Savol: 4 yoshligimda dadam vafot etgan. Dadamnig vafotidan so’ng men va opalarimni ammam ko’chaga chiqarib yuborishgan. Oradan 17 yil o’tdi, otamdan qolgan meros uy buvimning nomida ekan. Biz bu uyga qanday da’vo qilishimiz mumkin?
Javob: Savolda so`ralgan meros masalasi O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining V bo`limi bilan tartibga solinadi. Kodeksning 1112-moddasiga asosan, meros 2 xil yo`l bilan, ya`ni vasiyat yoki qonun buyicha amalga oshiriladi. Sizning holatingizda avvalombor vasiyatnoma mavjudmi yoki yo`qmi shuni aniqlash kerak. Ya`ni meros mulki bo`lgan uy buvingiz nomida bo`lsa, buvingiz vasiyat qilib qoldirganmi yoki yo`qmi? Agar vasiyatnoma bo`lmasa, unda qonuniy meros amalga oshiriladi.
Qonun bo`yicha merosxo`rlarning navbati mavjud. Fuqarolik kodeksining 1135-moddasiga ko`ra, me`ros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi teng ulushlarda qonun bo`yicha birinchi navbatdagi borislik huquqiga ega bo`ladilar. Ya`ni sizning holatingizda ammangiz va otangiz (qonunda ko`rsatilgan boshqa shaxslar, masalan, bobongiz yoki ularning boshqa farzardlari) birinchi navbatdagi qonuniy me`rosxo`r hisoblanadilar. Biroq mazkur shaxslar me`rosni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etgan bo`lsa, me`rosni qabul qilib olish huquqi uning qonun bo`yicha me`rosxurlariga o`tadi. Ya`ni sizning holatingizda buvingizdan qolgan meros mulkini otangizga tegizli qismini sizlar farzand sifatida talab qilish huquqiga egasizlar.
Meros taqsimlanishi, kimningdir nomiga o’tkazilishi uchun avvalambor meros ochilishi kerak. Fuqarolik kodeksining 1116-moddasiga ko’ra, meros fuqaroning o’limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi. Buvingizg vafot etgan ekan, demak, buvingizning qoldirgan meroslari ochilishi, ya’ni uy-joy taqsimlanishi mumkin. Fuqarolik kodeksining 1117-moddasida merosning ochilish joyi haqidagi norma o’rnatilgan bo’lib, unga ko’ra meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi.
Kodeksning 1146-moddasiga asosan meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning iltimosiga ko‘ra unga merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berishi shart. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e‘tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi. Qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma‘lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.
Demak, sizning keyingi harakatingiz buvingiz qoldingan uy-joyga nisbatan merosga bo`lgan huquq to`g`risida guvognoma olish masalasida buvingizning doimiy turar joylari buyicha notariusga murojaat qilish hisoblanadi. Bunday holatda notarius merosxo`rlar doirasini aniqlaydi.
Fuqarolik kodeksining 1151-moddasiga ko’ra, agar merosxo‘rlar orasida turgan joyi noma‘lum shaxslar bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar, vasiyatnomani ijro etuvchi (meros boshqaruvchisi) va notarius ularning turgan joyini aniqlash hamda ularni vorislikka chaqirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rishlari shart.
Agar turgan joyi aniqlanib, meros olishga chaqirilgan-u, lekin hozir bo‘lmagan merosxo‘r ushbu Kodeksning 1147-moddasida nazarda tutilgan muddat ichida merosdan voz kechmagan bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar merosni taqsimlash niyatlari to‘g‘risida uni xabardor qilishlari shart. Agar hozir bo‘lmagan merosxo‘r xabar qilingan paytdan e‘tiboran uch oy ichida qolgan merosxo‘rlarni merosni taqsimlash haqidagi kelishuvda ishtirok etish istagi to‘g‘risida xabardor qilmasa, qolgan merosxo‘rlar hozir bo‘lmagan merosxo‘rga tegishli bo‘lgan ulushni ajratib, o‘zaro kelishuvga ko‘ra meros taqsimotini amalga oshirishga haqlidirlar.
Agar hozir bo‘lmagan merosxo‘rning turgan joyi meros ochilgan kundan e‘tiboran bir yil mobaynida aniqlanmasa va uning merosdan voz kechishi to‘g‘risida ma‘lumotlar bo‘lmasa, qolgan merosxo‘rlar meros taqsimotini ushbu moddaning ikkinchi qismi qoidalari bo‘yicha amalga oshirishga haqlidirlar.
Siz tomondan berilgan savolda faqat ikki merosxo`rni ko`rsatgansiz. Bular otangiz va ammangiz. Yuqorida sanab o`tilgan yana boshqa birinchi darajali qonuniy merosxo`rlar bo`lsa, ularni ham meros ochilganligi haqida xabardor qilishingiz lozim bo`ladi. Merosxo`rlar doirasi aniqlangandan keyin, merosxo`rlar merosni taqsimlash haqida kelishuv tuzishlari yoki ma`lum bir merosxo`r boshqa merosxo`r foydasiga o`z ulushidan voz kechishi mumkin.
Fuqarolik kodeksining 1147-moddasida merosdan voz kechish huquqi o’rnatilgan bo’lib, unga ko’ra, merosxo‘r o‘zining vorislikka chaqirilganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab olti oy ichida merosdan voz kechishga haqli. Uzrli sabablar bo‘lgan taqdirda bu muddat sud tomonidan ko‘pi bilan ikki oyga uzaytirilishi mumkin. Merosdan voz kechish merosxo‘r tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi. Agar ishonchnomada vakil orqali merosdan voz kechish vakolati maxsus nazarda tutilgan bo‘lsa, merosdan shu tarzda voz kechilishi mumkin. Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas. Merosxo‘r merosdan voz kechish uchun o‘ziga berilgan muddat o‘tganidan keyin bunday huquqni yo‘qotadi. Agar merosxo‘r meros qoldirilgan mol-mulkni egallashga amalda kirishgan yoxud uni tasarruf etgan yoxud o‘zining ana shu mol-mulkka bo‘lgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni olish uchun murojaat etgan bo‘lsa ham, merosdan voz kechish huquqini ko‘rsatilgan muddat o‘tmasidanoq yo‘qotadi.
Demak, sizning holatingizda ammangiz yoki ularning farzandlari merosning yarmiga (50%ga) va otangizning farzandlari qolgan yarmiga meros olishga haqlidir. Bunday holatda eng maqbul yo`l merosxo`rlar o`rtasida kelishuv yoki boshqa merosxo`rlarning aniq bir merosxo`r foydasiga o`z meros ulushlarini voz kechishidir. Ya`ni buvingiz qoldirgan merosning to’laligicha sizning nomingizga o’tishi borasida opalaringiz har biri hamda ammangiz yoki ularning farzandlari meros ochilgan joydagi notariusga o’zlariga tegishli bo’lgan meros huquqidan sizning foydangizga voz kechganliklari haqida ariza yozishlari kerak. Agar merosxo`rlar voz kechishni xohlashmasa yoki yoki ular o`rtasida kelishivga erishilmasa, unda meros ulushini taqsimlash faqat sud tomonidan amalga oshiriladi.
Bunday holatda meros mulki (uy-joy) joylashgan hududdagi fuqarolik sudiga da`vo arizasi bilan murojaat qilib, da`vo arizasida suddan meros ulushini taqsimlashni talab qilishingiz tavsiya qilinadi. Da`vo arizasiga meros mulki hisoblangan uy-joy kadastri nusxasi (agar ushbu hujjatni olish imkoni bo`lmasa, kadastr organidan uy-joy kimning nomida ekanligi to`g`risida ma`lumotnoma), buvingiz va otangizning o`lim to`g`risida guvohnoma nusxasini, merosga bo`gan huquq to`g`risidagi guvohnoma hamda o`zingizning tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma (qarindoshlikni tasdiqlash uchun) va passport nusxalarni ilova qilishingiz kerak.
Fuqarolik sudi meros mulki bo`lgan uy-joyning taqsimlash imkoni bor yoki yuqligi hamda bu borada taraflarning talablariga qarab qaror chiqaradi. Agar uy-joyni taqsimlash imkoni bo`lmasa unda sud baholovchi idoralar xulosasi asosida uy-joyni narxini chiqarib, merosxo`rlar o`rtasida meros ulushini sotish yoki sotib olishni taklif qiladi. Agar bunday holatda ham merosxo`rlar o`rtasida kelishmovchiliklar bo`lsa, sud uy-joyni sotib sotuvdan tushgan pulni qonuniy merosxo`rlar o`rtasida taqsimlash to`g`risida qaror chiqarishi mumkin.
Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksining 1155-moddasida meros hisobidan to‘lanishi lozim bo‘lgan xarajatlar haqida qoidalar belgilangan bo’lib, unga ko’ra, meros vorislar o‘rtasida taqsimlanishidan oldin meros qoldiruvchining vafoti oldidan xastaligi tufayli qilingan zarur xarajatlar, meros qoldiruvchini dafn etish xarajatlari, merosni egallash, muhofaza qilish, boshqarish va vasiyatnomani ijro etish, shuningdek vasiyatnomani ijro etuvchi yoki merosni boshqaruvchiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash to‘g‘risidagi talablar meros hisobidan qondirilishi lozim. Bu talablar meros qiymati hisobidan boshqa barcha talablardan, shu jumladan ipoteka yoki boshqa garov bilan ta‘minlangan talablardan oldin imtiyozli ravishda qondirilishi lozim.