Mehnat va jtimoiy ta'minot

Bola puli olish uchun er-xotin bir joyda ro’yxatdan o’tgan bo’lishi kerakmi?

Savol: Mening propiskam Chirchiqda, Gazalkentga turmushga chiqqanman. 2 yoki 16 yoshgacha bola puli olish uchun erimni propiskasiga o’tishim shartmi?

Javob: “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Nizomga ko’ra, 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa “bolali oilalarga nafaqa” deb ataladi, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa “bola parvarishi bo‘yicha nafaqa” deb ataladi va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam “moddiy yordam” deb ataladi. Nizom mazkur uch turdagi nafaqalarni tayinlash tartibini belgilaydi.

Nizomning 12-bandiga muvofiq bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining doimiy yashash (ro‘yxatdan o‘tish) joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan oila boshlig‘i yoki boshqa muomilaga layoqatli oila a’zosining yozma arizasi asosida, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa-bolaning onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning arizasi asosida tayinlanadi.

Alohida hollarda, oilada muomalaga layoqatli a’zolar bo‘lmagan taqdirda nafaqa va moddiy yordam oila a’zolarining yozma arizasisiz fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisining taqdimnomasi bo‘yicha tayinlanishi mumkin.

Mazkur Nizomda va boshqa qonun hujjatlarida agar er va xotinning yashash joylari turlicha bo’lsa qay tartibda ish ko’rilishi aytilmagan. Yuqoridagi Nizom bandlaridan kelib chiqib, bolali oilalarga nafaqa olish uchun arizani o’zingiz yoki turmush o’rtog’ingiz topshirishi mumkin, chunki er ham xotin ham oila boshlig’i hisoblanadi (“Oilaviy tadbirkorlik to’g’risidagi”gi Qonun, 5-modda).  Bola parvarishi bo’yicha nafaqaga arizani esa shaxsan o’zingiz topshirishingiz lozim bo’ladi. Nizomdagi qoidalardan kelib chiqib, sizning doimiy turar joyingiz oilangiz yashaydigan mahallada bo’lmagani uchun siz ariza topshira olmaysiz. Mazkur sababni tushuntirgan holda turmush o’rtog’ingiz sizning o’rningizga ariza yozishi mumkin. Ammo mahalladagi Komissiya bunga qanday munosabat bildirishi noma’lum.

Ikkala holat bo’yicha ham Chirchiqdagi turar joyingizdagi mahalladan mazkur nafaqalarni olmasligingiz to’g’risida ma’lumotnoma olib, G’azalkentdagi mahallaga ariza bilan birgalikda topshirsangiz, arizani ijobiy hal etishga yrodam berishi mumkin.

Oila Kodeksining 22-moddasiga ko‘ra er-xotin yashash joyini tanlashda erkindirlar. Ya’ni, siz xohlagan joyda yashashingiz mumkin. Aynan nafaqa olish uchun yashash joyingizni o’zgartirishga majbur qilinishingiz Oila kodeksining 22-moddasiga zid bo’ladi. Yashash joyingiz tufayli nafaqaga arizangizni rad etishlari ham noqonuniy, chunki har bir fuqaroning ijtimoiy ta’minot olish huquqi mavjud. Mazkur holatda muammo davom etsa, mahallaning bo’ysunishi bo’yicha yuqori turuvchi organi G’azalkent tumani hokimiga, shuningdek, G’azalkent tumani sudiga yoki prokuroriga ijtimoiy ta’minot olish huquqingiz buzilayotganidan shikoyat qilishingiz mumkin. Shikoyat yozishda yordam uchun bizga bo’lanishingiz mumkin.

Comments are closed.