Xo'jalik va uy-joy huquqi

Buzilayotgan uylarimizga qanday adolatli haq olishimiz mumkin?

Savol: Biz taraflarda mahallalar buzilib, o’rniga davlat tomonidan bozor qurilyapti. Odamlar uy-joylaridan ayrilmoqda. Uy-joylarining o’rniga arzimagan pul yoki kvartira (hovlining o’rniga!) berilmoqda. Bu kvartiralar ham shaharning eng chetki, chegara, odam yashamas joylaridan. Xullas, odamlar shahar hokimiyati tomonidan militsiya yordamida majburan, kuch ishlatib ko’chirilmoqda. Insonlar boshpanasiz qolmoqda, kimga murojaat etishga hayron. Ko’proq pul beringlar, boshqa uy-joy sotib olaylik yoki qurib olaylik deyilsa, uy hujjatlarida bir paytlar qayd etilgan oldi-sotti shartnomasidagi uyning bir necha o’n yillar oldingi narxini shu vaqt davomida oshganligini davlat narxida hisoblashib yoki uy planida ko’rsatilgan uyning nimadan qurilganligiga qarab, ularning qiymatini davlat narxida hisoblashib, uning eskirganligi hisobiga qiymatini yanada pasaytirib, arzimagan choy-chaqa berishmoqda. Lekin bu pulga hovli tugul tovuq katagi ham sotib olib bo’lmaydi. “Davlat bahosida” kabi afsonaviy super arzon narxlarda sotiladigan qurilish materilallari yoki uylar qayerda bor? Susambildami? Shirin qovunlar mamlakatidami? O’zi umuman davlat tomonidan aholining uylari buzilishi mumkinmi? Agar buzilsa, o’rniga xuddi shunday uy olib yoki qurib berishi kerak emasmi? Biz kimga shikoyat qilsak bo’ladi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 27-moddasiga binoan yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda mazkur fuqarolarga, ularning oila a’zolariga, shuningdek, ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashayotgan fuqarolarga ularning xohishiga binoan va taraflar kelishuviga ko‘ra barcha qulayliklari bo‘lgan avvalgisiga teng qiymatli uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan sahndagi boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uy, boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning qiymati to‘lanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) qiymati berilayotgan turar joyning qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 206-moddasiga muvofiq, mulkdorning mol-mulkka bo’lgan huquqi yuqoridagi shartlarga amal qilingan tarzda bekor qilinishi mumkin:

“Davlat organining mulkdorning mol-mulkini olib qo‘yishga bevosita qaratilmagan qarori munosabati bilan, shu jumladan mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan er uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga qonunlarda belgilangan hollar va tartibdagina yo‘l qo‘yiladi, bunda mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng mol-mulk beriladi va uning ko‘rgan boshqa zararlari to‘lanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar to‘la hajmda to‘lanadi.

Mulk huquqining bekor qilinishiga olib keladigan qarorga mulkdor rozi bo‘lmagan taqdirda, bu qaror nizo sud tomonidan hal qilingunicha amalga oshirilishi mumkin emas. Nizoni ko‘rib chiqish vaqtida mulkdorga yetkazilgan zararni to‘lash bilan bog‘liq barcha masalalar ham hal qilinadi”.

Uy-joy kodeksining 28-moddasiga ko’ra, yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarning mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilganda, mazkur fuqarolarga, ularning oila a’zolariga, shuningdek, ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashayotgan fuqarolarga ularning xohishiga ko‘ra yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi beriladi. Bunda yer uchastkasini o‘zlashtirish davrida ikki yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilib, buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning qiymati to‘liq qoplanadi.

Yer kodeksining 27-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun er uchastkalari berish yoki realizatsiya qilish  to’g’risida norma belgilangan bo’lib, unda shunday deyiladi:

“Shaharlar va posyolkalarda, shuningdek qishloq xo‘jaligi hamda o‘rmon xo‘jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining egaligidagi yerlar tarkibiga kirmagan qishloq aholi punktlarida doimiy yashab turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har bir oilaga 0,06 gektargacha er uchastkalari beriladi.

Yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha doirada er uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi belgilangan tartibda kim oshdi savdosi asosida realizatsiya qilinadi”.

Buzilayotgan uylar o‘rniga turar joyni mulk qilib berish va uylar, boshqa imoratlar, inshootlar hamda dov-daraxtlar qiymatini to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-son qaroriga ilova tarzida qabul qilingan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga etkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida” nizomda quyidagi qoidalar o’rnatilgan:

“4. Tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shart.

5. Tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlarining uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirish hamda ularning qiymatini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, shuningdek sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.

6. O‘zboshimchalik bilan barpo etilgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar va inshootlar qiymati to‘lanmaydi.

8. Yer uchastkalarini olib qo‘yish kompensatsiyaning quyidagi turlari berilishi sharti bilan amalga oshiriladi:

fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan boshqa teng qiymatli obod turar joyni mulk qilib berish va dov-daraxtlar qiymatini to‘lash;

buzilayotgan uylar, boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar qiymatini fuqarolarga to‘lash;

yer uchastkasini o‘zlashtirish davriga ikki yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilib, buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning qiymati to‘liq to‘langan holda fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi berish;

yuridik shaxslarga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk berish va davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasi olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan boshqa zararlarni qoplash;

yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zararlarni to‘laligicha qoplash;

fuqarolarga va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan buzilishi kerak uylar, imoratlar va inshootlarni ko‘chirish va yangi joyda tiklash;

yangi joyda uylar, imoratlar qurish hamda ularni fuqarolar va yuridik shaxslarga mulk qilib berish.

9. Buziladigan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar, ko‘chiriladigan daraxtlar uchun to‘lov miqdorini belgilash uchun tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari boshchiligida hokimliklarning moliya va boshqa boshqarmalari (bo‘limlari) vakillaridan, yerlardan foydalanish va qo‘riqlashni nazorat qilish bo‘yicha davlat inspektori, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, yer uchastkasi olib qo‘yilayotgan yer egasi (yerdan foydalanuvchi, ijarachi), o‘ziga yer uchastkasi ajratib berilayotgan korxona, muassasa yoki tashkilot vakilidan hamda hokimliklar xohishiga ko‘ra boshqa vakolatli organlar vakillaridan iborat tarkibda to‘lov miqdorini va kompensatsiya turini belgilash bo‘yicha komissiyalar tashkil qiladilar.

10. Uylar (kvartiralar), imoratlar va inshootlarning texnik holatini, qiymatini baholash, shuningdek, olib qo‘yilayotgan yer uchastkalaridagi dov-daraxtlar qiymatini belgilash tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari tomonidan ariza beruvchining mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari tomonidan amalga oshirilgan bahoga norozi bo‘lingan taqdirda mulkdor mulkni baholash uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan mustaqil baholovchilarga murojaat qilish huquqiga ega. Mustaqil baholovchilar xizmatiga haq to‘lash ariza beruvchining mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Baholash materiallari komissiyaga beriladi.

12. Buzilayotgan uylar (kvartiralar)ni, olib qo‘yilayotgan uchastkadagi boshqa imoratlar va inshootlarni (o‘zboshimchalik bilan qurilganlardan tashqari) buzishdan olingan barcha materiallar quruvchining yoki to‘lovni mulkdorga to‘liq to‘layotgan boshqa yer egasi (yerdan foydalanuvchi, ijarachi) ixtiyorida qoladi.

Ayrim hollarda, buzilayotgan uy (kvartira), imoratlar, inshootlar va ko‘chirilayotgan dov-daraxtlar egasining xohishiga ko‘ra, uy-joyni buzishdan olingan materiallar tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari qaroriga binoan mulkdorga berilishi mumkin. Bu holda komissiya mulkdorga beriladigan buzishdan olingan materiallar qiymatini buzish vaqtida amalda bo‘lgan bozor narxlari bo‘yicha ularning eskirganligini hisobga olgan holda belgilashi kerak.

13. Pul kompensatsiyalarini to‘lashning aniq muddatlari va tartibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qarori bilan, buzish boshlangungacha pul kompensatsiyasini to‘lagan holda belgilanadi.

14. Yer uchastkalarining davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarning mulki bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolarga, ularning oila a’zolariga, shuningdek, ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashaydigan fuqarolarga ularning tanlashiga ko‘ra hamda tomonlarning kelishuvi bo‘yicha ijtimoiy normadan kam bo‘lmagan maydonga ega bo‘lgan teng qiymatli boshqa qulay uy-joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uylar (kvartiralar), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar qiymati to‘lanadi.

Berilayotgan turar joyning teng qiymatga egaligi mulkdorning buzilayotgan uy-joyi (kvartirasi) narxiga teng miqdorda belgilanadi.

Buzilayotgan uy (kvartira) qiymati berilayotgan turar joy qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda mulkdorga tafovut to‘lanadi.

16. Turar joy olish uchun buzilayotgan uy (kvartira) egasi bo‘lajak buzish to‘g‘risida bildirishnoma olingandan keyin bir oy muddatda oila a’zolari yoki boshqa birgalikda yashaydigan (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslar bilan kelishgan holda tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklariga o‘ziga buzilgan uy-joy o‘rniga turar joy ajratish to‘g‘risida ariza berishi kerak, arizada oila tarkibi, doimiy yashaydiganlar soni, turar joy maydonining ijtimoiy normasidan ortiqcha qo‘shimcha uy-joy maydoni olish uchun imtiyozlar ko‘rsatiladi.

17. Komissiyaning kompensatsiya miqdori va turi, buzilayotgan uy (kvartira) o‘rniga mulkdorga turar joy berish yoki mulkdorning xohishiga ko‘ra pul shaklida kompensatsiya berilishini ta’minlash haqidagi qarori tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan tasdiqlangandan so‘ng mulkdor hokimlikka buzilishi kerak bo‘lgan uy (kvartira)ni bo‘shatish to‘g‘risida kafolat xati taqdim etadi.

18. Uy (kvartira)ni buzish faqat tomonlarning kelishuvi bo‘yicha mulkdorga buzilayotgan uy (kvartira) o‘rniga turar joy berilgandan keyin amalga oshirilishi mumkin.

Ayrim hollarda, buzilayotgan uy (kvartira) egasining roziligiga ko‘ra tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari tegishli qarorda uylarni topshirishning aniq muddatini ko‘rsatgan holda qurilayotgan uylardan turar joy beradilar. Qurilayotgan uylarda belgilangan muddatlarda turar joy bilan ta’minlanmagan taqdirda tuman (shahar) hokimligi mazkur Nizomning 14-bandi talablariga muvofiq bir oy muddatda turar joy berishi shart.

19. Buzilayotgan uy (kvartira) egasining mol-mulkini yangi kvartiraga tashish imorat quruvchining yoki olib qo‘yilayotgan yer uchastkasi o‘ziga ajratib berilgan boshqa yer egasi (erdan foydalanuvchi, ijarachi)ning mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

21. Yer uchastkalari davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarning mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilganda mazkur fuqarolarga, ularning oila a’zolariga, shuningdek ushbu uylarda (kvartiralarda) doimiy yashayotgan fuqarolarga ularning xohishiga ko‘ra yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida er uchastkasi beriladi. Bunda er uchastkasini o‘zlashtirish davriga ikki yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilib, buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning qiymati to‘laligicha qoplanadi.

15. Buzilayotgan uylar (kvartiralar) egasiga turar joy berish va (yoki) kompensatsiyaning boshqa turlarini to‘lash tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan, chorak yakuni bo‘yicha prognozdan ortiqcha tushgan mahalliy byudjetlarning daromad qismi mablag‘lari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar byudjetlarining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari va (yoki) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli hisob raqamlariga davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirishdan tushadigan taqsimlanadigan mablag‘larning bir qismi hisobiga amalga oshiriladi.

Olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga berilgan taqdirda yakka tartibda uy-joy qurish uchun kompensatsiya sifatida yer uchastkasi berish va buzilayotgan uylar (kvartiralar) mulkdoriga tovon to‘lash ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

23. Buzilayotgan uy (kvartira) mulkdori yer uchastkasi olish uchun bo‘lajak buzish to‘g‘risida bildirishnoma olingandan keyin bir oy muddatda tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklariga yakka tartibda uy-joy qurish uchun unga yer uchastkasi ajratish to‘g‘risida ariza berishi kerak. Arizada oilaning tarkibi, doimiy yashayotganlar soni va ijara shartnomasi asosida vaqtincha turar joyga bo‘lgan ehtiyoj ko‘rsatilishi kerak.

24. Komissiyaning kompensatsiya miqdori va turi haqidagi qarori tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan tasdiqlangandan keyin mulkdor hokimlikka buzilishi lozim bo‘lgan uyni (kvartirani) tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan belgilangan muddatda bo‘shatib qo‘yish to‘g‘risida kafolat xati taqdim etadi.

25. Uy (kvartira) yakka tartibda uy-joy qurish uchun mulkdorga yer uchastkasi ajratilgandan, shuningdek er uchastkasini o‘zlashtirish davriga ikki yilgacha muddat bilan ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilgandan keyin buzilishi mumkin.

Demak, O’zbekiston Respublikasida fuqarolaning yer uchastkalari faqatgina fuqarolarning roziligi olingan holda davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo’yilishi mumkin va bunda tegishli miqdorda kompensatsiya to’lanadi.

Uylar (kvartiralar), imoratlar va inshootlarning texnik holatini, qiymatini baholash, shuningdek olib qo‘yilayotgan yer uchastkalaridagi dov-daraxtlar qiymatini belgilash tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari tomonidan ariza beruvchining mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari tomonidan amalga oshirilgan bahoga norozi bo‘lingan taqdirda mulkdor mulkni baholash uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan mustaqil baholovchilarga murojaat qilish huquqiga ega. Mustaqil baholovchilar xizmatiga haq to‘lash ariza beruvchining mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlarining uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirish hamda ularning qiymatini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, shuningdek sudga tegishli tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

Comments are closed.