Savol: Bolaga 2 yosh bo’lguncha nafaqa olish uchun ota-onaning daromadini hisoblaydimi yoki propiskada bo’lgan barchaning daromadini hisoblaydimi?
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevraldagi 44-son qaroriga 1-ilova bo‘lgan “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi” Nizomni 8-bandiga ko‘ra, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a’zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan eng kam ish haqining 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi.
Oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilingan oydan oldingi oxirgi uch oy uchun hisoblab chiqilgan oilaning mehnatga layoqatli har bir a’zosining o‘rtacha oylik daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila a’zolari soniga bo‘lingan holda aniqlanadi.
Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun oila tarkibiga:
- bolalarning otasi, onasi yoki nikohdagi har ikki ota-onasi (farzandlikka oluvchilar);
- ota-onalar bilan birga yashaydigan va ularning qaramog‘ida bo‘lgan bolalar, shuningdek ota-onalar bilan birgalikda yashaydigan va o‘z oilalariga ega bo‘lmagan 16 yoshdan katta yoshdagi bolalar (shu jumladan farzandlikka olingan bolalar);
- bolalarning ular bilan birgalikda yashaydigan bobolari va buvilari;
- bolalarning ota-onalari (farzandlikka oluvchilar) bilan birgalikda xo‘jalik yurituvchi boshqa shaxslar kiritiladi.
Oilaning birgalikda yashovchi a’zolari tarkibi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan belgilanadi.
Bolali oilalarga nafaqalar, bola parvarishi bo‘yicha nafaqalar va moddiy yordam tayinlash uchun o‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda inobatga olinadigan oila tarkibiga quyidagilar kiritilmaydi:
- nafaqa yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilgan ota-onalarning aka-uka va opa-singillari, agar ularning o‘z oilalari bo‘lsa;
- ota-onalari ularga nisbatan ota-ona huquqlaridan mahrum etilgan bolalar;
- to‘liq davlat ta’minotidagi bolalar, shuningdek vasiylikka (homiylikka) olingan bolalar;
- chaqiriq bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan yoxud harbiy ta’lim muassasasida o‘qiyotganligi sababli oilada bo‘lmagan ota-ona (farzandlikka oluvchi);
- sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘yicha jazoni ijro etish joylarida ekanligi munosabati bilan oilada bo‘lmagan ota yoki ona (farzandlikka oluvchi).
Agar bir uy xo‘jaligida (bir pochta manzili bo‘yicha) bolali ikki va undan ortiq oilalar yashagan taqdirda, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun bir oila tarkibiga bolalarning ota-onalari, shuningdek ularning bobolari va buvilari hamda bolalarning ota-onalari bilan birgalikda xo‘jalik yurituvchi boshqa shaxslar, ular nafaqa tayinlashda boshqa bolali oilada hisobga olinmagan bo‘lsa, qabul qilinadi.
O‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga, oila a’zolari tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi:
- mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar;
- mulkiy daromadlar;
- yakka tartibdagi tadbirkorning daromadi;
- chet elda ishlaydigan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oila a’zolaridan pul tushumlari summasi;
- pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar (ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda oila olayotgan nafaqa yoki moddiy yordamdan tashqari);
- shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritishdan olingan daromad;
- O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa daromadlar.
Mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar hisoblangan summa bo‘yicha hisobga olinadi (soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar chegirib tashlangunga qadar).
Agar oilaning mehnatga layoqatli har bir a’zosining o‘rtacha oylik daromadlari to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlarda daromad summasi ko‘rsatilmagan bo‘lsa yoki eng kam oylik ish haqining 2,5 baravaridan kam summa ko‘rsatilgan bo‘lsa, u holda oilaning o‘rtacha oylik jami daromadini hisoblash uchun daromadni normativdan past ko‘rsatgan yoki daromadi mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmagan oila a’zolarining har biriga nafaqa yoki moddiy yordamga murojaat qilingan oyda belgilangan eng kam oylik ish haqining 2,5 baravariga teng bo‘lgan normativ daromad miqdori qabul qilinadi.
Ushbu qoida:
- bola ikki yoshga to‘lgunga qadar uning parvarishi bilan band bo‘lgan onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga);
- ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlarga (mehnat shartnomasiga muvofiq ishlarni amalga oshirish hollari bundan mustasno);
- ishlamaydigan pensionerlarga;
- amalda shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritish bilan band bo‘lgan oila a’zosiga;
- tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarida ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan fuqarolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Demak, 2 yoshgacha bo’lgan bola parvarishi bo’yicha nafaqani tayinlashda oilaning o’rtacha daromadini hisoblash uchun oilada doimiy ro’yxatda turgan barcha oila a’zolarining daromadlari hisobga olinadi.