Читайте эту статью на русском
Joriy yilning 4-sentabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun matbuotda e’lon qilindi. Mazkur hujjat asosida, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 11-dekabrda qabul qilingan «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonuniga blogerlar bilan bog‘liq qo‘shimchalar kiritildi. Mazkur qo’shimchalar keng bahs-munozaraga sabab bo’lmoqda.
Xo’sh, qo’shimchalarning ahamiyati nimada? Ular blogerlar uchun qanday huquqiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin? Qo’shimchalar so’z erkinligining asossiz cheklanishiga sabab bo’lishi mumkinmi?
Qo’shimchalar haqida
Qo’shimchalar “Axborotlashtirish to’g’risida”gi Qonunning (bundan keyin Qonun) 3 va 12-moddalarini to’ldirdi (Qo’shimchalar www.lex.uz huquqiy portalida hali chop etilmadi. Ammo ular haqida to’liqroq ma’lumotni mazkur blogda o’qishingiz mumkin). Qonunning 3-moddasiga “bloger” tushunchasi qo’shilib, unga ta’rif berilgan. Qonunning 12-moddasida esa veb-sayt va veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan, bloger tarqatishi taqiqlangan axborot turlarining ro’yxati keltiriladi.
Mazkur ro’yxatga ko’ra, jumladan, mavjud konstitutsiyaviy tuzumni, hududiy yaxlitlikni zo’rlik bilan o’zgartirishga da’vat etish; urush, zo’ravonlik, terrorizm, diniy ekstremizm, separatism va fundamentalizm g’oyalarini targ’ib qilish; milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo’zg’atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro’siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo’l qo’yuvchi axborotni tarqatish taqiqlanadi.
Qo’shimchalar veb-sayt va/yoki veb-sayt sahifasi egasidan axborotni joylashtirishdan oldin uning to’g’riligini tekshirishni ham talab qiladi. Qo’shimchalarda tilga olingan qoidalar bajarilmagan taqdirda tegishli veb-sayt va/yoki veb-sahifa O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkinligi aytilgan.
Bloger o’zi kim?
Yangi qabul qilingan qo’shimchalar bilan tanishar ekansiz, ularning ustida ishlashda huquqshunos-mutaxassislar blog o’zi nima va uning mazmun-mohiyati nimadan iborat ekanligini puxta o’rganib chiqmaganligi ayon bo’ladi. Shu sababli, avvalo, bloger o’zi kim ekanligiga qisqa to’xtalib o’tamiz.
Bloger deb blogi bo’lgan kishiga aytiladi. Blog bu shaxshiy veb-sayt yoki veb-sayt sahifasi bo’lib, unda shaxs (ba’zan bir guruh shaxslar) ma’lum mavzu bo’yicha o’z fikr-mulohazalarini bildiradi. Masalan, O’zbekistonda hozir ko’p sonli o’quvchilari bo’lgan quyidagi bloglarni sanab o’tish mumkin – Xushnudbek.uz, Alisher Faiz, Chorsu.uz, Toshpulat Rahmatullaev yoki Voqea.uz.
Blogerlar ma’lum ijtimoiy masala bo’yicha o’z fikr-mulohazalari va kuzatishlarini boshqalar bilan Internet orqali baham ko’rishni afzal ko’radilar. Blogda joylashtirilgan materiallar fikr-mulohaza, taxmin, e’tiroz, tanqiddan iborat bo’lishi mumkin. Blogning veb-saytdan asosiy farqi shundaki, u ko’proq aniq belgilangan mavzuda blogerning shaxsiy kechinmalari, tajribasi va/yoki fikr-mulohzalarini bildirish uchun xizmat qiladi. Bloglar so’z erkinligidan foydalanishning eng zamonaviy va o’ziga xos usulidir. Fikrlash va so’z erkinligi esa konstitutsiyaviy huquqdir. Mazkur huquqqa ko’ra, har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega bo’lib, faqatgina amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir (Qarang: O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi,29-modda).
Ammo blogerlik, blogerlarning ba’zilari jurnalist bo’lsa ham, jurnalistika emas. Shuning uchun ularga jurnalistlarga qo’yiladigan talablarni qo’yish noto’g’ri. Blogerlar, asosan, turli mavzular haqida o’z fikr-mulohazalarini bildiradilar. Buning uchun professional jurnalist bo’lish talab qilinmaydi. Jurnalist esa materialni tayyorlashda, iloji boricha, ishonchli manbalardan foydalanishi, ularning to’g’riligini tekshirib ko’rishi kerak (Qarang: “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to’g’risida”gi Qonun, 11-modda).
Jurnalistdan xolislik va masalani imkoniyat doirasida kengroq yoritish talab qilinadi. Blogerlardan esa bularning birontasi talab qilinmaydi, talab qilish esa so’z erkinligining jiddiy buzilishiga sabab bo’ladi. Chunki jurnalistikaning asosiy maqsadi ma’lumotni tarqatish, blogerlikda esa o’z fikrini ifoda etishdir.
Yuqoridagi holatlarga umuman e’tibor berilmagan holda, Qo’shimchalar “[…] hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi […] shart”, degan talab qo’yadi. Blogerlar va umuman veb-sayt sahifalarida aktiv bo’lgan shaxslarga bunday talabning qo’yilishi ularning so’z erkinligini jiddiy cheklaydi. Axborotni joylashtirishdan avval uning to’g’riligini tekshirishni jurnalistlardan talab qilish mumkin. Blogerlar esa, yuqorida aytilgani kabi, eng avvalo, o’z fikrini erkin ifoda qiladigan kishilardir. Shuning uchun milliy yoki xorijiy OAVda “O’zbekistonda yangi ishlab chiqarilayotgan “Captiva” rusumli avtomashinalar ko’p nuqsonlar bilan chiqayapti” mazmunidagi yoki “Uyda isiriq tutatish ko’z tegishidan, kasal bo’lishdan asraydi”, qabilidagi axborotni yoki fikr-mulohazani chop etish uchun uning to’g’riligini tekshirish shart emas.
Qo’shimchalarda bloger ta’rifi
Qo’shimchalar “Axborotlashtirish to’g’risida”gi Qonunning 3-moddasida “bloger”ni quyidagicha ta’riflaydi:
“Internetga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan, axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs”.
Mazkur ta’rif, qanchalik noaniq bo’lmasin, nega qo’shimchaga kiritilganini tushunish qiyin. Zero bloger tarqatishi taqiqlangan axborot turlari faqatgina bloger uchun emas, balki, umuman olganda, veb-sayt va/yoki veb-sayt sahifasi egalariga tegishlidir. Ammo qo’shimchalar haqida firk bildirgan mutaxassislar, ularni faqat blogerlarga tegishli ekanligini aytmoqda (masalan, deputat Ilhom Abdullaev va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev).
12-modda Internetda tarqatilishi taqiqlangan ma’lumotlar doirasini belgilab, taqiqlangan xatti-harakatlar “Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan, bloger”ga tegishli ekanligini aytadi. Demak, 12-moddada belgilangan taqiqlar (1) Veb-saytning egasi va (2) Veb-sayt sahifasining egasiga taalluqli. “Veb-sayt sahifasining egasi”dan so’ngra “shu jumladan, bloger” deb aytilishi, blogerlar “veb-sayt sahifasining egasi” jumlasiga kiritilganini bildiradi. Internetdan foydalanadigan kishilarning aksariyatini mazkur ikki toifaga bo’lish mumkin. Masalan, Facebook, Odnoklassniki, Twitter, va VKontakte kabi ijtimoiy tarmoqlar tom ma’nodagi blog hisoblanmasa ham, “veb-sayt sahifasi” hisoblanadi va ulardan mamlakatimizda millionlab, dunyo miqyosida esa milliardlab kishi foydalanadi.
“[…] sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro’siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotga aralashishga yo’l qo’yuvchi axborotni tarqatish”
Qo’shimchalar “[…] milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish […]”ni taqiqlaydi. Amaldagi qonunchilikka ko’ra, “milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo’zg’atish” man etiladi (masalan, Jinoyat Kodeksi 156-moddasi, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeks 1843-moddasi). Ammo “fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro’siga putur yetkazvuchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo’l qo’yuvchi axborotni tarqatish” uchun na ma’muriy, na jinoiy javoblarlik belgilangan. Bunday qoidani belgilash so’z erkinligini butunlay yo’qqa chiqarishi bilan xavflidir.
Fikr-mulohaza bildirish yoki turli mavzuda xabar berish, albatta, kimningdir sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazishi mumkin. Ammo bunday xabarlarning aksariyati jiddiy ijtimoiy ahamiyatga ega bo’ladi. Ular haqida keng jamoatchilik voqif bo’lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Blogerlarning ahamiyati ham shu yerda. Ular orqali qo’lga kiritish qiyin bo’lgan, ammo ijtimoiy ahamiyati o’ta yuqori bo’lgan axborot va ma’lumotlarni o’rganish mumkin bo’ladi.
Masalan, universitetda tahsil olayotgan talabalardan bittasi o’z blogida, rektorning bir guruh talabalarni dalasida ishlatayotgani haqida habar berdi. Bunday xabar rektorning “ishchanlik obro’siga” putur yetkazadimi? Sha’ni va qadr-qimmatigachi? Yetkazadi. Bunday xatti-harakat jazolanishi kerakmi? Yo’q, albatta.
Yoki bo’lmasa, rus millatiga mansub tibbiyot universiteti talabasi o’z blogida “O’zbeklar o’z farzandlarini beshikka bellashi g’irt ahmoqlik, go’dakka bo’lgan g’ayri insoniy munosabat,” – deb yozishi o’zbeklarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadimi? Malum miqdorda ha. Ammo bunday firk bildirish taqiqlanishi kerakmi? Yo’q, albatta.
Ba’zi axborot, u qanchalik ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lmasin, kishilarning sha’ni va qadr-qimmatiga jiddiy putur yetkazadi. Masalan, OAVlarning fohishabozlik haqida xabar berishi yaxshi misol bo’lib xizmat qiladi. Masalan, “National Geographic” telekanali tomonidan chet elda fohishabozlik bilan shug’ullanayotgan o’zbek ayollari haqidagi lavhada, mazkur muammo yoritiladi (ijtimoiy ahamiyati sababli), ammo fohishabozlik bilan shug’ullanayotganlarning yuzlari va ismlari oshkor etilmaydi. Chunki keng jamoatchilik mazkur ishga tobora ko’proq o’zbek yoshlari jalb etilayotgani haqida bilishi kifoya. Keng jamoatchilik alohida fohisha haqida ma’lumotga ega bo’lishining hech qanday ahamiyati yo’q. Shu sababli Hindistonda ushlangan o’zbekistonlik fohishalarning ham yuzlari berkitilishiga ruxsat berilgan. Ammo O’zbekistonda Ichki ishlar vazirligi tomonidan qo’lga olinib suratga olingan, so’ngra “Ozbekiston” telekanalida ko’rsatilgan lavhada, fohishalarning nafaqat yuzlari, balki ularning uyatli holatlari ham ochiq-oydin ko’rsatilib, shaxslari haqida to’liq ma’lumot ham beriladi. Mana bu holatni tom ma’noda sha’n va qadr-qimmatga putur yetkazish deyish mumkin.
“[…] qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart”
Mazkur qoidaga ham hech qanday ehtiyoj yoq. Taqiqlangan xatti-harakatlar 12-moddada aniq sanab o’tilgandan keyin, “sabab bo’ladigan boshqa harakatlar” haqida gapirish taqiqlanishi mumkin bo’lgan harakatlar doirasini asossiz kengaytirib yuboradi. Qolaversa, demokratik davlatlarda qonun bilan jinoiy yoki ma’muriy javobgarlik belgilangan qoidalarni o’zgartirishga qaratilgan harakatlarni qilish (qonun doirasida) tabiiy hol hisoblanadi. Masalan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi Qonunga ko’ra (qarang, 14-modda), jamoat joylarida “ibodat libosi” bilan yurish taqiqlanadi. Ayrim joylarda sudyalar hijobni ibodat libosi deya talqin qilgan holatlar ham mavjud. Ayrim davlat muassasalari mazkur qoidani asosli deb hisoblashlari mumkin (“ibodat libosi” huquqiy tushunchasi bilan bo’g’liq huquqiy muammolar bilan Hijob ibodat libosimi? maqolasida tanishishingiz mumkin). Boshqa kishilar uchun esa diniy qadriyatlarga mos kiyinish har bir kishining uzviy huquqi hisoblanadi (vijdon erkinligi). Bunday bo’lishi tabiiy hol. Mazkur holatda diniy libosda yurishni (masalan, hijobda) farz deb hisoblaganlar davlatning hijobni cheklovchi qoidalarini o’zgartirishga chaqirishi sog’lom demokratik davlatlarda kuzatiladigan holatdir.
Kimdir mazkur masalani muhokama qilish uchun blog ochishi mumkin. O’z blogida hijobning ahamiyati, uni o’rash uslublari, ro’mol turlari haqida ma’lumotlar va qonun bilan “ibodat libosi” taqiqlanishi nima uchun notog’riligi haqida yozishi mumkin. Mazkur blogerni, o’z blogidan “javobgarlikka sabab bo’ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadida foydalanish”da ayblash mumkin. Ayrim sudlarning hijobni “ibodat libosi” deb talqin qilishi bunga sabab bo’lishi mumkin (Qarang: Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 1841-modda).
“[…] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkin.”
Bu qanday tartib? Nimadan iborat? “Maxsus vakolatli organ” kim? Mazkur organ qarorlari ustidan shikoyat qilish tartibi qanday? Bu savollarga javoblarning yo’qligi ham qo’shimchalarning kamchiliklaridan, puxta o’ylanmasdan tayyorlanganidan dalolat beradi.
Bloglarda faol bo’lgan blogerlar kimligini aniqlash o’ta mushkul ekanligini hisobga oladigan bo’lsak, Vazirlar Mahkamasi “belgilangan tartib” nimadan iboratligini batafsil yoritishining ahamiyati yanada ravshanlashadi. Aks holda “maxsus vakolatli organ” mazkur qoidalarni asosli va o’rinli tatbiq etish o’rniga vakolatlarini osonlikcha suiiste’mol qilishiga zamin yaratiladi. Davlat, uning organlari va mansabdor shaxslar esa Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko’rishlari kerak (Qarang: O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 15-modda). Ularning harakatlari Konstitutsiyaga zid kelishi mumkin emas (Qarang: Konstitutsiya, 16-modda). Konstitutsiyaning mazkur qoidalari konstitutsiyaviy huquq cheklanganda, cheklovlar doirasi va qamrovi aniq belgilab berilishini talab qiladi. Aks holda, qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini jiddiy buzadi va mamlakatimizning oliy huquqiy hujjati bo’lmish Konstitutsiyaga bo’lgan hurmatni kamaytiradi.
Blogerlar faoliyatini to’liq nazorat qilish kerakmi?
Veb sahifalar va bloglarni to’liq nazorat ostiga olish imkoniyati yo’q. Buning uddasidan hali hech bir davlat chiqqani yo’q. Sababi internetda mavjud cheklovlarni chetlab o’tmoqchi bo’lgan kishi buning uddasidan bemalol chiqishi mumkin.
Albatta, tor doiradagi ba’zi masalalar davlat tomonidan tartibga solinishi kerak. Masalan, davlat to’g’ridan to’g’ri zo’ravonlik ishlatishga yoki pornografik materiallarni tarqatishga (Qarang: Pornografiyani taqiqlash borasida ba’zi mulohazalar) qaratilgan fikrlar va materiallarni haqli ravishda cheklashi mumkin, zero fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart (Qarang: O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 20-modda). Ammo bu yerda zararning xarakteri aniq belgilab berilishi shart. Aks holda, huquqlar o’z mazmun-mohiyatini yo’qotadi.
Shuning uchun davlat samarasiz cheklovlar orqali emas, balki chin ma’nodagi “fikrga qarshi fikr, g’oyaga qarshi g’oya” uslubidan foydalanishi kerak. Davlat fikr va mulohazalar erkin ifoda etiladigan zamin, o’ziga xos fikrlar bozori yaratilishiga yo’l qo’yib berishi kerak. Shunda fikrlar bozorida hamisha behayolikka qarshi hayoni, zo’ravonlikka qarshi murosani, pastkashlikka qarshi olijanoblikni, millatchilikka qarshi bag’rikenglikni, qonunsizlikka qarshi qonun ustuvorligini targ’ib qiluvchi topiladi.