Savol: Ayol kishini chidab bo’lmas darajada so’kib, haqorat qilganlik uchun qanday jazo bor?
Javob: O’zbekiston Respublikasi ma’muriy va jinoiy javobgarlik to’grisidagi qonunchiligi haqorat qilish uchun javobgarlik belgilaydi. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksining 41-moddasiga ko’ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish – eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga asos bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 140-moddasiga ko’ra esa, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo’llanilgandan keyin sodir etilgan bo’lsa, – eng kam oylik ish haqining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Fikrimizcha, haqorat qilgan shaxsni Jinoyat Kodeksining 141-moddasida nazarda tutilgan “Fuqarolarning teng huquqliligini buzish” jinoyatida ham ayiblash mumkin. Mazkur moddaga ko’ra, “jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy yoki ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, fuqarolarning huquqlarini bevosita yoki bilvosita buzish yoki cheklash yoxud fuqarolarga bevosita yoki bilvosita afzalliklar berish – eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanad”.
141-modda bevosita haqorat qilish haqida bo’lmasa ham, “ayol kishini chidab bo’lmas darajada so’kish” kabi haqoratni ayol kishini jinsi tufayli bilvosita teng huquqliligini buzish deb ta’riflash mumkin.
4 Comments