Konstitutsiyaviy huquq, Maqolalar

Chet elga chiqish pasportini joriy etish to‘g‘risidagi qaror loyihasi: cheklovlar qonuniymi?

Oʻzbekistonda xorijga chiqish stikerlarining bekor qilinishi va xorijga chiqish uchun yangi pasport joriy etilishi haqida ilk bor prezidentning 2017-yil 16-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqish pasportini joriy etish toʻgʻrisida”gi farmonidaaytilgan edi. Mazkur farmon talablarini bajarish uchun joriy yilning 8-iyul kuni Oʻzbekiston pasport tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari toʻgʻrisidagi qaror loyihasi muhokama uchun hukumat portalida eʼlon qilindi. Afsuski, “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunning 9-moddasi talablariga zid ravishda loyiha oʻzbek tilida emas, faqat rus tilida berilgan.

Qaror loyihasida, jumladan, 2019-yilning 1-yanvaridan Oʻzbekiston fuqarolariga chet elga chiqishlari uchun ikki yillik xorijga chiqish stikerlari oʻrniga 10 yillik chet elga chiqish pasporti joriy etilishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, loyihaning 3-bobi chet elga chiqish huquqini cheklash holatlarini ham sanab oʻtadi (“Глава 3. Ограничения в праве на выезд за границу”).

Yangi koʻrinishdagi pasport va mamlakat ichkarisida ishlatiladigan ID kartaning joriy etilishi qanchalik toʻgʻriligi yetarlicha muhokama qilindi. Mazkur maqolada esa eʼtiboringizni qonun loyihasining amaldagi qonunchilikka koʻra qonuniyligiga qaratamiz. 

Chet elga chiqish huquqi

Konstitutsiyaning 28-moddasiga binoan Oʻzbekiston fuqarosi Oʻzbekistonga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir. Demak, kishining chet elga chiqishi uning konstitutsiyaviy huquqi boʻlib, mazkur huquq faqat qonun asosida cheklanishi mumkin.

“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonunning 6-moddasiga koʻra vazirlik va idoralarning buyruq va qarorlari qonunosti hujjati hisoblanadi. Muhokama qilinayotgan hujjat esa oʻz nomi bilan qaror, yaʼni ijro hokimiyati qabul qiladigan hujjat boʻlib, qonun emas, qonunosti hujjati hisoblanadi. Demak, mazkur qaror qonun maqomiga ega boʻlmagani uchun unda qanday qoida belgilangan boʻlishidan qatʼi nazar, uning asosida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari cheklanishi mumkin emas.

Qolaversa, 2017-yil 7-fevralda 2017—2021-yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasi qabul qilindi. Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilishi kerak boʻlgan choralar ilovada berilgan, uning 76-bandida “alohida asoslar boʻyicha xorijga chiqish huquqini sud tomonidan cheklash tartibini kiritish” vazifasi belgilangan. Yaʼni chet elga chiqish huquqi ijro hokimiyati tomonidan cheklanishi noqonuniy boʻlib, mazkur vakolatni faqat sud hokimiyati amalga oshirishi mumkin. Shunga qaramasdan muhokama qilinayotgan chet elga chiqish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi yuqoridagi talabni qoʻpol ravishda buzib, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqini sovet davridan qolib ketgan “maqsadga muvofiq emas” bahonasi bilan ikki yilga cheklashni nazarda tutadi. 

Konstitutsiyaning qonun osti hujjatlaridan ustunligi

Konstitutsiyaning 15-moddasiga binoan Oʻzbekistonda konstitutsiya va qonunlarning ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish koʻradilar. Konstitutsiyaning 16-moddasida birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas deyiladi.

“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonunning 7-moddasida qonunlar va qonunosti hujjatlari konstitutsiya asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinishi hamda unga zid kelishi mumkin emasligi belgilangan. 16-moddada esa qonunosti hujjatlari oʻziga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan qonunlarga muvofiq boʻlishi shartligi taʼkidlangan. Qonunosti hujjati va qonun oʻrtasida tafovut boʻlgan taqdirda yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan qonun qoʻllanadi.

Mazkur holatda qonun hujjatlari oʻrtasidagi tafovut yaqqol koʻrinadi. Bir tomonda konstitutsiya bilan kafolatlangan chet elga chiqish huquqi. Ikkinchi tomonda esa ushbu huquqni cheklovchi qaror. Konstitutsiya asosiy qonun, barcha qonun hujjatlari uni ijro etish uchun qabul qilinadi va unga zid boʻlishi mumkin emas. Qaror esa qonunosti hujjati. Konstitutsiya qonunosti hujjatiga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega boʻlgani sababli qaror fuqarolarning chet elga chiqish huquqini cheklay olmaydi. 

Xalqaro huquq nima deydi?

Oʻzbekiston BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi paktini ratifikatsiya qilgan. Yaʼni Oʻzbekiston yuqoridagi xalqro paktda belgilangan qoidalarni bajarishni oʻz zimmasiga olgan. Mazkur xalqaro hujjatning 12-moddasiga binoan har kim xorijga chiqish huquqiga ega. Bu huquq faqat qonun bilan i) davlat xavfsizligi, ii) jamoat tartibi, iii) sogʻligʻi va iv) boshqalarning huquqlarini himoya qilish maqsadidagina qoʻllanishi mumkin. Qaror loyihasi esa qonun emas va yuqorida tilgan olingan toʻrt asos shartlarini buzadi. 

Noaniq tushunchalar muammosi

Qaror loyihasining 3-bobida chet elga chiqish huquqini cheklash holatlari sanab oʻtilgan (“Glava 3. Ogranicheniya v prave na viezd za granitsu”). Turli asoslar orasida kishining chet elga chiqishi “maqsadga muvofiq boʻlmaganda” (“netselesoobraznost viezda”) kabi mujmal tushunchani koʻrish mumkin. Mazkur asos amaldagi qoidalarda ham mavjud (III bobning “z” bandi). Ammo qaror loyihasida chet elga chiqish aynan qanday asoslarga koʻra “maqsadga muvofiq” boʻlmasligi haqida hech narsa deyilmaydi. Vaholanki, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonunning 24-moddasiga koʻra normativ-huquqiy hujjatlarda foydalaniladigan tushuncha va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etishi kerak. Qonunosti hujjatlari loyihalarini tayyorlash qoidalarida qonunchilikda mavjud boʻlmagan tushunchalardan foydalanilganda ularning taʼrifi berilishi kerakligi aytiladi (21-xatboshi). Bunda tushunchaning mazmuni toʻliq ochib berilishi kerak (22-xatboshi). Mazkur qaror loyihasida esa yuqoridagi talablarning birontasi bajarilmaganini koʻramiz, chunki “maqsadga muvofiq” boʻlmaslik tushunchasiga taʼrif berilmaydi. Bu esa noinsof mulozimlar vakolatini suiisteʼmol qilishi uchun imkoniyat yaratib beradi. 

Qaror loyihasida qoʻyilgan xatolar uchun kim aybdor?

Haqli ravishda “nisbatan qisqa boʻlgan qaror loyihasida shuncha huquqiy xatoga qanday yoʻl qoyish mumkin?” degan savol tugʻiladi. Haqiqatan qonunchilik talablari soʻzsiz bajarilganda bu qadar qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻyilmagan boʻlar edi. Jumladan, amaldagi qonunchilik talablariga koʻra normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan oʻtishi kerak (22-modda). Bunday ekspertizadan asosiy maqsad hujjatning konstitutsiya va qonunlarga muvofiqligini tekshirishdir.

Mazkur holatda qaror loyihasi birinchi navbatda hujjatni qabul qiluvchi organning yuridik xizmati tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi kerak edi. Bunday ekspertizani Adliya vazirligi ham bajarishi mumkin. Qizigʻi, qaror loyihasida Ichki ishlar va Adliya vazirliklari qaror talablaridan kelib chiqib Vazirlar Mahkamasiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar taklif qilishlari belgilangan. Ammo konstitutsiya va qonunlarga muvofiqlik borasida hech qaysi vazirlik bosh qotirmagan koʻrinadi. 

Xulosa oʻrnida

Qonun ustuvorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarali boʻlishi uchun uzviy huquqlarni cheklovchi qoidalardan tamoman voz kechish kerak. Chet elga chiqish har bir kishining konstitutsiyaviy huquqi. Mazkur huquq faqat qonun bilan cheklanishi mumkin. Qonunda cheklovlar belgilangan taqdirda ham, ularni qoʻllash asoslari aniq koʻrsatilgan boʻlishi shart. Bunda “maqsadga muvofiq emas” kabi mujmal tushunchalar qoʻllanmasligi lozim.

Davlat organlari qabul qilayotgan hujjatlar millionlab fuqarolarning huquq va imtiyozlarini qamrab oladi. Bu esa yuqori sifatli huquqiy ekspertiza oʻtkazilishini talab etadi. Aks holda islohotlar samara bermaydi, fuqarolarning qonun ustuvorligiga ishonchi kamayadi va davlat organlariga nisbatan ishonchsizlik ortaveradi.

Mirakmal Niyazmatovadvokat

Comments are closed.