Savol: Men xotinim bilan ajrashganman, bir nafar farzandim bor. Xotinim tunu kun internetda “Odnoklassniki”da o’g’il bolalar bilan gaplashadi. Bu esa farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Yana, bolaning ism-familiyasiga ham “Odnoklassniki”da sayt ochgan. Men ana shularni sudga isbotlab berib bolani o’zimga olishim mumkinmi?
Javob: Sobiq rafiqangiz xatti-harakatlari farzandingizning ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti uchun salbiy ta’sir ko’rsatayotganini isbotlab bera olsangiz, sud uning onalik huquqini cheklashi mumkin.
Oila Kodeksining 73-moddasiga binoan, ota-ona o’z bolalarini tarbiyalashi shart bo’lib, ularning tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ota-ona farzandlarining sog’lig’i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti (Ta’kid Tashabbusniki) haqida g’amxo’rlik qilishii shart. Ammo ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga, xususan, ularning jismoniy va ruhiy sog’lig’iga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas (75-modda).
Ota sifatida farzandingizning huquq va manfaatlarini himoya qilishga, uni onasi bilan birgalikda tarbiya qilishda ishtirok etishga haqlisiz (74, 76 moddalar). Bolalarning ta’lim-tarbiyasiga taalluqli barcha masalalar bolalar manfaatidan kelib chiqqan va ularning fikrini hisobga olgan holda ota-ona tomonidan o‘zaro kelishuv asosida hal etilishi kerak. Agar ota-ona o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lsa, ular (ulardan biri) bu kelishmovchiliklarni hal qilish uchun vasiylik va homiylik organiga yoki sudga murojaat qilishga haqlidir.
Kodeksda o’z ota-onalik huquqini bolalarning huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-onani javobga tortishning ikki asosiy turi nazarda tutilgan:
ota-onalik huquqidan mahrum qilish va ota-onalik huquqini cheklash (Ta’kid Tashabbusniki).
Ota-onani (yoki ulardan birini) ota-onalik huqudian mahrum qilish uchun o’ta jiddy sabab bo’lishi kerak. Masalan, bolaga nisbatan shafqatsiz muomalada bo’lish, jismoniy kuch ishlatish va hkz. (79-modda).
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish, buning oqibatlari va huquqni tiklash haqida Kodeksning 80, 81 va 82-moddalarida batafsil yoritilgan. Ota yoki onaning “Odnoklassniki” kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi ularning ota-onalik huquqidan mahrum bo’lishi uchun asos bo’la olmaydi. Lekin Kodeksning 83-moddasi ota-onalik huquqining cheklanishi haqida bo’lib, unga ko’ra, sud bolaning manfaatlarini hisobga olgan holda ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilmay turib, bolani ota-onadan (ularning biridan) olish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarishi (ota-onalik huquqini cheklashi) mumkin. Sudning bunday qaror qabul qilishiga sabab bo’lishi mumkin bo’lgan hollardan biri bu ota-onaning xulq-atvori bola uchun xavf tug‘dirganda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga ko’ra, sud boshqa-boshqa turadigan ota-onalar o‘rtasida bo‘lgan ularning qaysi biri bilan qaysi bolasi yashash uchun qolishi to‘g‘risidagi nizolarni hal qilishda bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bog‘lanib qolganligini, ota-onadan qaysi biri bolalariga nisbatan ko‘proq g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatayotganligini, bolalarning yoshini va ota-onadan qaysi biriga ko‘ngil qo‘yganligini, ota-onaning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola o‘rtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining ma’lumot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini e’tiborga oladi. Shu bilan birga, sud 10 yoshga to‘lgan bolaning ota-onasining qaysi biri bilan yashash istagi borligini ham e’tiborga olishi mumkin.
Demak, yuqoridagi holatda, agar siz sobiq rafiqangizning Internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan (masalan, Odnoklassniki) foydalanishi farzandingizning ruhiy holatiga, ma’naviy va axloqiy kamolotiga va xulq-atvoriga xavfli deb hisoblasangiz, mazkur masalani birinchi navbatda sobiq rafiqangiz bilan muhokama qilishingiz maqsadga muvofiq bo’ladi. Agar o’zaro kelisha olmasangiz, kelishmovchilikni hal qilish uchun vasiylik va homiylik organiga yoki sudga murojaat qilishingiz kerak. Bu holatda, sobiq rafiqangizning Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi bolaning ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamolotiga aynan qaysi jihati bilan salbiy ta’sir o’tkazayotganini isbotlab berishingiz kerak bo’ladi. Shuni ta’kidlash lozimki, sobiq rafiqangizning Odnoklasnikidan foydalanishining o’zi uning onalik huquqini cheklash uchun yetarli asos bo’lib xizmat qilmaydi. Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlardagi aynan qaysi xatti-harakat farzandingizning axloqiy va ma’naviy kamolotiga, xulq-atvoriga salbiy ko’rsatayotganini isbotlab berishingiz lozim.
Ota-onalik huquqini cheklash oqibatlari, bolaning sud tomonidan ota-onalik huquqi cheklangan ota-ona bilan ko’rishishi, cheklovning bekor qilinishi Kodeksning 84, 85 va 86-moddalari bilan tartibga solinadi.
One Comment