Jinoyat va ma'muriy huquq

Axloq tuzatish ishlari qanday jazo?

Savol: Axloq tuzatish ishlari haqida batafsil ma’lumot bersangiz.

Javob: Axloq tuzatish ishlari jazosi faqat asosiy jazo tariqasida qonunda ko‘rsatilgan hollarda yoki qonunda ko‘rsatilganidan ham engilroq jazo tayinlanganda tayinlanishi mumkin. Axloq tuzatish ishlari  Jinoyat Kodeksining 46-moddasiga binoan ish haqining o‘n foizidan o‘ttiz foizigacha bo‘lgan miqdorda davlat daromadiga ushlab qolish bilan olti oydan uch yilgacha tayinlanishi mumkin. Axloq tuzatish ishlarini o‘tash tartibi  ikki xil usul bo’ladi: mahkumning o‘z ish joyida o‘tashlik yoki ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan joylarda o‘tashlik. Sud mahkumning o‘z ish joyida o‘tashligi mumkin emas, degan xulosaga kelganida ichki ishlar organlari belgilangan joyda o‘tashlik uchun yuborishi mumkin. Lekin qayerda o‘tashligidan qat’iy nazar mahkumning yashash joyidagi  jazoni ijro etish inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi. Jazoning bu turi asosan mahkumning sodir etgan jinoyatiga yarasha ozodlikdan mahrum qilmagan holda axloqan tuzatishga qaratiladi.

Mahkumdan hukm talablarini bajarishi, jazolarni ijro etish inspeksiyasiga jazoni o‘tash bilan bog’liq bo‘lgan hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etishi, yashash va ish joyidagi o‘zgarishlar yoki mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqida inspeksiyaning xabardor qilishi, chaqiruvga binoan inspeksiyada hozir bo‘lishi shart. Shuningdek, mahkum jazoni ijro etish inspeksiyasi belgilaydigan joylarda jazoni o‘tash muddati mobaynida inspeksiyaning yozma ruxsatisiz mehnat shartnomasini mahkumning xohishiga ko‘ra bekor qilish mumkin emas. Bunday hollarda, albatta, inspeksiyaning yozma ruxsatnomasi talab qilinadi.

Mahkumdan jazoning talablariga ko‘ra mehnat talablarini bajarish, mehnat intizomiga bo‘ysinish, o‘ziga yuklatilgan mehnat majburiyatlarini bajarib borish talab etiladi.

Jazoning muddatini hisoblash mahkum haqidagi hujjatlar  mahkumning yoki jazoni ijro etish inspeksiyasi belgilagan  korxona, tashkilot yoki muassasaga kelib tushgan kundan boshlanadi. Mahkumning hukmda ko‘rsatilgan muddat mobaynida mehnat qilishdan bo‘yin tovlagan yoki sababsiz ishga chiqmagan vaqtlari muddatni hisoblashga  qo‘shilmasligi mumkin. Natijada hukmda ko‘rsatilgan muddat umumiy vaqtdan ham ortib ketishi mumkin. Agar mahkum kasalligi yoki boshqa ijobiy sabablarga ko‘ra ishga chiqa olmagan bo‘lsa, bu vaqt jazoni hisoblash vaqtiga qo‘shiladi.

Qonunga binoan mahkum umumiy jazo muddatiga ma’muriyatning aybi bilan ishlamagan vaqt ham jazo muddatiga qo‘shib hisoblanadi. Lekin bu vaqt ma’muriyat tomonidan ish haqi to‘lash bilan bog’liq bo‘lishi kerak. Agar bunday bo‘sh vaqtlar yoki ishlanmagan vaqtlar ish haqisiz yoki kasallik to‘lovsiz vaqtlar tariqasida bo‘lsa yoki ma’muriy javobgarlikka tortilib ma’muriy qamoq yoki jinoyat sodir etib ozodlikdan mahrum qilingan vaqt mobaynidagi ishlanmagan vaqtlar ham jazo muddatiga qo‘shib hisoblanishi mumkin emas.

Mahkum o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shashi mumkin emas, agar ishdan bo‘shashi va boshqa ishga o‘tishligi lozim bo‘lsa, u jazoni ijro etish inspeksiyasining ruxsatini olishi lozim. Mahkumga, agar imkoniyati bo‘lsa, bir necha joylarda ishlashga ham ruxsat etiladi, lekin xar bir ish joyi uning axloq tuzatish ishlari  jazosini ijro etish talablarini bir xilda hisobga olishi lozim.

Mahkum jazoni o‘tash mobaynida turli sabablarga ko‘ra ishsiz bo‘lib qolgan taqdirda o‘z tashabbusi bilan ish topishi lozim. Agar ish topa olmasa, u holda mehnat birjalari orqali ishga joylashtirilishi lozim. Mahkum jazoni ijro etish inspektsiyasi tomonidan kasbini o‘zgartirilishi ham mumkin, u pul to‘lanadigan jamoat ishlariga ham jalb qilinishi mumkin.

Mahkum ish joyi va yashash joyi o‘zgarganida ko‘pi bilan o‘n kun ichida jazoni ijro etish inspeksiyasiga bu haqda xabar berishi zarur.

Axloq tuzatish ishlari hukm qilingan mahkumlarga ham mehnat ta’tili berilishi mumkin, lekin mehnat ta’tili berish ma’muriyatning jazoni ijro etish inspeksiyasining roziligi bilan beriladi. Boshqa xildagi ta’tillar umumiy asoslarda berilaveradi.

Axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarning jazoni o‘tash vaqtlari ham ish stajiga qo‘shiladi.

Axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan mahkumlarning ham shaxsiy kartochkalari olib boriladi. Bu kartochkalari mahkumning doimiy intizomini ko‘rsatib berish imkoniyatini beradi. Unda mahkumga berilgan intizomiy yoki rag’batlantiruvchi choralar har doim kiritib boriladi va mahkumni muddatidan avval jazodan ozod  qilish jarayonida katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Axloq tuzatish ishlariga hukm qilinganlar jazoning kamida yarmini o‘tab bo‘lganidan so‘ng (JKning 73-moddasi 2-qism “a” bandi) muddatidan avval jazodan ozod etilishi mumkin.

Qonunga binoan mahkumni muddatidan avval jazodan ozod qilishda mahkum axloqan tuzalish, mehnatga halol munosabatda bo‘lish, tartib intizomga doim rioya qilib kelganligi kabi holatlar ahamiyatga ega bo‘ladi. Mahkumning ishini sud ko‘rib chiqib muddatidan avval jazodan ozod qilish haqida qaror chiqargan  kunidan mahkum axloq tuzatish ishlari jazosidan ozod qilingan deb hisoblanadi. Agar mahkumni muddatidan avval jazodan ozod qilish mumkin emas deb hisoblansa, u holda yana muddatidan avval jazodan ozod qilish uchun olti oy o‘tishi lozim.

Axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan mahkumlarning jazo talablarini bajarmaslik, mehnatdan bo‘yin tovlash, turli xildagi huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yishi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Jumladan, mahkumning shaxsiy kartochkasiga tayinlangan intizomiy jazolarni kiritib qo‘yish, muddatidan avval jazodan ozod qilishga tavsiya qilmaslik va hatto axloq tuzatish ishlari jazosini boshqa og’irroq jazo bilan almashtirilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. JKning 46-moddasining 4-qismiga binoan axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tashdan bo‘yin tovlash deb hisoblash uchun jazoning o‘ndan bir qismidan ko‘proq vaqtda jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan bo‘lsa, sud jazoning qolgan qismini shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan ham almashtirilishi mumkin. Bo‘yin tovlangan vaqt jazoning o‘talgan qismiga qo‘shib hisoblanmaydi. Jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlash oqibatlari mahkumga tushuntirilishi lozim. Mahkumning bunday harakatlari yozma ravishda ogohlantirish va uni tartibga chaqirish harakatlaridan keyin takrorlansa yoki davom ettirilsa, shunda mahkumni axloq tuzatish ishlari jazosidan bo‘yin tovlagan deb hisoblanishi mumkin. Mahkum o‘zboshimchalik bilan ishga chiqmay yashash joyidan ham yashirinsa, u holda jazoni o‘tashdan  ashaddiy bo‘yin tovlash deb qidiruv e’lon qilinadi va jazoni ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Comments are closed.