Fuqarolik huquqi

Chet elda pasport va yashash hujjatlari yo’qolsa, nima qilish kerak?

Savol: Mening do’stim Chexiyada o’qiydi, lekin pasport va shaxsini tasdiqlovchi hamma dokumentlarini yaqinda o’g’irlatib qo’yibdi. O’shanga nima qilishini bilmay halak. Pragadagi O’zbekiston elchixonasi hali javob yozmagan nima qilish kerakligi haqida. Nima maslahat bergan bo’lardingiz? Aslida, hozir nimalar qilishi kerak? Chexiyada yashash huquqini beruvchi dokumentlarini ham yo’qotgan.

Javob: O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportini va 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjatini berish tartibi to‘g‘risida Nizomga ko’ra, xorijda pasport yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda, fuqaro bu haqda konsullik hisobiga qo‘yilgan joyga darhol xabar berishi shart. Ular qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartib-qoidalar bajarilgandan keyin fuqaroga yangi pasport beradi.

Vaqtincha chet elda bo‘lgan va konsullik hisobida turmagan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasiga qaytish ruxsatini beruvchi sertifikat olish uchun O‘zbekiston Respublikasining tegishli konsullik muassasasiga murojaat qiladilar.

Vaqtinchalik konsullik hisobiga olish o‘qish, davolanish, xalqaro sport musobaqalarida, madaniy va boshqa tadbirlarda qatnashish uchun xorijga olti oydin ortiq muddatga chiqqan fuqarolarga va xorijga vaqtincha chiqishni belgilangan tartibda rasmiylashtirgan voyaga yetmagan shaxslarga rasmiylashtiriladi.

Elchixona sizga yangi pasport yoki O’zbekistonga qaytishingiz uchun hujjat berishidan oldin pasportingiz yo’qolganligi haqida mahalliy politsiyadan ma’lumotnoma olib kelishingizni so’raydi. Shuning uchun mahalliy politsiya bo’limiga pasportingiz va Chexiyada yashash hujjatlaringizni yo’qotganligingiz to’g’risida murojaat qiling. Politsiya yo’qolgan hujjatlaringizni topishga yordam beradi. Agar hujjatlar topilmasa, ma’lum muddat o’tgach, yo’qolgan hujjatlar topilmaganligi to’g’risida ma’lumotnoma beradi. Ushbu ma’lumotnomaning nuxsasini Chexiyadagi O’zbekiston elchixonasiga taqdim qilasiz. Shunda elchixona sizning shaxsingizni tasdiqlaydi. Shaxsni tasdiqlash jarayoni ham bir muncha vaqt oladi. Shaxsingiz tasdiqlangandan so’ng, elchixona yangi pasport tayyorlab beradi yoki O’zbekistonga qaytib yangi pasport olishingiz uchun qaytish sertifikatini tayyorlab beradi.

Chexiyada yashash hujjatini ham yangisini olish uchun eskisi yo’qolganligi to’g’risida ma’lumotnoma so’raladi. Politsiya bergan ma’lumotnoma orqali yangi yashash hujjatini olish mumkin. Shuning uchun zudlik bilan mahalliy politsiyaga hujjatlaringiz yo’qolganligi to’g’risida xabar berishingizni tavsiya qilamiz.

One Comment

  1. Mani propiskam toshkentda man fargonaga kelganimda pasportimni yukotib kuydim endi keta olmaypan namangan postida mani utkizishmaypti kandey kilib toshkentga borib olishim kerak