Fuqarolik huquqi

Boqib olingan bola uchun nafaqa beriladimi?

Savol: Bolalarning otasi o’z xotinini, ya’ni opamni qasddan o’ldirib, 22 yil muddatga qamoq jazosi bilan jazolandi. Shundan so’ng biz, ya’ni oilamiz opamning bolalarini o’z qaromog’imizga oldik. Sud uni otalik huquqidan mahrum qilmadi. Dadam bolalarga o’z familiyasini bermoqchi. Buning uchun kimga murojaat qilishimiz kerak? Shu bilan birga, bolalarga nafaqa berilishi tartiblarini bilmoqchi edim.

Javob:

Qaramoqqa olingan farzand familiyasini o’zgartirish mumkinmi?

“Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari”ga ko’ra, ismi yoki familiyasi o’zgartirilishi so’ralayotgan shaxs voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, ular nomidan ota-ona yoki vasiy ariza berishi mumkin.

Siz bergan ma’lumotga ko’ra, bolalarning otasi hayot ekanligi va u otalik huquqidan mahrum etilmaganligi bois bolalarning familiyasini o’zgartirishni so’rab vasiylar ariza topshirganda, otaning roziligi talab qilinishi mumkin. Bu masalani, familiyani o’zgartirish sabablariga ko’ra, FHDYO organi hal qiladi.

Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizalar  “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga binoan;

agar familiya, ism va ota ism eshitilishda yoqimsiz bo‘lsa;

agar familiya, ism va ota ismi millatiga to‘g‘ri kelmasa;

xohishga qarab nikohgacha bo‘lgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda;

oilada bir xil familiyada bo‘lish istagi paydo bo‘lganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiyani tanlamagan bo‘lsa);

FHDYO organi tomonidan uzrli deb topilgan boshqa asoslarga ko‘ra ko‘rib chiqiladi.

Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza FHDYO organiga topshiriladi. Arizaga quyidagilar ilova qilinishi lozim:

a) ariza beruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;

b) agar ariza beruvchi nikohda turgan bo‘lsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan bo‘lsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi;

v) agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, u holda bolalarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;

g) ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan ko‘chirma;

d) agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi;

e) 1 dona (3 x 4 o‘lchamli) fotosurat.

Ota-onasiz qolgan farzandlarni qaramoqqa olish

Qarovsiz qolgan farzandlarni qaramoqqa olish va ularga ta’lim-tarbiya berishning uch xil shakli mavjud: farzandlikka olish, vasiy yoki homiylikka olish yoki patronat shaklida oilaga tarbiyaga olish.

O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 159-moddasiga ko’ra, bolalarni farzandlikka olish uchun ularning hayot bo’lgan ota-onalarining roziligi kerak. Jiyanlaringizning otasi otalik huquqidan mahrum qilinmagani bois, ularni farzandlikka olish jarayonida otasining roziligi talab qilinadi. Agar ota-onaning kimligi noma’lum bo‘lsa; ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa; ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan bo‘lsa; ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan bo‘lsa, farzandlikka olish ota-onaning roziligisiz amalga oshiriladi.

Bolalarni o’z qaramog’iga olishning ikkinchi shakli vasiylik yoki homiylik deb ataladi. O‘zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik to‘g‘risida NIZOM”ga ko’ra, vasiylik yoki homiylik vasiy yoki homiy bo‘lishni xohlovchi shaxslarning arizasiga binoan tuman yoki shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.

Vasiylik va homiylik vasiy yoki homiy tayinlanishga muhtoj bo‘lgan shaxs yashayotgan joyda, agar shaxsning muayyan yashash joyi bo‘lmasa, vasiy yoki homiy yashayotgan joyda belgilanadi.

Vasiy yoki homiy bo‘lishni istovchilardan vasiy yoki homiylikka olishni rasmiylashtirish uchun quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

a) vasiylikka yoki homiylikka oluvchilarning ismi, familiyasi, otasining ismi, yashash joyi, nikohda qachondan beri turganligi va ularning birga yoki alohida yashashi, oilada farzandlar bo‘lsa, ularning soni va yoshi va vasiylik yoki homiylikka olinuvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, yoshi, shuningdek, vasiylik yoki homiylikka olish asoslari ko‘rsatilgan ariza;

b) shaxsini tasdiqlovchi hujjat;

v) turar joyidan oila a’zolari ko‘rsatilgan ma’lumotlar;

g) nikoh guvohnomasi (nikohdan ajralganlik guvohnomasi) nusxasi;

d) ish joyidan ish haqi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma;

e) ish joyi yoki turar joyidan tavsifnoma;

j) vasiy va homiy bo‘lishni istovchi shaxslarning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi vrachlik maslahat komissiyasining xulosasi, ruhiy va narkologiya muassasalari, teri-tanosil dispanseri ma’lumotnomalari.

Vasiylar o‘z qaramog‘idagi shaxslarning qonuniy vakillari hisoblanadilar va ular nomidan hamda ularning manfaatlarini ko‘zlab barcha zarur bitimlarni tuzadilar.

Homiylar o‘z qaramog‘idagi shaxslarga ular o‘z huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda ko‘maklashadilar, shuningdek, ularning huquqlari uchinchi shaxslar tomonidan suiiste’mol etilishidan himoya qiladilar.

Vasiy yoki homiy vasiyligi va homiyligidagi bolalarni tarbiyalashi, ularning ta’minoti, salomatligi, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishi, shuningdek, ularning huquqiy va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi va qaramog’idagi voyaga yetmagan bolalar bilan birga yashashi shart.

Qarovsiz qolgan bolalarni tarbiyaga olishning uchinchi shakli ko’ngilli ravishda bolalarni oilalarga tarbiyaga olish (patronat) hisoblanadi. “Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida NIZOM”ga ko’ra, ota-onalar qarovisiz qolgan bolani (bolalarni) tarbiya qilish uchun olishni istaydigan fuqarolar (er-xotin yoki alohida fuqarolar) tutingan ota-onalar deb ataladi va bunday oila farzandlikka olgan oila hisoblanadi.

Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan bolalar, shu jumladan, tarbiya va davolash muassasalarida, shuningdek, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi.

Farzandlikka olgan oiladagi bolalarning umumiy soni, o‘z bolalari va farzandlikka olingan bolalar bilan birgalikda, qoidaga ko‘ra, 8 nafardan oshmasligi kerak.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish ixtiyoriy bo‘lib, u vasiylik va homiylik organlari bilan bolani olish istagini bildirgan shaxslar o‘rtasida tuzilgan maxsus shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Qaramoqqa olingan bolalar uchun nafaqa beriladimi?

O‘zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik to‘g‘risida NIZOM”ning II qism 20-moddasiga ko’ra, vasiylik va homiylik vazifalari bepul bajariladi. Lekin vasiy va homiy o‘z vasiyligi yoki homiyligidagi shaxsga ta’minot berishga majbur emas.

Vasiy va homiyning o‘z vasiyligi yoki homiyligidagi shaxsning ta’minoti uchun qilgan xarajatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mazkur shaxsning mablag‘i hisobidan qoplanadi. Bu mablag‘ yetarli bo‘lmagan taqdirda esa, uning ta’minoti uchun vasiylik va homiylik organlari nafaqa tayinlashi mumkin.

“Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risida NIZOM” II bo’lim 11-modasiga ko’ra, vasiylik va homiylik organlari oilaga tarbiyalash uchun berilgan bolalarni har yili bir marta kiyim-bosh va poyabzal bilan ta’minlaydilar.

Vasiylik va homiylik organlari bolani oilaga tarbiyaga olgan tutingan ota-onaga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda har oyda nafaqa to‘lab turadi.

Tutingan ota-onaga homiylar, tashkilotlar, idoralar, ayrim shaxslar tomonidan bolalarni tarbiyalash maqsadida turli moddiy va ma’naviy yordam berilishi ham mumkin.

Bunday nafaqalarni olish tartibi haqida ma’lumot olish uchun bolalarni sizlarning qaramog’ingizga bergan vasiylik va homiylik organiga murojaat qilishingizni tavsiya etamiz.

Kam ta’minlangan oilalar uchun nafaqa

Bulardan tashqari, “Voyaga yetmagan bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqalar tayinlash va to‘lash to‘g‘risida NIZOM”ga ko’ra, kam ta’minlangan bolali oilalar davlatdan qo’shimcha moddiy yordam olishi mumkin. Bunday yordam nafaqa olishga muhtoj bo‘lgan, tug‘ilgan, bolalikka va homiylikka (vasiylikka) olingan 16 yoshgacha (umumta’lim maktablarida, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida ta’lim olayotgan 16 yoshdan 18 yoshgacha) bolalari bo‘lgan oilalarga tayinlanadi va to‘lanadi. Demak, siz ham agar kam ta’minlangan oiladan bo’lsangiz, vasiylikka olingan jiyanlaringiz uchun nafaqa so’rab murojaat etishingiz mumkin.

Nafaqa ota-ona yoki vasiylardan birining shaxsiy arizasi asosida 6 oy muddatga tayinlanadi va to‘lanadi, ushbu muddat tugagach arizachi yangi muddatga nafaqa to‘lashni davom ettirish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.

Bir bolali oilalar uchun eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida; ikki bolali oilalar uchun 100 foizi miqdorida; uch va undan ko‘p bolali oilalar uchun 140 foiz miqdorida nafaqa to’lanadi.

Quyidagilar nafaqalar olishda imtiyozli huquqqa egadirlar:

nogiron chaqaloqli (bolali) oilalar;

ota-onaning ikkalasi ham bo‘lmagan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlari shug‘ullanishadigan oilalar;

bolalarning ota-onasidan biri yoki ikkalasi ham nogiron bo‘lgan oilalar;

ota-onadan biri yoki ikkalasi ham ishsiz bo‘lgan, Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan oilalar.

Demak, agar oilangiz jiyanlaringizni ham hisobga olib hisoblanganda kam ta’minlanga oilalar tarkibiga kirsa, unda voyaga yetmagan jiyanlaringiz yoki boshqa voyaga yetmagan oila a’zolaringiz uchun nafaqa olish mumkin. Jiyanlaringizning ota-onasi ikkalasi ham bo’lmagan va sizning oilangiz uni tarbiyasiga olganligi bois, nafaqa olishda imtiyozga ega bo’lasiz.

Nafaqa olish uchun murojaat etish tartibi

Nafaqa doimiy yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga nafaqa tayinlash to‘g‘risida yozma ariza bilan murojaat qilgan oilalarga, alohida hollarda esa ushbu organning raisi (oqsoqoli) taqdimnomasiga binoan tayinlanadi.

Nafaqa tayinlash to‘g‘risidagi ariza bolalarning ota-onasidan biri tomonidan oilaning yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tegishli organiga ushbu organning raisi nomiga beriladi.

Arizada nafaqa olish uchun murojaat qilishga undagan sabablar ko‘rsatiladi.

Nafaqa olish uchun murojaat qilgan shaxs, arizadan tashqari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:

a) tasdiqlangan shakl bo‘yicha oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

b) bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari nusxasi;

v) vasiylik (homiylik)da bo‘lgan bolalarga nafaqa tayinlash chog‘ida vasiylik (homiylik) huquqini belgilovchi organning qaroridan ko‘chirma;

d) 16 dan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga — mazkur shaxs haqiqatan ham o‘quv yurtida o‘qiyotganligi va stipendiya olmasligi to‘g‘risida o‘quv yurtidan ma’lumotnoma.

Nafaqa tayinlash uchun oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravaridan, ya’ni hozirgi kun (2013-yil, fevral) holatiga ko’ra, 119385 so’mdan ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Masalan, hozirgi kun holatiga ko’ra, bir oyda 500 ming so’m daromad qiladigan uch farzandli oila kam ta’minlangan oilalar uchun belgilangan nafaqa olishga haqli. 2013-yil fevral holatiga ko’ra, hozir O’zbekiston Respublikasida eng kam ish haqi oyiga 79590 so’mni tashkil etadi. Besh kishilik oilaning 500 ming so’mlik daromadini kishi boshiga bo’ladigan bo’lsak, har bir oila a’zosi uchun 100 ming so’mga to’g’ri keladi. Bu esa eng kam ish haqining 1,5 baravaridan kam.

Comments are closed.