Maqolalar

Axborot xuruji: Isroilning ko’rinmas urushi (Birinchi maqola)

1967-yil Suriya, Iordaniya, Misr va Isroil o’rtasida kelib chiqqan olti kunlik urush natijasida G’arbiy Sohil, G’azo Sektori va Sharqiy Quddus Isroil askarlari tomonidan bosib olindi.

Shu yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Isroilni bosib olingan hududlarni zudlik bilan tark etishga chaqiruvchi 242-Rezolyutsiya qabul qildi.

Isroil haligacha Rezolyutsiya talablarini bajargani yo’q. Uch milliondan ortiq falastinlik qariyb yarim asrdan beri noqonuniy harbiy bosqin ostida yashamoqda.

Saytimizda mazkur xalqaro mojaro haqida yozishga qaror qidik. Bu mavzudagi maqolalarimiz bir necha qismdan iborat bo’ladi va ularda Isroil davlati amalga oshirgan va oshirayotgan turli siyosiy va harbiy amaliyotlar tahlil qilinadi. Isroil bosqinining xalqaro huquqdagi o’rniga ham alohida to’xtalib o’tamiz.

Birinchi maqolada Isroil olib borayotgan ko’rinmas urushlardan biri – axborot xuruji haqida hikoya qilmoqchimiz. Bu urushda AQSh ommaviy axborot vositalari yahudiylar davlatiga qanday yordam ko’rsatayotgani maqolaning asosiy mavzusi bo’ladi.

G’azo Sektori bu oy yana urush alangasiga chulg’andi. Isroil samolyotlari hududni bir haftadan ortiq havodan o’qqa tutdi. Hujumlarda 160 dan ortiq falastinlik halok bo’ldi. Hamas otgan raketa o’qlaridan besh isroillik o’lgani ma’lum.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, Isroil harbiy kuchlari bosib olingan hududlarda muntazam ravishda inson huquqlarini poymol etib keladi. Noqonuniy odam o’ldirish, mahkumlarni qiynoqqa solish, xo’rlash, ichida odam bo’laturib uylarni buzib tashlash, tez tibbiy yordam mashinalarini o’tkazmaslik, gumanitar yordam ko’rsatishdan bosh tortish hamda Falastin tinch aholisidan jonli to’siq sifatida foydalanish. Bular xalqaro huquq tilida urush jinoyatlari deb ataladi.

Isroildagi “Adolatli tinchlik uchun ayollar” koalitsiyasi yetakchisi Gila Svirski Falastindagi kundalik hayotni shunday tasvirlaydi:

Zulm shunchalikka borib yetadiki, favqulodda holatlar e’lon qilinganda, falastinliklar kunlab o’z uylaridan tashqariga chiqa olmaydi, – deydi u. – Sababi oddiy, Isroil harbiylari ularni ko’chalarda ko’rishni xohlamaydi. Bu degani, ular oziq-ovqat ham sotib ololmaydi, farzandlarini maktabga yuborolmaydi, hatto ko’chani kesib qo’shnisinikiga chiqolmaydi. Bemor bo’lsa, tibbiy yordam ham ololmaydi. Xullas, uydan chiqib bajarish lozim bo’lgan eng muhim yumushlardan birortasini qila olmaydi. Bunday hayot kechirish dahshatning o’zginasi”.

Amerikalik faylasuf va siyosatshunos Noam Chomskiga ko’ra, Isroil bosqini zamonaviy tarixdagi eng uzun davom etgan harbiy jinoyatdir:

“G’arbiy Sohil va G’azo Sektori harbiy bosqin ostida. Bu zamonaviy tarixdagi eng uzoq davom etgan bosqin. Bu bosqin o’ta qattiq va shafqatsiz bo’lib, boshidan zo’ravonlik asosiga qurilgan. Hayot aholi uchun yashash mumkin bo’lmagan bir darajaga keltirilgan”, – deydi u.

Axborot qanday qurol?

 Zamonaviy dunyoda urushdan g’olib chiqish uchun harbiy salohiyatning o’zi kamlik qiladi. Buning uchun g’oliblikka da’vogar taraf BMT soyasida turgan xalqaro hamjamiyatni adolatli urush olib borayotganiga ishontirishi ham lozim. Isroil buni yaxshi biladi.

Shu maqsad yo’lida Isroil, avvalo, dunyo lideri, demokratiyaning otasi va axborot asrining bayroqdori AQShning qo’llab-quvvatlovini qo’lga kiritgan. Amerika hukumati yahudiylar davlati paydo bo’lgandan beri Isroilning eng yaqin do’sti. Isroilga qarshi BMT Xavfsizlik Kengashi qabul qilgan ko’plab rezolyutsiyalar, aynan, AQShning vetosiga uchragani bois Falastinda insoniyatga qarshi sodir etilgan ko’plab jinoyatlar hanuz jazosiz qolmoqda. Ammo urushda yengib chiqish uchun Isroil nafaqat AQSh hukumatini, balki bu mamlakatning mustaqil ommaviy axborot vositalarini ham o’z jiloviga olishi lozim. Chunki dunyoning eng qudratli, eng ta’sirchan ommaviy axborot vositalari aynan AQShda joylashgan.

AQSh ommaviy axborot vositalarida yoritiladigan xalqaro yangiliklarning asosiy qismini Isroil-Falastin mojarosi egallaydi. Bu yangiliklar mojaro haqida amerikaliklar ma’lumot oladigan asosiy manba hisoblanadi. Shuning uchun ularda nimalar yoritilayotganini tekshirish va faktlarga savol nazari bilan qarash lozim.

 Bugun Isroil-Falastin mojarosi haqida eshitmagan odamni dunyoda topish qiyin. Yangi to’qnashuvlar, yangi qurbonlar haqida kelayotgan xabarlar ko’pchilik uchun oddiy voqeaga aylanib qolgan. Falastin yoshlari nega Isroildan nafratlanishi, nega doim qo’lida tosh bilan Isroil tanklari yo’lini to’sib chiqishi haqida so’raydigan odam yo’q. Nega? Yahudiy huquq faoli Gila Svirski buni shunday tushuntiradi:

“Falastinliklar boshdan kechirayotgan qiyinchiliklarni biz ko’rmaymiz. Bu bosqin ular uchun qanchalar og’ir ekanini tasavvur qilolmaymiz. Achinish yo’q, hamdardlik yo’q. Homilador ayol tug’ish uchun tug’ruqxonaga yetolmasdan bolasi tekshiruv nuqtasida jon bermoqda. Agar buni ko’rmasangiz, yuragingiz qayerdan ham achishsin?! Bu bosqinning noto’g’ri ekanini qayerdan ham bilishingiz mumkin?!”

AQShlik jurnalist Alisa Solomonga ko’ra, jurnalistlarning bo’layotgan voqealarni dunyoga to’g’ri yetkazmayotgani muammoning asosiy sababidir.

Vaziyatning qaltisligi shunda, – deydi u. – Yetarli darajada xabar berilmaydi, suratlarni ko’rmaymiz. Tahlil yo’q, bosqin ostidagi falastinliklar holatini tasvirlab beradigan ovoz yetishmaydi. Holat shunchalikka yetib bordiki, bosqin davom etayotganidan dunyoning xabari ham yo’q”.

AQSh Ommaviy Axborot Vositalari va Falastin

Yangiliklar, ayniqsa, televizion yangiliklar qaysi voqea muhimroq ekanini aniqlashda va bu voqealar haqida tasavvurimiz shakllanishida muhim o’rin tutadi. Isroil Amerika xalqi ongiga ta’sir etishda shu mamlakat ommaviy axborot vositalari kuchidan foydalanadi.

AQShdagi Texas-Austin universitetida jurnalistikadan saboq beruvchi professor Robert Jensenning aytishicha, Isroil Falastinga qarshi Amerikadagi ikkinchi frontda ham kurash olib bormoqda.

Isroil, darhaqiqat, ikkita frontda urush olib boryapti, – deydi u. – Birinchisi bosib olingan hududlarda Falastin aholisiga qarshi davom etayotgan harbiy harakat. Ikkinchisi Isroil bosqiniga AQShning doimiy madadini ta’minlash maqsadida OAV orqali olib borilayotgan Pi Ar (PR) kampaniyasi. Isroilning Nyu-Yorkdagi Bosh konsuli va Pi Ar aksiyalari koordinatori Alon Pinkas yaqinda shunday so’zlarni aytdi: “Biz ayni damda falastinliklar bilan urush holatidamiz va muvaffaqqiyatli Pi Ar kompaniyasi bu urushda yutib chiqishning bir yo’lidir”. Shunday ekan, Isroil G’arbiy Sohil va G’azo hududlarini bosib olishdan tashqari, Amerika matbuotini ham g’oyalar hujumi orqali egallab olishga urinmoqda, deyish mumkin”.

Isroilning Pi Ar kampaniyasi tarixi 1982-yilgi Livan istilosiga borib taqaladi. O’shanda Isroil Livanni bosib olgani uchun, ayniqsa, Sabra va Shatila qochoqlar lagerlarida Falastin aholisini qatl etgani uchun xalqaro hamjamiyatning kuchli tanqidiga uchragan edi. Halok bo’lgan minglab tinch aholi Isroilning pinagini ham buzmadi. Ammo uning xalqaro “imiji”ga yetgan putur katta muammo sifatida hukumatni jiddiy tashvishga soldi.

Angliyaning “The Independent” gazetasi muxbiri Robert Fisk o’sha kunlarni shunday xotirlaydi:

Ular Beyrutni o’rab olishdi. Uch oy ichida deyarli barchasi tinch aholi bo’lgan 17 yarim ming odamni qirishdi. Minglab jasadlarni o’z ko’zim bilan ko’rdim. Keyin Sabra va Shatila lagerlarida ommaviy qirg’in boshlandi. Dunyo larzaga tushdi. Isroilliklar nimani noto’g’ri qildik, deya hayron. Keyin o’ylab qarashsa, yaxshi Pi Ar qilisholmagan ekan”.

Livanda kuzatilan  Pi Ar inqirozidan so’ng, Isroil amerikaliklarning Yaqin Sharq haqida qanday fikrlashini nazorat qilish maqsadida doimiy ishlovchi ilmiy institutlar tashkil etishga qaror qildi. 1983-yilda AQSh matbuotini yaxshilashga qaratilgan Hasbara loyihasi ish boshladi. Maqsad kommunikatsiya va jamoatchilik bilan aloqalar yo’nalishlarida malakali Isroil mulozimlarini tayyorlash edi.  Masalan, AQSh ommaviy axborot vositalarida Isroil haqida ijobiy materiallarni ko’paytirish uchun Isroil konsulliklarida maxsus matbuot kotiblari yetishtirildi. Ana shunday matbuot kotiblaridan birining 80-yillarda aytishicha, u har kuni nonushta, tushlik va kechki ovqatni, albatta, jurnalistlar bilan birga qilib, bunday uchrashuvlarda yetakchi matbuot va telekanal produserlari bilan efirga ketadigan yoki chop etiladigan material mazmuni haqida suhbatlashgan. U bu jarayonni “o’zaro fikr almashish” deya ataydi.

Jurnalist Alisa Solomonga ko’ra, amerikalik jurnalistlar Isroilning bunday hiylasiga laqqa tushmoqda.

“Isroil matbuot xizmati muntazam ravishda pres-reliz, bayonot va ma’lumotlar tarqatadi. Quddusdagi jurnalistlar xonasida o’tirib, real voqelikni ko’rmasdan  yoki bunga urinib ham o’tirmasdan kun bo’yi maqolalar yozib jo’natishingiz mumkin. Bu borada Falastin matbuot xizmati beradigan axborot deyarli yaroqsiz. Chunki ular Isroil xizmati kabi tayyor maqola darajasidagi materiallarni yetkazib bera olmaydi”, – deydi AQShlik jurnalist.

Yangilik bosib o’tadigan chig’iriqlar

AQShda yoritiladigan yangiliklar jamiyatning bir qator murakkab munosabatlari ta’siriga uchraydi. Yangilik suxandonning tiliga yetib kelguncha bir necha chig’iriqdan o’tishi kerak.  Yaqin Sharq mojarosi Amerika ommaviy axborot vositalari tomonidan qanday yoritilishini o’rganishdan oldin ana shu munosabat va chig’iriqlar qanday ishlashini tushunib olishimiz lozim.

Yangiliklarni elakdan o’tkazadigan eng muhim omillardan biri bu ommaviy axborot vositasiga egalik qiluvchi korporatsiyaning biznes manfaatidir. Bunday manfaat AQSh chegarasidan oshib yer sharining u yuzidagi Yaqin Sharqqacha tutashgan.

Media korchalonlarining iqtisodiy manfaatini siyosiy elita ham baham ko’radi. Demak, siyosatchilar va siyosatni belgilovchilar ikkinchi chig’iriqni tashkil etadi.  Siyosiy elita matbuotga ta’sir o’tkazish qudratiga ega va ular ham aslida korporatsiyalar boshqaradigan tizimning bir bo’lagidir. Bu ikki guruh uchun Yaqin Sharqning qanday strategik ahamiyatga ega ekani Isroil-Falastin mojarosining matbuotdagi ifodasida o’z aksini topadi.

Uchinchi chig’iriq bu Isroilning jamoatchilik ko’zini bo’yashga qaratilgan Pi Ar kampaniyasidir. Isroil hukumati o’zining siyosiy va axborot dasturlarini amalga oshirishda Amerikaning eng katta xususiy Pi Ar kampaniyalarini ishga yollaydi. Isroilning AQShdagi 9 ta konsulligi bu ishga jurnalistlarni ham jalb etadi. Nasoro va yahudiylarga tegishli bir qator yirik xususiy kompaniyalar Isroilga xayrixoh bo’lmagan OAVlarga qarshi tashkil etilgan harakatlarni qo’llab-quvvatab, bu boradagi Isroilning rasmiy mavqeini bot-bot eslatib turadi. Ana shunday qudratli tashkilotlardan biri bu AIPEK, Amerika-Isroil Jamoatchilik bilan aloqalar qo’mitasidir. Mazkur tashkilot Isroilning Vashingtonda joylashgan eng katta lobbisi hisoblanadi.

Yaqin Sharq mojarosining OAVda qanday aks etishini Amerika iqtisodiy va siyosiy doiralarining Isroil propagandasi bilan birlashuvi hal qiladi.

Isroil hukumati siyosatiga qarshi bo’lgan “Yahudiylar bosqinga qarshi” yoki “Amerikaliklar tinchlik uchun” kabi ilg’or tashkilotlarning bunday chig’iriqlardan oshib o’tishi dargumon. Nihoyat, agar Isroilni qoralovchi biror xabar matbuotga sizib chiqsa, OAVni kuzatuvchi bir qator isroilparast guruhlar jurnalistlar va OAVga bosim o’tkazishni boshlaydi.

“Isroilparast bo’lgan o’ng qanot tashkilotlar bor, – deydi jurnalist Solomon. – Ular o’z ishlarini monitoring deb ataydi. Men esa ular faoliyatini jurnalistlarga tahdid qilish deb atayman. Yangiliklar xolis bo’lsin, degan da’vo bilan ular, aslida, Isroilga xayrixoh materiallar tayyorlanishini istaydi”.

AQShda joylashgan “Jurnalistikada adolat va haqqoniylik” tashkiloti vakili Set Akermenning aytishicha, ishi faqat muharrirlarga maktub yozish bo’lgan maxsus guruhlar bor.

“Ularning talabi – Isroilni qoralovchi xabarlar o’zgartirilishi yoki uni yozganlar ishdan bo’shatilishi lozim”, – deydi u.

Axborot urushi: Isroil muvaffaqiyatining sirlari (Ikkinchi maqola)

2 Comments

  1. Juda keng ma’noda tahlil qilinibdi! Faqat Isroil va Falastin mojarosi tarixini ham qo’shib yoritilganda undan ham tushunarliroq bo’lardi!! Shunday keng ma’noli dolzarb mavzularda maqolalarni kutib qolamiz!! Aytgancha, o’zbek tilida yuqori saviyada siyosiy maqolalar juda kam, sizlar juda yahshi ish tashkil qilibsizlar, omadinglarni bersin!!! Iqtisodiy tahlillarni ham olib borsanglar foydadan holi bo’midi!

    • Abu Abdulloh, iliq firklaringiz uchun rahmat. Isroilning noqonuniy urushi haqidagi maqolalarimizning davomi bor. Ikkinchi maqolani ham saytdan topib o’qishingiz mumkin. Maqolaning qolgan qismlarini yaqin kunlarda e’tiboringizga havola etamiz. Ishimizga bo’lgan qiziqishingiz uchun rahmat, sizday o’quvchilarimiz borligidan xursandmiz.