Fuqarolik huquqi

Chet eldagi tanishimni O’zbekistonga qanday taklif qilsam bo’ladi?

Savol: Chet eldagi tanishimni O’zbekistonga taklif qilishim uchun unga taklifnomani qanday yuboraman va qayerga yuboraman. U meni taklif qilishi uchun taklifnomani qanday yuboradi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrda qabul qilgan “Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu yerda bo‘lishlari va tranzit o‘tishlari tartibi to‘g‘risida”gi Qarori 2-bo‘limi 10-bandiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining taklifnomasi bo‘yicha kelmoqchi bo‘lgan xorijiy fuqarolar viza olish uchun O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasalariga, bunday muassasalar bo‘lmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi uchun konsullik funksiyalarini bajarish yuzasidan kelishib olingan boshqa davlatlarning konsullik muassasalariga belgilangan shakldagi Viza anketasiga taklifnomani va milliy pasportni ilova qilib topshirishlari kerak. Viza anketasini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar Vazirligining rasmiy saytidan olishlari mumkin.

Qarorda taklifnomani jo‘natish tartibi ko‘rsatilmagan. Bu holatda Siz taklifnomani pochta orqali jo‘natishingiz mumkin. Taklifnomani Siz taklif qilayotgan fuqaroning o’ziga ham jo‘natishingiz lozim bo‘ladi.

Chet eldan xorijiy fuqarolarni taklif qilmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha (3 oydan ortiq) yashab turgan va doimiy yashayotgan xorijiy fuqarolar yashash joyidagi ichki ishlar organlariga ikki nusxada to‘ldirilgan belgilangan shakldagi anketa-ariza bilan murojaat qiladilar.

Fuqarolarning taklifnomasi bo‘yicha xorijiy fuqaroga O‘zbekiston Respublikasiga kelishga viza berish uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish muddati 15 sutkadan oshmasligi kerak. O‘zbekiston Respublikasiga doimiy yashash uchun kelayotgan xorijiy fuqarolar uchun hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati ayrim hollarda 30 sutkagacha uzaytirilishi mumkin.

Xorijiy fuqarolar turist sifatida kelish vizalarini olish uchun O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasasiga, bunday muassasalar bo‘lmagan taqdirda,  O‘zbekiston Respublikasi uchun konsullik funksiyasini bajarish yuzasidan kelishib olingan boshqa davlatlarning konsullik muassasalariga to‘ldirilgan belgilangan shakldagi viza anketasiga milliy pasportini va «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasining yoki o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirayotgan turistik tashkilotlarning taklifnomasini taqdim etgan holda murojaat qiladilar.

Xorijiy fuqaroning turist sifatida kelish vizasini rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasasi tomonidan 3 sutkadan oshmaydigan muddatda amalga oshiriladi. Bayram va dam olish kunlari bundan mustasno.

Xorijiy davlatda O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari bo‘lmagan taqdirda O‘zbekiston Respublikasiga turistlar sifatida kelayotgan xorijiy fuqarolarga kelish-ketish vizalarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining aeroportlardagi konsullik byurosi tomonidan berilishiga yo‘l qo‘yiladi.

O‘zbekiston  Respublikasiga Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 24-yanvardagi 13-son “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy valyutadagi davlat bojlari, yig‘imlar hamda soliq bo‘lmagan boshqa to‘lovlar stavkalari to‘g‘risida» 1993-yil 19-avgustdagi 423-son Qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, xorijiy fuqarolar uchun vizalarni rasmiylashtirish va berish uchun quyidagi konsullik yig‘imlari o‘rnatilgan.

Yetti kungacha ‎                                                           40 AQSh dollari‎

O‘n besh kungacha‎                                                     50 AQSh dollari‎

O‘ttiz kungacha‎                                                          60 AQSh dollari‎

Uch oygacha‎                                                              80 AQSh dollari‎

Olti oygacha‎                                                                120 AQSh dollari‎

Bir yilgacha‎                                                                 160 AQSh dollari‎

Sizni chet el fuqarosi taklif qilmoqchi bo’lsa, buning tartibi Siz taklifnoma olayotgan davlatga bog‘liq. Taklifnoma berish tartibi har bir davlatning ichki qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Bu haqda to’liq ma’lumot olish uchun Siz bormoqchi bo’lgan davlatning konsullik muassasasiga murojaat qilishingizni maslahat beramiz.

Comments are closed.