Aybsizlik prezumpsiyasi jinoyat huquqining muhim prinsiplaridan biri hisoblanadi. Unga ko’ra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Mazkur prinsipning yana bir muhim xususiyati shundaki, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o’zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas.
Aybsizlik prezumpsiyasi xalqaro huquq normalarida hamda milliy qonunchiligimizda o’z aksini topgan. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 11-moddasida uning har bir shaxsga berilgan daxlsiz huquq ekanligi qat’iy belgilab qo’yilgan: «Jinoyat sodir etganlikda ayblangan har bir inson himoya uchun barcha imkoniyatlar ta’minlangan holda, ochiq sud majlisi yo’li bilan uning aybi qonuniy tartibda aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishga haqlidir».
Shuningdek, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi Xalqaro Paktda hamda Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to’g’risidagi Yevropa Konvensiyasida ham mazkur prinsipning alohida qoida sifatida belgilanganligi e’tiborga molikdir.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga ko’ra, «Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko’rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o’zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi».
Aybsizlik prezumpsiyasining ahamiyati va qo’llanilishi haqida ko’plab huquqshunoslar yakdil fikrda bo’lsalar-da, lekin uni talqin etish borasida bahsli masalalar ham uchrab turadi. Keling, avvalo, mazkur prinsipning kelib chiqish tarixi haqida to’xtalib o’tsak.
Yuqorida ham aytib o’tganimizdek, aybsizlik prezumpsiyasi jinoiy va konstitutsiyaviy huquqning asosiy qoidasi sifatida ko’plab davlatlarda rasman qabul qilingan. Lekin yaqin o’tmishda ham aybdor deb hisoblangan har bir shaxs uning himoyasidan to’la foydalana olmagan.
Olimlar aybsizlik prezumpsiyasining ilk belgilari qadimgi yahudiy qonunlarida bo’lganini aytishadi. Shuningdek, ayrimlar uni Qadimgi Rim huquqi bilan bog’lab, XII-asr Italiya huquqida aybsizlik prezumpsiyasi rasman amal qilganini ta’kidlashadi. Bu davrda aybsizlik prezumpsiyasining qo’llanilishi bugun biz talqin etadigan darajada keng bo’lmagan. Ya’ni, hamma ham bu huquqdan foydalana olmagan. Prezumpsiyaning bu shakli tanlov prezumpsiyasi deb atalgan. Undan faqat sharafli, namunali hayot kechirgan hamda yaxshi xulq-atvori bilan tanilgan insonlar, asosan, jamiyatning obro’li vakillari foydalana olgan, xolos. Tanlov prezumpsiyasining mazkur cheklangan funksiyasi Kontinental Yevropa maktabida shakllangan. Bunga qarshi o’laroq, aybsizlik prezumpsiyasining barcha uchun teng bo’lishi kerakligi haqidagi nazariya Kanonikal huquqda vujudga kelgan. Mazkur maktab vakillari o’z qarashlarini inson fitratan gunohsiz bo’ladi, shuning uchun prezumpsiyani barchaga qo’llash kerak, deya asoslashgan.
XV-asrga kelib, Italiyaning o’zida aybsizlik prezumpsiyasining barcha uchun teng umumiy prinsip ekanligi e’tirof etila boshlangan.
Shuningdek, ayni paytning o’zida Anglo-Amerikan huquq maktabida ham aybsizlik prezumpsiyasi parallel tarzda rivojlanib borgan.
Aybsizlik prezumpsiyasining bugungi kundagi qiyofasi Uyg’onish davriga kelibgina aniq shaklga ega bo’ldi. U qonuniy prinsip sifatida ilk marotaba 1789-yilda qabul qilingan Inson huquqlari to’g’risidagi Fransiya deklaratsiyasida o’z ifodasini topdi. XVIII-asrning 2-yarmida aybsizlik prezumpsiyasi har bir insonga kafolatlangan asosiy konstitutsiyaviy huquq sifatida to’la e’tirof etildi. Uning zamonaviy qonun tizimlarida qat’iy o’rnatilishi XIX-asrda yuz berdi. Lekin barcha jabhalarda inson huquqlari to’la e’tirof topgan XX asrda ham aybsizlik prezumpsiyasini inkor qiluvchi tuzum va davlatlar mavjud edi. Masalan, 30-yillarda Italiya va Germaniyada hukm surgan fashistlar diktaturasi bu prinsipni rasman inkor etdi. Ikkinchi jahon urushi davrida mazkur davlatlarda millionlab odamlarning sudsiz, hukmsiz qatl etilgani tarixiy haqiqatdir.
Aybsizlik prezumpsiyasi tamoyili Amerika Qo’shma Shtatlari qonunchiligiga 1894-yili AQSH Oliy sudi tomonidan ko’rilgan The US vs. Coffins ishi orqali kirib keldi. O’shanda quyi instansiya sudining prisyajniylar hay’atiga ayb isbotlanmaguncha ayblanuvchilar begunoh bo’lishi kerakligi haqidagi ko’rsatmani bermagani aniqlangan edi. Mazkur ish yuzasidan chiqarilgan AQSH Oliy sudi qarorida aybsizlik prezumpsiyasi o’z ifodasini topadi:
«Qonun jinoyat qilganlikda ayblangan shaxslarni ularning aybi aniq faktlar bilan isbotlanmagunga qadar aybsiz deb hisoblaydi».
AQSH Konstitutsiyasida aybsizlik prezumpsiyasi maxsus moddalar bilan e’tirof topmagan bo’lsa-da, lekin 5, 6 hamda 14 -qo’shimchalarda bu prinsipning amal qilishi belgilab qo’yilgan.
Buyuk Britaniyada aybsizlik prezumpsiyasi Angliya fuqarolar urushidan so’ng qaror topdi. Bu davrda qamoqdagi asirlar uchun maxsus himoya vositalarini ishlab chiqish taqozosi aybsizlik prezumpsiyasining shakllanishiga turtki bo’ldi. Lekin amalda bu muhofaza choralaridan, asosan, puldor qatlam foydalana olgan, xolos.
XVIII-XIX-asrlarda Angliyada oddiy fermerlar, ishchilar hamda kambag’allardan iborat mahbuslar uchun aybsizlik prezumpsiyasining amal qilishi afsonaday gap edi. Mahalliy sudlarda jinoyatlar, asosan, majburlov yo’li bilan ayblanuvchilar bo’yniga qo’yilar, yarim soatga ham cho’zilmaydigan sud ishlarida mahbuslarni osongina darralash, surgun qilish va hatto, osishga ham hukm qilib yuborilaverar edi. XIX-asr mobaynida ishchilar sinfining siyosiy qarshiliklariga javoban Britaniya hukumati kuchli politsiya rejimini hamda qamoq tizimini joriy etadi. Lekin, harqalay, jiddiy tekshirish, guvohlarni chaqirtirish, politsiya tekshirishlarini shubha bilan o’rganish kabi jarayonlarni o’z ichiga oluvchi rasmiy sudlar faoliyati yo’lga qo’yildi.
Ammo XIX-asr oxirigacha va hatto XX-asrda ham sud ishlarida dalillarni soxtalashtirish, guvohlarni qo’rqitish va ayblanuvchilar bo’yniga jinoyatlarni majburlab qo’yish kabi holatlar kamaymagan.
Bularning barchasi, albatta, aybsizlik prezumpsiyasi talablariga tamomila zid edi.
Avstraliyaga sud-huquq tizimi, jumladan, aybsizlik prezumpsiyasi tamoyili bevosita Angliyadan kirib kelgan. Shu boisdan aybsizlik prezumpsiyasining shakllanishi bu yerda ham Angliyadagi kabi kechgan. Avstraliya aholisining qashshoq qatlami dastlab aybsizlik prezumpsiyasi himoyasidan foydalana olmagan. Bu prinsipning amal qilishi, hatto, XX-asr so’nggi choragida ham jiddiy to’siqlarga duch keldi. Yangi Janubiy Uels shtati sudining o’tkazgan tadqiqotiga ko’ra, 80-yillarning boshida jinoyat ishlarining 96 foizida ayblanuvchilar bo’yniga jinoyatlar politsiyaning majburlashi bilan qo’yilgan. O’tkazilgan tekshiruvlar yana Avstraliyaning boshqa shtatlarida ham 80, 90-yillarda tergovlarda soxta dalillar, majburiy tan oldirishlar sodir etilganligini ko’rsatgan.
Hukumatlar turli holatlarda aybni isbotlash mas’uliyatini aybsizlik prezumpsiyasiga zid ravishda talqin etganlar. Lekin, baribir, asosiy taomil sifatida politsiyaga yuklangan aybni isbotlash mas’uliyati o’zgarmagan. 1935-yil Angliyada ko’rilgan mashhur Woolmington ishida «oltin qoida» sifatida qabul qilingan e’tirofga ko’ra, mahbusning aybini isbotlash ayblovchilar zimmasidagi burch sifatida belgilab qo’yilgan. Mahbusni ayblash uchun esa shubhaning mavjud bo’lishi talab qilingan.
O’zbekiston Respublikasida aybsizlik prezumpsiyasi, avvalo, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida qat’iy belgilab qo’yilgan. Shuningdek, mustaqillikdan so’ng yangi ishlab chiqilgan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida ilk marotaba jinoyat protsessining xalqaro huquqiy normalariga mos keladigan tamoyillari mustahkamlandi: aybsizlik prezumpsiyasi, sud protsessi tortishuvga asoslanganligi, himoya huquqini ta’minlash va boshqalar. Yangi Jinoyat-protsessual kodeksida himoya huquqi nafaqat e’lon qilindi, balki sud ishining dastlabki bosqichidan, ya’ni shaxs jinoyat sodir etishda gumon qilinib, qo’lga olingan vaqtdan boshlab amalga oshirilishi ta’minlandi. Jinoiy sud ishini yuritishda prokurorning roli ham o’zgardi. Tortishuv tamoyiliga binoan prokuror protsessda teng huquqli tomonlardan biriga aylandi va sudni nazorat qilish vazifasidan ozod etildi. Endilikda, JPKga muvofiq, sudda jinoiy ishlar ko’rib chiqilayotganda prokurorga davlat ayblovini qo’llab-quvvatlaydigan idora vakolatlari topshirildi.
Xullas, aybsizlik prezumpsiyasi bugungi kunda jinoyat huquqining muhim prinsipi sifatida umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalarida hamda mamlakatimiz milliy qonunchiligida qat’iy belgilab qo’yilgan. Asrlar osha shakllanish bosqichlarini o’tagan bu tamoyil insonlarning nohaq jazolanishlarini oldini olishga, muhimi, jamiyatda adolat muvozanatini o’rnatishga qaratilgandir.
Aybsizlik prezumpsiyasi to’la shakllanish bosqichini o’tab bo’lgan bo’lsa-da, biroq uni talqin etish borasidagi bahslar hali-hanuz davom etmoqda. Ayrim huquqshunoslar fikricha, jamiyatda shunday jinoyatchilar ham bo’ladiki, ularning aybini isbotlash amaliyotda juda qiyin, ya’ni bunday holatlarda aybsizlik prezumpsiyasini qo’llash, garchi kuchli shubha mavjud bo’lgan taqdirda ham, foyda bermaydi. Ularning qarashicha, bunday vaziyatlarda ayblilik prezumpsiyasini qo’llash kerak. Ya’ni jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs o’zining aybsizligini isbotlab berishi kerak. Fuqarolik huquqlari bo’yicha ayrim faollar giyohvandlik, jinsiy zo’ravonlik, irqiy kamsitish, terrorizm kabi jinoyatlarda shu tamoyilni qo’llash kerak, deb hisoblashadi. Lekin jamoatchilik va huquqshunoslarning aksariyati ayblilik prezumpsiyasining har qanday shakliga qarshi. Chunki bu prinsip demokratiya tamoyillariga zid bo’lib, unda o’zining aybsizligini isbotlab bera olmagan insonning nohaq jazolanishi xavfi bo’ladi. Darhaqiqat, bir mutafakkir aytganidek, bitta odamning nohaq jazolanganidan ko’ra, o’nta aybdor odamning oqlangani afzaldir. Chunki, odamni nohaq jazolash zulm, aybdorni kechirish esa fazilatdir.
Lekin amaliyotda, garchi e’tirof etilmasa-da, turli ko’rinishlarda ayblilik prezumpsiyasining amal qilayotgani ko’rinib qoladi. Masalan, tergov jarayonida ayblanuvchining shubha bilan uzoq vaqt qamoqda ushlab turilishi amalda aybsizlik prezumpsiyasining buzilishi hisoblanadi. Ya’ni, bu holatda sudda oshkora va qonuniy tartibda aybi isbotlanmaguncha aybsiz hisoblanishi kerak bo’lgan shaxsning bu huquqi qamoqda saqlanishi natijasida buziladi. Bu narsani kuchli shubha bo’lgan taqdirda, ayblanuvchini ehtiyot yuzasidan ushlab turish sifatida izohlashadi. Bu esa ayblilik prezumpsiyasining belgilarini yuzaga keltiradi. Lekin ayni holat ayblilik prezumpsiyasining qo’llanilishini oqlovchi dalil emas. Bu o’rinda, aybsizlik prezumpsiyasiga binoan, ayblanayotgan shaxsni, undan qochib ketmaslik haqida yozma tilxat olingan holda, ozodlikka qo’yib yuborish kerak bo’ladi. Agar uning o’zi sodir etilgan jinoyatni bo’yniga olsa yoki tergov jarayonlarida uning aybdorligi aniqlansa, sud boshlanishidan oldin ham ayblanuvchini qamoqda tutib turish mumkin. Ayblanuvchini qamoqda tutib turishga hech qanday asoslar bo’lmasa hamda ayblanuvchi g’ayriqonuniy ravishda ushlab turilsa, sudda oqlangan shaxs qamoqda saqlangan kunlari uchun ma’naviy zarar undirishni talab qilishga haqli.
Demokratiya tantanasi keng tarannum etilayotgan bugungi zamonaviy dunyoda ham aybsizlik prezumpsiyasiga zid xatti-harakatlar uchrab turibdi. Bunday holatlar nafaqat jinoyat-suddov protsessidagi ayrim mutasaddilarning qonuniy mezonlarga noto’g’ri yondashuvlari oqibatida, balki davlatlarning qabul qilayotgan qonun hujjatlarida ham yuzaga kelayotir.
Masalan, Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtati Parlamenti tomonidan 2004-yil 3-iyunda qabul qilingan bir qonunga ko’ra, jinoyat qilishda ayblanib sud ishiga jalb qilingan shaxslar qamoqda saqlanmasliklari uchun asosli sabablar keltirishlari shartligi belgilab qo’yilgan. Bu ochiqdan-ochiq aybsizlik prezumpsiyasiga ziddir. Chunki bunday holatda ayblanuvchi emas, balki ayblovchi uning qamoqda saqlanishi kerakligiga isbot topib berishi kerak. Mazkur qonun, asosan, terrorizm jinoyati bilan ayblangan shaxslarga nisbatan tatbiq etilgan.
Avstraliyada ayblanuvchilar zarariga ishlovchi qonunlarning yaratilishi yagona hodisa emas. Ayni shu Yangi Janubiy Uels shtatining o’zida 2001-yilda shunga o’xshash yana bir qonun qabul qilingan. Unda giyohvandlik bilan bog’liq jinoyatlarga qarshi keskin choralar ko’zda tutilgan bo’lib, xususan, giyohvandlik savdolari bo’ladigan joy sifatida ma’lum bo’lgan bino va boshqa ob’ektlarga kirib qolgan har qanday shaxs bir yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkinligi belgilangan edi. Bunda qo’lga tushgan insonning giyohvandlik savdosidan bexabarligi inobatga olinmasdi. Ya’ni, bu shaxs o’zining tashrifini giyohvandlik bilan bog’liq emasligini isbotlab berishi kerak edi. Vaholanki, bunday holatlarda u emas, balki ayblovchilar uning aybini isbotlab berishlari kerak. Chunki sud qarori bilan aybi rasman tasdiqlanmaguncha, shaxs aybsiz deb hisoblanishi kerak. U o’zining aybsiz ekanligini isbotlab berishi shart emas.
Avstraliyada qabul qilingan mazkur qonunlar jamoatchilikning jiddiy e’tirozlariga sabab bo’ldi. Chunki ular aybsizlik prezumpsiyasi tamoyillariga zid bo’lib, o’zida demokratik davlatlarda rasman inkor etilgan ayblilik prezumpsiyasi belgilarini ifodalagani bilan xatarli edi.
Aybsizlik prezumpsiyasi prinsipining buzilishi qanday og’ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida yana bir misol.
1925-yili AQSHning Shimoliy Karolina shtati Goldsboro shaharchasida Jinyus Vilson ismli 25 yoshli kambag’al qoratanli fuqaro bir ayolni zo’rlashda aybdor deb hukm qilinadi. U aqliy zaif deb topilib, qora tanlilarning ruhiy kasalliklar shifoxonasiga jo’natiladi. 1935-yili Vilsonni bichish (jinsiy zaiflashtirish) haqida sud qarori chiqadi va hukm ijro etiladi. Chunki Shimoliy Karolina shtatining jinoyat kodeksiga ko’ra, aqli noraso insonlarning jinsiy zo’rlash jinoyatini sodir etishlari ularni bichib qo’yish bilan jazolanardi. 1970-yili uning ishi qayta ko’rilib, Vilsonga qo’yilgan ayblovlar bekor qilinadi. Lekin uning kasalxonadan rasman chiqib ozod bo’lishiga yana 18 yil vaqt ketadi. Shundan so’ng unga alohida uy berish va doimiy qarovchi xizmatkor tayinlash haqida sud qarori chiqadi. Lekin bu paytda u umrining aksar qismini kasalxonada o’tkazib bo’lgandi. Nohaqlik qurboni bo’lgan Vilson 2001-yili vafot etadi.
Jinyus Vilsonga kim ayb qo’ygani hanuzgacha aniqlanmagan. Aytishlaricha, o’z oila a’zolari undan qutilish uchun Vilsonga qarshi guvohlik berishgan. Aslida u nafaqat aybsiz bo’lgan, balki biror bir aybi isbotlanmagan ham. Shuningdek, u ruhiy xasta ham bo’lmagan. Faqat qulog’ining eshitmasligi uning kasalxonaga yuborilishiga asos bo’lgan.
Bu ayanchli voqea aybsizlik prezumpsiyasining amal qilmasligi inson taqdirida qanchalar og’ir asorat qoldirishi mumkinligiga bir misoldir.
Darhaqiqat, aybsizlik prezumpsiyasining buzilishi, ayniqsa, u Ommaviy axborot vositalari orqali sodir etilsa, yanada ayanchliroq oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki ommaviy axborot vositasi o’z axboroti bilan jamoatchilikda ayblanayotgan shaxsga nisbatan noto’g’ri fikrning yuzaga kelishiga sababchi bo’lib qolmasligi kerak. Ommaviy axborot vositalari tomonidan sud hukmi orqali rasman aybi isbotlanmagan shaxslar haqida noto’g’ri ma’lumotlarning berilishi sud ishiga ta’sir o’tkazish tarzida ham baholanishi mumkin. Bu esa O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 236-moddasi hamda «Ommaviy axborot vositalari to’g’risida»gi Qonunning 6-modda 3-qismiga ko’ra taqiqlanadi. Bunday harakat jinoiy javobgarlikka ham sabab bo’lishi mumkin.
Afsuski, ayrim ommaviy axborot vositalarida «firibgar ushlandi», «poraxo’r qo’lga olindi», «jinoyati fosh etildi» kabi shakllarda xabarlar berish holatlari uchrab turadi. Hatto, telelavhalarda konkret shaxslarning tasviri ko’rsatilib, hali tergov boshlanmagan jinoyat ishi haqida telejurnalist o’zi chiqargan «hukm»ni o’qiydi.
Surishtiruv, tergov organi vakili, hatto xizmat vazifasiga ko’ra qonun ustuvorligini ta’minlashi lozim bo’lgan prokurorlar ham ba’zida radio, televidenie va matbuotda chiqishlar qilishib, ayblanuvchining «jazo olishi muqarrar» ekanligini baralla aytishaveradi. Vaholanki, shaxsning aybdorligi masalasida sud hukmi chiqmay turib bunday fikr bildirish mutlaqo noto’g’ri, qonunga xilofdir. Chunki bu holatda ochiqdan ochiq aybsizlik prezumpsiyasining buzilishi ro’y beradi. Tahririyat xodimi, jurnalist ommaviy axborot vositalarida muayyan voqea yoki holatga nisbatan shaxsiy fikrini bildirishga, agar voqea yoki holat yuzasidan tergov tugamagan bo’lsa, sudning hal qiluv qarori yoki hukmi qonuniy kuchga kirganidan so’ng jurnalistik taxminlarini shaxsiy mulohaza tarzida e’lon qilishga haqlidir. Lekin so’z va matbuot erkinligini suiiste’mol qilib, sudlanayotgan shaxsning aybdorligi haqida aytish, yozish adolatdan emas. Balki g’ayriqonuniy va g’ayriinsoniydir. Negaki, sud hukmi chiqib, u qonuniy kuchga kirmaguncha, shaxsni matbuotda aybdor deb aytish mumkin emas. Lekin amaliyotda bu tamoyillarning buzilish hollari uchrab turibdi. Masalan, hali tergov harakatlari boshlanmasdan, Fuqarolik ishlari bo’yicha Do’stlik tumanlararo sudi sudyasi F.Qodirov O’zbekiston Respublikasi televideniyesida poraxo’r deb e’lon qilib yuboriladi. Lekin dastlabki tergov organi tergovdan so’ng F.Qodirovga nisbatan poraxo’rlik jinoyati bo’yicha ayb e’lon qila olmaydi.
Jurnalistlarning ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlarida gumon qilinayotgan, ayblanayotgan yoki sudlanayotgan shaxslarni hali sud hukmi chiqmasdan turib jinoyatchi deb yozishlariga, asosan, ularning huquqiy savodsizliklari sabab bo’lmoqda.
Hatto, sudyalar ham ba’zan tugallanmagan ishlar haqida o’z mulohaza-munosabatlarini bildirib qo’yyaptilar.
Masalan, 1999-yil 16-fevralda Toshkentda sodir etilgan mudhish voqealar xalqimizning qahr-g’azabini qo’zg’atdi. Ommaviy axborot vositalarida odamlarning jinoyatchi unsurlarga nisbatan nafratini aks ettiruvchi maqolalar, eshittirish va ko’rsatuvlar berib borildi. Zero, qilingan jinoyatlar shunga loyiq edi. Lekin bu holatda sudyalarning ham o’z munosabatlarini bildirishlari biroz bahsli, nazarimizda. Advokat G’.Namozov bu boradagi o’z fikrlarini shunday bayon etadi:
«…Oliy sud sudyalari ham o’zlarining nafratini teleekranlarda bayon etdi. Hatto, Oliy sud jamoasi rasmiy bayonotlar qabul qildi. Bunday vaziyatda, mening nazarimda, sudyalar jim turishlari kerak edi. Negaki, diniy ekstremizmga, aqidaparastlikka oldindan nafratini rasman bayon qilgan sudyalar qanday qilib o’sha jinoyatchilarni sud qiladilar. Sudyalar o’zlariga vatani, xalqi yuklagan vazifaning o’ziga xosligidan, ya’ni ularga odil sudlovni amalga oshirish yuklatilgani bois ham voqea va hodisalarga munosabat bildirishdan tiyilishlari lozim edi».
Darhaqiqat, aybsizlik prezumpsiyasi ishni ko’rayotgan sudyalarga ham daxldordir. Ya’ni, ular ham ayblanayotgan shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko’rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishlari kerak.
Bu haqda Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to’g’risidagi Yevropa Konvensiyasiga berilgan Yevropa Komissiyasi sharhlarida shunday deyiladi:
«Agar insonning aybdorligi qonunga binoan isbotlangan bo’lmasa, davlatning mansabdor shaxslari avvalgiday aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishlari kerak. Shundan kelib chiqadiki, mansabdor shaxslar sudgacha gumon qilinayotganlarning aybdorligi haqida bayonot berishi man qilinadi. Komissiya tushuntiradiki, bu qoida davlat ayblovchilariga ham taalluqlidir. Shunga qaramay, Komissiya davlatning mansabdor shaxslari jamoatchilikka jinoyat ishlari bo’yicha tergov ishlarining borishi to’g’risida axborot berishlari, u yoki bu shaxs jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotganligini, u yoki bu shaxs jinoyat sodir etganligini tan olganligi to’g’risida axborot berishlari mumkin deb hisoblaydi. Ammo bu mansabdor shaxslar ayni paytda ish avval sudda ko’rib chiqilishi zarurligini aytishlari lozim, shunda bu Konvensiyaning 6-moddasi 2-bandini (aybsizlik prezumpsiyasi pirinsipini —B.M.) buzish deb hisoblanmaydi».
Keltirilgan tahlildan ko’rinib turibdiki, Inson huquqlari bo’yicha Yevropa Konvensiyasi Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to’g’risidagi Yevropa Konvensiyasining 6-moddasi 2-bandiga amal qilgan holda jinoyat sodir qilganlikda ayblanuvchini davlat mansabdor shaxslari tomonidan sudgacha aybdor hisoblanishidan izchil himoya qiladi. Bu himoya prokurorga ham taalluqli bo’lib, prokuror sudlanuvchini faqat sudlov paytida oshkora ayblashi mumkin, ammo sud boshlanguncha oshkora ayblashi mumkin emas.
Ma’lumki, aybsizlik prezumpsiyasi insonga yetkazilishi mumkin bo’lgan ehtimoliy nohaqliklarning oldini olishga qaratilgan. Ayrim huquqshunoslar da’vo qilganidek, og’ir jinoyatlarga nisbatan ayblilik prezumpsiyasini qo’llash, ba’zan o’zini oqlasa ham, begunoh insonlarni nohaq jazolab qo’yish xavfining mavjudligi bois keng talqin qilinmaydi. To’g’ri, aybsizlik prezumpsiyasi qo’llanganda ayrim aybdorlar jazosiz qolishlari mumkin. Lekin ayblilik prezumpsiyasida begunohlarning jazoga tutilib qolish xavfi bo’ladi. Davlat barcha aybdorlarni jazolashga erishish uchun aybsizlar hayotini xavfga qo’ymasligi kerak. Aksincha, uning bosh maqsadi aybdorlar ichiga kirib qolishi mumkin bo’lgan aybsizlarni topib, ularni himoya qilish bo’lmog’i lozim. Shu bois ham aybsizlik prezumpsiyasi har bir shaxsning daxlsiz huquqi hisoblanadi.