Fuqarolik huquqi

Chet ellik bilan tuzilgan nikohdan qanday ajrashish mumkin?

Savol: Man chet elda Albaniya mamlakatida turmushga chiqqanman, alban fuqarosiga. O’zbekistonda ularning elchixonasi yoq. Qanday qilib u bilan ajrashsam bo’ladi? Oramizda bitta farzand bor. Hozir man Toshkentdaman. Aytishlaricha, ZAGS bo’yicha men hali turmushga chiqmaganman. Demak, menga ajrashish kerak emasmi, agar yana turmushga chiqmoqchi bo’lsam?

Bolamni otasining familiyasidan chiqarsam bo’ladimi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi O’zbekiston fuqarosi bilan chet ellik fuqarolar o’rtasida chet davlat qonun-qoidalari asosida tuzilgan nikohni, agar u O’zbekistondagi nikoh tuzish qoidalariga qarshi bo’lmasa, tan oladi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish Qoidalariga ko’ra, O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy davlatlarning vakolatli muassasalari tomonidan berilgan fuqarolik holatlarini tasdiqlovchi hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining gerbli guvohnomalariga almashtirilishi mumkin.

Hujjatlarni almashtirish fuqarolarning yozma arizalariga ko‘ra doimiy yashash joylaridagi FHDYO organlari tomonidan ushbu hujjatlar va ularning belgilangan tartibda legallashtirilgan yoki apostil qo‘yilgan holda tarjimalari asosida, hujjatning berilgan vaqti va joyini ko‘rsatgan holda va tiklangan dalolatnoma yozuvlarini qayd etish orqali amalga oshiriladi.

Siz chet elda xorijlik fuqaro bilan tuzilgan nikohdan ajrashmoqchi bo’lsangiz, O’zbekistonda o’zingiz yashab turgan joydagi fuqarolik ishlari bo’yicha sudga nikohni bekor qilishni so’rab murojaat qilishinigiz mumkin. Oila kodeksining 236-moddasiga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi, shuningdek, chet el fuqarolari o‘rtasidagi nikohdan ajratish O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. O’zbekistonda turib chet eldagi eringiz bilan nikohdan ajrashmoqchi bo’lib sudga ariza berganingizda, eringiz O’zbekiston hududida bo’lishi shart emas. Sudga ariza bergach, sudning o’zi chet eldagi javobgarga sud ishi, undagi nizo mazmuni va sud majlisining vaqti haqida varaqa yuboradi. Agar ikki marta chaqiruv qog’ozi javobgar eringizga yuborilib, uning chaqiruv qo’g’ozini olganligi ma’lum bo’lsa va u uzrsiz sabablarga ko’ra ikki marta sudda hozir bo’lmasa, sud ishni erning ishtirokisiz ko’rib, sirtdan hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.

Farzandingiz familiyasini o’zgartirish uchun o’zingiz yashab turgan tumandagi FHDYO organiga murojaat qilishingiz lozim.

Agar 16 yoshga to‘lgan shaxs pasport yoki pasport o‘rnini bosuvchi shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat olgunga qadar familiyasi, ismi, otasining ismini o‘zgartirish haqida ariza bersa, unda arizaga tug‘ilganlik haqida guvohnoma va tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi nusxasi ilova qilinadi.

Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizalar “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga binoan, agar familiya eshitilishda yoqimsiz bo‘lsa;

millatiga to‘g‘ri kelmasa yoki FHDYO organi tomonidan uzrli deb topilgan boshqa holatlarda ko‘rib chiqiladi.

Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:

a) ariza

b) bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;

e) 1 dona (3 x 4 o‘lchamli) fotosurat.

Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza 45 kun mobaynida ko‘rib chiqilishi kerak.

Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.

2 Comments