Savol: Men va onam chet elga chiqish uchun OVIRga hujjatlarimizni may oyida topshirgan edik. Ammo IIBga borganda, 35 yoshga to’lgunga qadar mumkin emas deb, qizlarni rosa qiynashyapti. Yetti oydirki, bizning ishimizni hal qilib berishmayapti. Qonunni buzmagan bo’lsam ham, ruxsat berishmayapti. Qanchadan-qancha odamlar norozi ulardan. Bir nima so’rab bo’lmaydi. Darrov 8 yilga qamaymiz, deb odamga po’pisa qilishadi. Men tushunmayapman. Hech qanday qonunni buzmagan bo’lsam, nega menga OVIR berishmaydi?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasiga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi Tartibiga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet elga erkin chiqish huquqiga egadirlar.
Tuman ichki ishlar bo’limining Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari fuqaroning chet elga chiqish uchun ruxsatnoma stikerini olish to’g’risidagi murojaatini 15 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi va chet elga chiqish huquqiga cheklovlar uchun asos bo‘lmagan taqdirda uning pasportiga stiker yopishtiradi.
Chet elga borish huquqidagi cheklashlar
Chet elga borish huquqiga ba’zi bir cheklovlar qo’yilgan. Ular haqida batafsil “Rad etilgan OVIR vizasi ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?” deya nomlangan maqolamizda tushuntirish berganmiz. Savolda hech qanday qonun-qoida buzilmagani haqida aytilgan gapdan ma’lum bo’ladiki, savol egasining chet elga chiqish huquqi qonunda ko’rsatilgan asoslardan tashqari holatda cheklanmoqda.
Lex.uz qonunchilik tizimida 35 yoshgacha bo’lgan ayollarni chet elga borish huquqini cheklash to’g’risida biron bir normativ hujjat topilmadi. Demak, IIB xodimining shunday cheklov mavjud degan bahona bilan yoki shunday cheklovga asoslanib ayollarning chet elga borish huquqini rad etishi noqonuniy holat hisoblanadi.
35 yoshgacha bo’lgan ayollarning chet elga chiqish huquqini cheklash to’g’risida norasmiy buyruq mavjudligi to’g’risida xabarlar mavjud. Ammo bunday norasmiy buyruq va amaliyot ham qonunga zid. O’zbekiston Konstitutsiyasining 18-moddasiga ko’ra, O’zbekiston fuqarolari jinsidan qat’i nazar bir xil huquqlarga ega. Aynan 35 yoshgacha bo’lgan ayollar guruhini ajratib olib, ularning chet elga chiqishiga to’sqinlik qilish ayollarga qarshi diskriminatsiya hisoblanadi. O’zbekiston qonunlari esa diskrinimatsiyaga yo’l qo’ymaydi.
IIB xodimlarining 8 yilga qamab qo’yish haqida po’pisa qilishi
IIB xodimlarining qo’lidan odamlarni 8 yilga qamab qo’yish kelmaydi. 8 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini faqat sud qarori beradi. IIB xodimi fuqarolarga po’pisa qilishga haqqi ham, vakolati ham yo’q. Fuqarolarga qo’pol munosabatda bo’lganligi yoki ularni po’pisa qilib qo’rqitishi uchun ular javobgarlikka tortiladi.
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish deb nomlanadi. Unga ko’ra, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, ya’ni mansabdor shaxsning o‘ziga qonun bilan berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etishi, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakat:
a) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab;
v) mas’ul mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, —
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
IIB xodimi ham o’z hokimiyat vakolati doirasidan chetga chiqib, unga murojaat qilgan fuqarolarga 8 yilga qamab yuborish haqida po’pisa qilayotgania hamda O’zbekiston qonunlarda mavjud bo’lmagan asoslar bilan 35 yoshgacha bo’lgan ayollarning chet elga chiqishiga yo’l qo’ymaslikka urinishi yuqoridagi javobgarliklar uchun asos bo’lib xizmat qiladi.
Shikoyat qilish
Avvalambor, IIB bo’limining boshlig’iga sizga po’pisa qilgan hamda 35 yoshgacha bo’lgan ayollar chet elga chiqishi mumkin emas degan vaj bilan OVIR ruxsatnoma stikerini bermayotgan IIB xodimlari ustidan shikoyat qiling. Shikoyatda sizning konstitutsiyaviy huquqlaringiz poymol qilinganini ta’kidlang. “Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi qonunning 18-moddasiga ko’ra, IIB boshlig’i shikoyatingizni shikoyat qilgan kuningizdan boshlab bir oy ichida, agar qo‘shimcha o‘rganishni va tekshirishni talab etmasa, o‘n besh kundan kechiktirmay ko‘rib chiqishi kerak.
Shikoyatni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallar talab qilib olish yoki boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, shikoyatni ko‘rib chiqish muddati tegishli davlat organi rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin va bu haqda ariza yoki shikoyat bergan shaxsga ma’lum qilinadi. Murojaatingizni ko‘rib chiqqan IIB boshlig’i sizga murojaatni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida va qabul qilingan qarorning mohiyati haqida yozma shaklda xabar qilishi shart. Agar IIB boshlig’i shikoyat yuzasidan qaror qabul qilsa, va agar siz uning chiqargan qaroriga rozi bo‘lmasangiz, IIB boshlig’i sizga qabul qilingan qaror ustidan shikoyat berish tartibini tushuntirishi shart.
IIB boshlig’i shikoyatingizni qanoatlantirmasa yoki siz unga shikoyat qilishni xohlamasangiz, yuqori turuvchi organ, ya’ni viloyat ichki ishlar bo’limiga, yoki to’g’ridan to’g’ri tuman prokuraturasiga, sudga IIB xodimining sizga noqonuniy tarzda po’pisa qilganligi hamda qonunda mavjud bo’lmagan vajlar bilan diskriminatsiya qilgan holda sizning chet elga borish huquqingizni buzganligi to’g’risida shikoyat qilishingiz mumkin.
Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoshidagi Inson huquqlari bo’yicha vakil (Ombudsman)ga ham shikoyat yo’llashingiz mumkin.
Ishingizning tezroq o’z foydnagizga hal bo’lishi uchun iloji boricha ko’proq joyga shikoyat yozing. Shikoyatlaringizni ikki nusxada yozib, topshirgan organdan “shikoyatni qabul qildik” degan yozuv bilan shikoyat topshirilgan sanani yozidirib, imzo qo’ydirib oling.
Saytimiz o’quvchilariga shuni ta’kidlashni xohlardikki, O’zbekiston “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to’g’risidagi ”gi Konvensiyani1995-yilda qabul qilgan. BMTning Inson huquqlari qo’mitasida har 5 yilda bo’ladigan Konvensiya hisobot yig’ilishlarida O’zbekiston delegatsiyasi “O’zbekistonda ayol va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarning kafolatlari to’g’risida” qonun loyihasi ishlanayotganligi va u yaqin kunlarda qabul qilinishi haqida 2000-yildan beri va’da berib keladi, ammo ushbu qonun hamon qabul qilingani yo’q. Bundan tashqari, delegatsiya o’z hisobotlarida O’zbekistonda ayollarga qarshi diskriminatsiya yo’qligi haqida aytib keladi. Lekin ushbu savoldan yaqqol ko’rinib turibdiki, mamlakatda ayollarga nisbatan norasmiy diskriminatsiya mavjud. Bundan tashqari, ayollarga qarshi diskrinimatsiyaga yo’l qo’ymaslik borasidagi huquqiy himoya qonunchilikdan kuchli o’rin olmagan. Tashabbus Ma’muriy javobgarlik to’g’risdagi kodeksga ayollarga qarshi diskrinimatsiyaga yo’l qo’yganlik holatlari uchun javobgarlik belgilanishi kerak deb hisoblaydi.
One Comment