Savol: Qo’shni davlat fuqarosi bo’lgan bir tanishim O’zbekistonda ta’lim olish niyatida. Shu xususda bafurja ma’lumot bersangiz. Qo’shni davlat fuqarosi bo’lgan talabalarga byudjetda o’qish imkoniyati bormi? Ular O’zbekiston fuqarosi bo’lishi osonmi?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 4-avgustdagi 169-son qaroriga ilova sifatida qabul qilingan “Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibi to‘g‘risida” nizomga ko’ra, xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida hamda, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Tanishingiz o’z davlati va O’zbekiston davlati o’rtasida tuzilgan maxsus ta’lim dasturi shartnomasi asosida O’zbekistonda ta’lim olsagina ta’lim olish uchun to’lovlar boshqa manbalardan to’lanishi mumkin. Ammo qolgan barcha hollarda chet ellik talabalar to’lov-kontrakt asosida o’qishga qabul qilinadi. Faqat O’zbekiston Respublikasi fuqarolari O’zbekiston davlat granti bilan ta’lim olish huquqiga ega. O’zbekistondagi ta’lim muassasalarida O’zbekiston fuqarolari uchun o’rnatilgan to’lov miqdorlaridan farqli ravishda xorijiy talabalar uchun bu miqdorlar ko’proq qilib belgilangan.
Oliy o‘quv yurtlariga umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ma’lumotiga muvofiq bo‘lgan ma’lumotga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin. Xorijiy fuqarolar oliy o‘quv yurtlariga kirish test sinovlari natijalariga ko‘ra qabul qilinadi. Xorijiy fuqarolarning test sinovi topshirishi uchun ruxsatnoma O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan beriladi. O‘qishni tugatgandan keyin xorijiy fuqarolarga ma’lumoti to‘g‘risida belgilangan namunadagi tegishli hujjatlar beriladi.
O‘qish uchun kelgan xorijiy fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tadilar. Tibbiy tekshiruvdan o‘tish tartibi va mavjudligi aniqlangan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun ruxsat berilmaydigan kasalliklar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Hujjatlarning ro‘yxati va ularni taqdim etish tartibi
Xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tegishli ta’lim muassasasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
o‘qishga qabul qilish haqida ariza;
o‘rganilgan fanlar va ular bo‘yicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko‘rsatilgan ma’lumoti haqidagi hujjatlarning asl nusxalari va notarial tasdiqlangan nusxalari;
referat yoki e’lon qilingan ishlarning rasmiy ravishda tasdiqlangan ro‘yxati (aspiranturaga kiruvchilar uchun);
sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa;
milliy pasport (amaldagi vizasi bilan) yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
4 x 6 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat.
“Oliy o’quv yurtlari talabalariga stipendiya to’lash tartibi va miqdorlari to’g’risida” Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko’ra, stipendiyalar faqat O’zbekiston Respublikasi fuqarolari bo’lgan talabalarga to’lanadi.
O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish to’g’risida batafsil ma’lumot olish uchun quyidagi maqolani o’qishni tavsiya qilamiz: