“Bola huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi Qonunning 3-moddasiga binoan, “bola” deb o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga etgunga) qadar bo‘lgan shaxsga aytiladi. 10-moddada har bir bola erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egaligi belgilangan. Davlat bolani ekspluatatsiyaning barcha shakllaridan himoya qilishni o’z zimmasiga oladi. 20-moddaga ko’ra, ishga qabul qilishga o‘n olti yoshdan boshlab yo‘l qo‘yiladi. Bolalarni mehnatga tayyorlash maqsadida ta’lim maskanlari o’n besh yoshga to’lgan bolalarni quyidagi shartlarga jiddiy rioya etgan holatda ishga jalb etishi mumkin: [a] bola ota-onasidan birining yozma roziligi; [b] mehnat turi bolaning sog’lig’iga va ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmasligi; [c] mehnat turi ta’lim jarayonini buzmasligi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi 2009-yil 26-iyundagi 33Q/B; 13-sonli qaroriga Ilova tarzida “O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari Ro’yxati”ni qabul qilgan. Ro’yxatning XXVIII Qishloq xo’jaligi bo’limida paxtani qo‘lda terish ishlariga 18 yoshga to’lmagan shaxslarning jalb qilinishi mumkin emasligi belgilangan. Demak, paxta yig’im-terimiga voyaga yetmagan maktab o’quvchilari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari talabalarini majburan olib chiqish mumkin emas va bu qonuniy hujjatlar asosida taqiqlangan. Voyaga yetmagan (18 yoshga to’lmagan) shaxslar o’z xohishlariga ko’ra paxta yig’im-terim ishlarida ishtirok etishni xohlasa ham, qonun hujjatlari bunga ruxsat bermaydi.
Eslatma: 18 yoshga to’lmagan shaxslarning paxtani qo’lda terish ishlariga o’z xohishlariga ko’ra ham jalb qilinishi mumkin emas.