Fuqarolik huquqi

Barmoq izlari chiqmasa, nima qilish kerak?

Savol: 2013-yildan boshlab davlatdan tashqariga chiqish uchun fuqarolar biometrik pasportga ega bo’lishlari shartmi? Biometrik passport olish uchun qo’l barmoq izlarini topshirish qayd etilgan. Onamning qo’l barmoq izlari ikki safardan buyon aniq chiqmaganligi sabab qaytarib yuborishmoqda.
Bunday hollar bo’lib turayotganini onamga tushuntirishgan. Lekin qo’l barmoq izlari aniq chiqmaydigan fuqarolar biometrik pasport ololmaydimi? Eski, lekin muhlati tugamagan pasport bilan 2013-yilda davlatdan tashqariga chiqishlari mumkinmi?

Javob: Amaldagi eski, ammo muddati tugamagan pasport 2015-yilgacha amal qiladi. Yangi biometrik pasportga o’tish jarayoni 2015-yilga qadar amalga oshiriladi. Avvalo, chet elga chiqayotgan fuqarolar OVIR vizasini rasmiylashtirish davomida yangi biometrik passport oladi. Bu jarayon hozir faqat respublikaning ayrim hududlarida, asosan, Toshkent shahrining ayrim tumanlarida to’liq amalga oshirilmoqda, xolos.

Agar sizning tumaningizda ham chet elga chiquvchilarning pasportlarini biometrik pasportga almashtirish jarayoni boshlangan bo’lsa, OVIR uchun murojaat qilinganda, sizga yangi biometrik pasport olish lozimligini aytishadi.

Qo’l barmoq izlari aniq chiqmay qolishi holatlari uchrab turadi. Bu, asosan, yoshi katta shaxslarda uchraydi. Chunki ularning terisi barmoq izlarining aniq olinishiga to’sqinlik qiladi. Bu narsa rivojlangan davlatlarda ham ko’p uchrab turadi.  Bunday holatda barmoq izlarini qayta olish tavsiya qilinadi.  Hech iloji bo’lmasa, eski amaldagi pasportning muddati hali tugamaganligini uchun IIBning Xorijga chiqish, kirishni rasmiylashtirish boshqarmasi rahbariga eski, ammo amal qilish muddati tugamagan pasport bilan xorijga chiqishga ruxsat berishini iltimos qilib, murojaat etishni maslahat beramiz.

One Comment