Maqolalar

Axborot urushi: Isroil va Amerika munosabatlari (Uchinchi maqola)

Axborot xuruji: Isroilning ko’rinmas urushi (Birinchi maqola)

Axborot urushi: Isroil muvaffaqiyatining sirlari (Ikkinchi maqola)

Yaqin Sharq mojarosida AQSh muhim o’rin tutadi. Ixtiloflar boshida turgan Isroilning eng yaqin ittifoqchisi bu Amerika Qo’shma Shtatlari.  Navbatdagi maqolamizda axborot urushida Isroilga ko’makchi bo’layotgan AQSh hukumati va matbuotiga yangi qirradan nazar tashlaymiz.

Kimning joni azizroq?

Falastinda boshlangan birinchi Intifoda harakati davomida 160 Isroil fuqarosi halok bo’ldi. Aksariyati xudkushlik bombalari qurboni. Falastinda esa 2000 dan ortiq tinch fuqaro, asosan, bosib olingan hududlarda Isroil askarlari o’qiga uchdi. Har ikki tomondan ko’plab insonlar halok bo’lgan bo’lsa-da, ularning hammasi ham Amerika matbuoti nazariga tushmaydi.

Biror Isroil askari o’lmagan, lekin ko’plab falastinliklar halok bo’lgan vaqtlar bo’ladi. Bunday paytlar AQSh matbuotida “nisbatan sokinlik davri” deya ataladi. Ya’ni, agar faqat arablar o’layotgan bo’lsa, Amerika uchun bu tinchlik davridir”, – deydi diskriminatsiyaga qarshi Arab-Amerika qo’mitasi vakili Husayn Ibish.

2002-yilning avgustida nisbiy jimjitlik davom etayotgani haqida yozishdi. Aslida bu davrda 39 falastinlik o’lgan, ularning 24 nafari ayollar va bolalar edi.

Matbuot har ikki tomonda ham qurbonlar borligini tilga oladi, lekin isroillik qurbonlar joni azizroq ekanini bildirib qo’yadi”, – deydi Isroildagi “Adolatli tinchlik uchun ayollar” koalitsiyasi yetakchisi Gila Svirski.

Masalan, 2002-yilning martida Netanyadagi xudkushlik hujumida 29 isroillik halok bo’lganda, uni genotsid deya atashdi.

ABC News: “Falastinliklarning qanchalik aziyat chekayotgani hozir isroilliklarni qiziqtirmaydi. Ular ertaga Netanya qatliomining 28-qurbonini dafn etishadi”.

Ammo oradan bir necha hafta o’tib, Isroil Jenin shahrini bosib olishi natijasida kamida shuncha falastinlik halok bo’lganda, jurnalistlar voqeani bosiqlik bilan yoritdi. Inson huquqlari tashkilotlari amaliyotni urush jinoyati deya qoralagan bo’lsa, Amerika matbuoti bunday da’volarni shubha ostiga olib, genotsid ro’y bermagani haqida yozdi.

CBS News: “AQSh Davlat kotibi Kolin Pauel voqeani qatliom deb atash uchun hech qanday asos yo’qligini aytdi”.

CBS News: “Jeninda qazish ishlari davom etmoqda. Aynan nima ro’y bergani hanuz noma’lum”.

NBC News: “Falastinliklar Jenin shahri markazidagi vayronalar ostida yuzlab jasadlar qolganini aytmoqda. Isroilga ko’ra esa, qurbonlar soni bir necha o’n kishi xolos”.

Amerika teleradiokanallari va matbuot nashrlarida halok bo’lgan isroilliklar nomi, oddiy fuqaro bo’ladimi, askarmi, katta hurmat va insoniy munosabat bilan tilga olinadi.

CBS News: “Otishmada 23 Isroil askari halok bo’ldi. Ulardan biri Mar va Rina Robinsonlarning 21 yashar o’g’li Matanya edi. Matanya Xudoning ehsoni degan ma’noni bildiradi. “Xudo beradi va qaytib oladi”, – deydi askarning otasi”.

Falastin hududida falastinliklarni o’qqa tutayotgan bir Isroil askari yaralansa yoki o’ldirilsa, insoniy rahm-shafqat tuyg’ulari jo’shib ketadi. Dafn marosimini, g’am chekayotgan onasini, xotinini yoki farzandini ko’rsatishadi. U haqda ko’p narsa o’rganasiz: ismini, orzularini, qayerlik ekanini va hokazo. Ammo yuzlab, minglab halok bo’lgan falastinliklarning birortasini otini hech qachon eshitmaysiz. Ularning janozasini, qayg’uga botgan oilasini ko’rmaysiz. O’lgan bu bolakaylarning aksariyati o’z uyida, hovlisida yoki maktabga ketayotganda otib o’ldirilganini aslo bilmaysiz. Buning ahamiyati yo’q. Ular umumiy sanoq ichida ketadi. 400 falastinlik o’ldirildi, tamom”, – deydi G’arbiy Sohildagi Falastin Qonunchilik kengashi vakili Hanan Ashravi.

CBS News: “G’arbiy Sohildagi portlashda uch falastinlik o’ldi”.

ABC News: “Isroil askarlari hujumlaridan 6 falastinlik halok bo’ldi, 45 nafari yaralandi”.

ABC News: “F-16 samolyotlari kop’lab binolarini tekislab, 12 falastinlik politsiyachini o’ldirdi”.

CBS News: “G’arbiy Sohilning Ramalloh shahrida Isroil tanki Abu Quaikka tegishli mashinani pachoqlab o’tdi. Mashinada Abu Quaikning xotini va uch farzandi bor edi. Ularning barchasi va yaqin atrofdagi yana ikki bola halok bo’ldi”.

Qopqon bombasi portlashi oqibatida halok bo’lgan olti falastinlik bola haqida BBCda ketgan reportaj va AQSh telekanalida berilgan material o’rtasida farqni solishtiramiz:

BBC News: “Beshta yosh jasad so’nggi manzilga olib ketilmoqda. G’azoda shahid ketgan maktab o’quvchilari uchun janoza o’qilyapti. Isroil hukumatidagi manbalar bu bolalar Isroilga tegishli qopqon bombalardan o’lgan bo’lishi mumkinligini tasdiqlagan. Halok bo’lganlarning bari falastinlik Al-Astals oilasiga mansub aka-ukalar edi. Naim eng katta va eng kichik o’g’lini boy berdi. Har ikkisi juda esli bola edi, deydi u. Isroil vaziri tekshiruv o’tkazishni buyurgan, ammo voqea fuqarolar yashaydigan hududda ro’y bermaganini aytgan. [Isroil vaziri]: “U yerda tinch aholi yashamaydi”. [BBC muxbiri]: “Men kecha o’sha yerda edim. U yerdan bolalar maktabga o’tadi. Odamlar dehqonchilik qiladi. O’sha yerda bo’ldim men, ularni ko’rdim. Shunday joyga yo’l bombasi o’rnatish to’g’rimi?” [Isroil vaziri]: Xuddi shuni tekshirmoqchimiz. Xuddi shuni tekshirmoqchimiz. [BBC muxbiri]: Falastinliklarning aytishicha, yana bir bola o’ldirilgan. Isroil askarlari tosh otayotganlarga o’q otib, Vail ismi 15 yoshli bolani o’ldirgan. Harbiylar buni inkor etmoqda”.

Agar xuddi shu voqeani Amerika OAVlaridan kuzatsak, ular bir voqea haqida gapirayotganiga ishonish qiyin.

CNN News: “G’azoda falastinlik o’smir Isroil askarlari bilan to’qnashuvda halok bo’ldi. Avvalroq, tankning portlamay qolgan o’qini tepgani uchun besh bola halok bo’lgan edi”. 

Amerika Isroilga xolismi yoki muxlis?

 Sharhlovchilarning AQSh hukumatini Isroil va Falastin muzokaralarida faolroq ishtirok etishga undovchi gaplarini matbuotda ko’p eshitamiz.

Ko’p takrorlanadigan bu gaplar ortida quyidagi ma’no bor: AQShning maqsadi tinchlikka erishish, har ikki tomonni yarashtirish, kim haq yoki nohaq ekani haqidagi bahslarga aralashmaydi.

Bu baho qanchalar to’g’ri?

AQSh o’zini ikki tomon o’rtasidagi betaraf vositachi sifatida ko’rsatishga urinadi, – deydi AQShdagi Yaqin Sharq tadqiqot va axborot loyihasi tahlilchisi, professor Karen Pfeyfer. – Lekin uning so’zlariga emas, amaliga qarasangiz, deyarli 100 foiz doim Isroil yonini olganini ko’rasiz. Isroil harakatlariga chek qo’yadigan ko’plab rezolyutsiyalarga aynan AQSh veto huquqi bilan qarshi chiqqan”.

BBC News: “Nyu-Yorkda falastinliklar va ularning tarafdorlari tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashiga olib chiqilgan rezolyutsiya AQSh vetosiga uchradi”.

BBC News: “Isroil mojaroga BMTning aralashuvini istamadi. AQSh uni qo’llab-quvvatladi”.

AQSh Isroilga beradigan bir yillik yordam olti milliard dollardan oshadi. To’g’ridan to’g’ri beriladigan uch milliard dollarning uchdan ikki qismi harbiy yordam bo’lib, u AQShdan qurol sotib olishga sarflanadi.  Qolgan uch milliard dollarning ham kamida yarmi Isroilning harbiy sanoatini rivojlantirishga sarflanadi. Qiruvchi samolyotlar, hujumchi vertolyotlar kabi Isroilga bepul beriladigan harbiy texnika bu hisobga kirmaydi. 1949-yildan beri Isroil AQShdan olgan jami yordam hajmi 100 milliard dollardan oshgan. Hududi Nyu-Jersi shtati bilan teng bu mamlakat bugun harbiy salohiyati bo’yicha dunyoning to’rtinchi eng qudratli davlati. Eng ko’p F-16 qiruvchi samolyotlariga egalik qilish bo’yicha esa AQShdan so’ng ikkinchi o’rinda.

“Bu gapirish man etilgan mavzulardan. Siz xohlagan narsangiz haqida, qoralar, besoqolbozlar haqida gapirishingiz mumkin, ammo Amerikaning Isroil bilan munosabatini, Isroilning Amerika qurollari yordamida qilayotgan ishlarini tekshirishga haqqingiz yo’q”, – deydi jurnalist Robert Fisk.

Buning sababini u quyidagicha tushuntiradi:

”Siyosatchilar va jurnalistlar o’rtasidagi munosabat haddan tashqari yaqin. Agar ularni tanqid qilsangiz, kuchli markazlar bilan aloqangiz uzilib qoladi. Natijada ular haqida yozolmay qolasiz. Shuning uchun ular nima dedi, nima demoqchi, shu haqda gapirasiz, xolos”.

Siyosatshunos Noam Chomskiga ko’ra, AQShning mintaqadagi asosiy manfaati energiya masalasi bilan bog’iq.

“Yaqin Sharq nefti ustidan hukmronlik bizga Yaponiya kabi davlatlarni nazorat qilish imkonini beradi. Ular Yaqin Sharq neftiga qaram. Biz bu neftni boshqarsak, ular bizning ruxsatimizsiz bir ish qilmaydi. Bular dunyoni boshqarish usullari. Nafaqat energiya korporatsiyalari, balki davlat ham bundan ko’p foyda kor’adi”, – deydi u.

Jurnalist Fiskka ko’ra, AQShning Yaqin Sharq siyosati va Isroil siyosati o’rtasida hech qanday farq yo’q.

Fox News: [AQSh Davlat kotibi Kolin Pauel AIPAKning 2003-yilgi konferensiyasida]: “Bizni bu yerga yiqqan narsa Isroil xavfsizligi, farovonligi va ozodligini ta’minlashga hamda AQSh va Isroil o’rtasidagi do’stlikni yanada mustahkamlashga nisbatan zimmamizdagi mavjud sadoqatimizdir”.

BBC News: “Kongress hozir isroilparastlar bilan to’lgan. Isroil qilayotgan barcha ishlarni qo’llab-quvvatlash haqidagi Senat qarori 94 kishi tomonidan ma’qullandi, ikki kishi qarshi ovoz berdi”.

(Davomi bor)

Comments are closed.