Savol: Men chet elda ilmiy tadqiqot ishlari bilan davlat ilmiy tadqiqot markazida ishlayman. Pasportimda OVIR muddati o’tgan yili tugadi. Lekin ilmiy ishlarimni AQSH/Yevropa mamlakatlarida xalqaro konferensiya va simpoziumlarda taqdim qilishimiz kerak bo’lib qoladi. Shuning uchun OVIR haqida quyidagi savollarim bor:
1. OVIR muddati o’tgan bo’lsa ham qisqa muddatga chet elga chiqib kelsam bo’ladimi?
2. O’zbekistonga qaytib borsam bu masalada muammo bo’lmaydimi ? Ya’ni, jinoiy javobgarlikka tortilmaymanmi? Yangi OVIR olishimga to’siq bo’lmaydimi?
3. Davlat elchixonasida OVIR muddatini cho’zdirsa bo’ladimi?
4. Har 2 yilda O’zbekistonga borib OVIRni 2-3 haftada olib qaytishimizga ishxonamiz ruxsat bermaydi. Bir yilda beriladigan dam olish kunlari juda ham chegaralangan.
Javob:
Muddati tugagan OVIR bilan bir xorijiy davlatdan ikkinchi xorijiy davlatga chiqish mumkinmi?
OVIR vizasi faqatgina O’zbekiston hududidan tashqariga chiqish uchun ruxsat beradigan viza bo’lib, chet elda bo’lgan davrda OVIR vizasi muddatining tugashi MDH davlatlaridan boshqa chet el davlatlariga chiqishga to’sqinlik qilmaydi. O’zbekiston hududidan MDH davlatlariga chiqish uchun OVIR vizasi talab etilmaydi. Ammo OVIR vizasisiz chiqish mumkin bo’lgan MDH davlatlariga chiqib, undan so’ng boshqa xorij davlatlariga OVIR vizasisiz chiqib bo’lmaydi. Chunki bu narsa O’zbekiston orqali OVIR vizasi bilan chiqish lozim bo’lgan davlatlarga OVIRsiz chiqishga urinish, deya baholanadi. Buning oldini olish maqsadida, O’zbekiston Respbulikasi va MDH davlatlari o’rtasidagi kelishuvga binoan, MDH davlatlaridan OVIR vizasisiz yoki OVIR vizasining amal qilish muddati tugagan holda boshqa xorij davlatiga chiqishga yo’l qo’yilmaydi. Agar shaxsning OVIR vizasi mavjud emasligi yoki amal qilish muddati o’tganligi MDH davlatlari mutasaddilari tomonidan uchinchi xorijiy davlatga chiqib ketish paytida aniqlansa, bunday fuqaroning xorijga chiqishiga yo’l qo’yilmaydi va avval OVIR olish uchun O’zbekistonga qaytib borishga majbur qilinadi. Shuning uchun, agar OVIR vizangizning amal qilish muddati tugagan bo’lsa, MDH davlatlaridan biriga borib, u yerdan hozir o’zingiz yashayotgan davlatga yoki boshqa xorijiy davlatga OVIRsiz chiqib keta olmaysiz. MDH davlatlaridan turib uchinchi xorijiy davlatga chiqishdan oldin O’zbekistonga borib, OVIR vizasini yangilashingiz kerak bo’ladi. Ammo, MDH tarkibiga kirmagan davlatlarga amal qilish muddati tugagan OVIR vizasi bilan bemalol kirib, u yerdan boshqa xorijiy davlatga qaytib chiqib ketishingiz mumkin.
Muddati tugagan OVIR bilan bir xorijiy davlatdan ikkinchi xorijiy davlatga chiqish uchun jinoiy javobgarlik bormi?
Yuqorida aytilganidek, OVIR vizasi faqat O’zbekistondan chet davlatlarga chiqish uchun lozim bo’lgan xorijga chiqish ruxsatnomasidir. Shuningdek, MDH davlatlariga chiqish uchun ham OVIR vizasi talab qilinmaydi. MDHdan tashqaridagi biror xorijiy davlatga OVIR vizasi bilan chiqqan bo’lsangiz va xorijdalik paytingizda OVIRingiz muddati tugagan bo’lsa va siz yana boshqa bir xorijiy davlatga chiqishga ehtiyoj sezsangiz, bu safaringizni OVIR vizasisiz amalga oshirishingiz mumkin. Bunda O’zbekistonning xorijga chiqishga oid qonun-qoidalarini buzmagan bo’lasiz va O’zbekistonga qaytganingizdan keyin ham biror jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilmaysiz.
Elchixonada OVIR muddatini cho’zdirsa bo’ladimi?
Xorijda muddati tugagan OVIR vizalarini yangilash shart emas. Ammo zarurat tug’ilganda, chet elda doimiy yashovchi O’zbekiston Respublikasi fuqarolari “O’zbekiston Respublikasining konsullik ustavi” 43-moddasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi Tartibi”ning 5, 6-bandlariga ko’ra, o’zlari yashab turgan mamlakatdagi O’zbekiston Respublikasi elchixonasi yoki konsulligi orqali O’zbekiston Respublikasidan chiqish vizalarini olishlari mumkin. Xorijda turib OVIR vizasining muddatini diplomatik vakolatxonalar orqali almashtirmoqchi bo’lgan shaxs chet elda doimiy yashash huquqiga ega bo’lishi va elchixona yoki konsullikda xorijda doimiy yashovchi O’zbekiston fuqarosi sifatida ro’yxatdan o’tgan bo’lishi kerak. Agar siz chet elda doimiy yashash huquqiga ega bo’lsangiz, elchixona yoki konsullikda xorijda doimiy yashovchi fuqaro sifatida ro’yxatdan o’tishingiz muammo bo’lmaydi. Diplomatik vakolatxonalarga bog’lanib, u yerda ro’yxatdan o’tishingiz mumkin. Diplomatik vakolatxona OVIR vizasini rasmiylashtirishni 30 ish kuni ichida hal qilib berishi lozim.
Shuningdek, xorijda doimiy yashovchi O’zbekiston fuqarolari pasportlarini elchixona yoki konsullik orqali yangilaganda, pasportga yangi OVIR vizasi qo’yib beriladi. Xorijda muddati tugagan pasportni yangilash yo’l-yo’riqlari haqida “Xorijdan turib pasportni almashtirish mumkinmi?” maqolasida to’liq ma’lumot olishingiz mumkin.
OVIRni olish muddati qancha?
O’zbekistonda OVIR vizasini 15 ish kuni ichida berish lozimligi belgilangan. OVIR vizasi berilgan sanadan boshlab ikki yilgacha yaroqli hisoblanadi. Agar chet elda doimiy yashash huquqiga ega bo’lsangiz, doimiy muddatga OVIR vizasini olishiningiz mumkin. O’zbekistonda turib doimiy OVIR vizasini olish uchun ariza berganda bu jarayon 15 kundan 30 kungacha vaqt olishi mumkin. Diplomatik vakolatxona orqali ham doimiy muddatga OVIR vizasini olish mumkin. Doimiy OVIR vizasi cheklanmagan muddatga beriladi. Bu haqda to’liq ma’lumotni “Doimiy muddatga OVIR olish mumkinmi?” maqolasidan topishingiz mumkin.
15 Comments