Savol: Mebel ustasiman, sizlarga xat yo’llashimga yaqinda ro’y bergan bir voqea majbur qildi. Akam zavodda ishlaydi. Bundan ikki oy oldin ish paytida texnik nosozlik sabab olamdan o’tdi. Akamning turmush o’rtog’i va ikkita farzandi bor. Akamning turmush o’rtog’i hech qayerda ishlamaydi. Ularning taqdiri nima bo’ladi? Ularni moddiy jihatdan kim ta’minlaydi? Qonunlarimizda ushbu zavod rahbarlariga nisbatan biron bir moddiy javobgarlik yuklatilganmi?
Javob: Xodim mehnatda mayib bo’lishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan bog’liq holda sog’lig’iga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda, ish beruvchi marhumning qaramog’ida bo’lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o’n olti yoshga to’lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta’minot olish huquqiga ega bo’lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug’ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo’ldoshiga yoki oilaning boshqa a’zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo’lsa, zararni to’lashi shart.
Qaramoqda bo’lgan farazand olinadi va buning uchun dalil talab etilmaydi.
Quyidagilar mehnatga layoqatsiz hisoblanadi:
16 yoshdan oshgan shaxslar, agar ular shu yoshga etgunga qadar nogiron bo’lib qolgan bo’lsa;
60 yoshga to’lgan erkaklar hamda 55 yoshga to’lgan ayollar;
belgilangan tartibda nogiron deb e’tirof etilgan shaxslar.
16 va undan katta yoshdagi o’quvchilar o’quv yurtlarining kunduzgi bo’limlarida o’qishni tugatgunlariga qadar, ammo ko’pi bilan 18 yoshgacha zarar to’lovini olish huquqiga egadirlar.
Boquvchisini yo’qotganlik tufayli zarar to’lovini olish huquqiga ega bo’lgan shaxslar uchun ularga boquvchi vafoti tufayli tayinlangan pensiya, shuningdek boshqa pensiyalar, ish haqi, stipendiyalar va boshqa daromadlar zarar to’lovi hisobiga kiritilmaydi. Bunda qaramog’ida bo’lgan har bir shaxs hisobiga zarar to’lovi miqdori qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorining ellik foizidan kam bo’lishi mumkin emas.
Boquvchisini yo’qotganlik tufayli zarar to’lovi olish huquqiga ega bo’lganlardan har biriga belgilangan zarar miqdori keyinchalik hisob-kitob qilinmaydi, quyidagi holatlar bundan mustasno:
1. chaqaloq boquvchining vafotidan keyin tug’ilganda;
2. vafot etgan boquvchining farzandlarida, nabiralari, ukalari va singillarini uch yoshga to’lgungacha parvarish qilish bilan band bo’lgan shaxslarga zarar to’lovlari belgilanganda yoki to’xtatilganda;
3. vafot etganning qaramog’ida bo’lgan yoki u vafot etgan kungacha uning ta’minotida bo’lish huquqiga ega bo’lgan mehnatga layoqatsiz shaxslar soni o’zgarganda.
Boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirish huquqiga ega bo’lgan shaxslarga ish beruvchi vafot etganning kamida olti yillik ish haqining summasida bir yo’la beriladigan nafaqa to’laydi.
Xodim mehnat bilan bog’liq holda jarohatlanishi munosabati bilan vafot etgan taqdirda ish beruvchi qo’shimcha ravishda dafn etish uchun zarur xarajatlarni to’lashi shart.
Dafn etish uchun zarur xarajatlar zararni to’lash hisobiga kiritilmaydi.
Zararni to’lash to’g’risidagi ariza ish beruvchiga beriladi. Zararni to’lash to’g’risidagi arizaning nusxasi kasaba uyushmasi qo’mitasiga yoxud korxona xodimlarining boshqa vakolatli organiga beriladi.
Ish beruvchi zararni to’lash to’g’risidagi arizani ariza olingan kundan boshlab 10 kun muddatda ko’rib chiqishi va tegishli qaror qabul qilishi shart.
Boquvchisini yo’qotganlik tufayli zarar to’lanishi huquqiga ega bo’lgan shaxslarga zararni to’lash haqidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi (FHDYO) tomonidan boquvchining vafoti to’g’risida berilgan guvohnoma nusxasi;
b) vafot etgan shaxsning oila a’zolari tarkibi, shu jumladan uning qaramog’ida bo’lganlar to’g’risida fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organining ma’lumotnomasi (yoki boshqa hujjatlar) yoki sudning tegishli qarori nusxasi;
v) vafot etgan shaxsning 3 yoshga to’lmagan bolalari, ukalari, singillari yoki nevaralarini parvarish qilish bilan band bo’lgan ota-onasi, umr yo’ldoshi yoki boshqa oila a’zosining ishlamayotganligi to’g’risida fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organining ma’lumotnomasi;
g) o’quv muassasasining zarar to’lanishi huquqiga ega bo’lgan, yoshi 16 dan 18 gacha bo’lgan shaxslarning o’quv yurtlarining kunduzgi bo’limlarida o’qishi to’g’risidagi ma’lumotnomasi.
Boquvchining vafoti tufayli zarar to’lovini olish huquqiga ega bo’lgan shaxslarga — boquvchining vafot etgan kunidan boshlab to’lanadi.
Manfaatdor shaxslar ish beruvchining qaroridan norozi bo’lgan yoki belgilangan muddatda javob olinmagan taqdirda ushbu nizoni hal etish uchun sudga murojaat qilishlari mumkin.
One Comment