi musulmonlar qabristoniga qo‘yilmaydi, qo‘yilgan taqdirda esa ko‘chirib qo‘yilishi kerak. Ammo amaldagi qonunchilik mayitni qayerda dafn etish yoki etmaslik bo’yicha masalani hal etishni diniy ulamolar zimmasiga yuklamaydi. Shunday ekan, diniy ulamolari tomonidan bunday qaror olishni o’z zimmalariga olishlari jiddiy qonunbuzarlik hisoblanadi. Yuqorida tilgan olingan xodisalarda mahalla imomi marhum otaxonning mayiti musulmonlar qabristoniga dafn etilishiga ruxsat bermagan. Uy yaqinida joylashgan nasroniylar qabristoni mutasaddisi ham shunday yo’l tutgan. Mazkur harakatlar O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 205 (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) yoki 206 (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) moddalariga asosan jinoyi javobgarlikka tortilishlariga sabab bo’lishi mumkin.
Xulosa o’rnida
O’zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat. Unda fuqarolarning huquq va erkinliklariga, sha’ni va qadr-qimmatiga tegishli bo’lgan masalalar bo’yicha qarorlar u yoki bu diniy ta’limotga asoslanib qabul qilinmaydi. Ijtimoiy masalalarni hal etishda diniy ta’limot va qadriyatlar e’tiborga olinishi mumkin, ammo hal qiluvchi mavqega ega emas. Shu sababli, dunyoviylik tamoyiliga asoslangan mamlakatimizda jamoat joylarida diniy libosda yurishni ta’qiqlash qanchalik noto’g’ri bo’lsa (davlatning kishilarning shaxsiy diniy hayotiga haddan tashqari aralashishi hisoblangani uchun), marhumni u yoki bu joyda daft etishga ruxsat berishda amaldagi qonunchilikka asoslanmasdan, faqat diniy ta’limotga asoslanib qaror berish ham shunchalik notog’ri.