Savol: O’zbekistonda doimiy ro’yxatdan o’tgan va respublika hududida doimiy ishlab kelayotgan chet el fuqarolarining pensiyaga chiqish va pensiya olish tartibi qanday?
Javob: O’zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi qonunining 1-moddasiga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, basharti, davlatlararo bitimlar (shartnomalar)da o‘zgacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda pensiya olish huquqiga egadirlar.
Ushbu qonunning 6-moddasida O‘zbekiston Respublikasi bilan boshqa davlatlar o‘rtasidagi ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi bitimlar (shartnomalar)da mazkur Qonundagidan boshqacha qoidalar nazarda tutilgan hollarda, ana shu bitimlar (shartnomalar)da belgilangan qoidalar tegishli ravishda qo‘llanilishi belgilangan.
Demak, davlatlararo shartnoma yoki bitimlarda boshqa qoidalar belgilanmagan bo’lsa, O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining pensiyaga chiqish va pensiya olish tartibi to’g’risidagi qoidalar O’zbekistonda doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga nisbatan ham birdek qo’llaniladi.
Davlat pensiyasini olish tartibi va boshqa qoidalar to’g’risida O’zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi qonunidan batafsil ma’lumot olish mumkin.