Maqolalar

Axborot urushi: Isroil muvaffaqiyatining sirlari (Ikkinchi maqola)

Axborot xuruji: Isroilning ko’rinmas urushi (Birinchi maqola)

Isroil va Falastin mojarosiga oid mavzuni tahlil qilishda davom etamiz. Birinchi maqolada AQSh ommaviy axborot vositalari Falastin mojarosini qanday yoritishi va bu jarayondagi Isroil hukumatining o’rni haqida umumiy ma’lumot bergan edik.

Navbatdagi maqolada ham shu mavzuni davom ettirib, Isroil olib borayotgan axborot urushidagi muhim nuqtalarga diqqat qaratamiz. AQSh ommaviy axborot vositalarida bu nuqtalar qanday ifoda topayotganiga misollar keltiramiz. Bu borada Isroil muvaffaqiyatini ta’minlayotgan strategiyalar nimalardan iborat ekanini birma-bir tahlil qilamiz.

Birinchi strategiya: Yashirin bosqin

Isroil-Falastin mojarosini matbuot qanday yoritayotganini tushunish uchun yangiliklarda nima yozilganiga emas, balki nima yozilmaganiga ham diqqat qaratish lozim. Chunki odamlar ongiga nafaqat yangilikda yozilgan narsalar, balki unda berilmagan ma’lumotlar ham ta’sir ko’rsatadi.

Yangiliklarda, odatda, falastinliklar 34 yillik bosqinga qarshi kurashayotgani tilga olinmaydi. Jurnalistlar Isroil askarlari va falastinliklar yana to’qnashgani haqida xabar beradi, ammo bu to’qnashuvning asl sababiga, ixtilofning tarixiga to’xtalmaydi.

Jurnalistika sohasi tadqiqotchisi amerikalik Set Akermenning aytishicha, bunday yondashuv mojaro tarixini bilmaydigan amerikaliklarga qonli zo’ravonliklarga qarshi Isroil hukumati haqli kurash olib boryapti degan tasavvur beradi.

“Mojaro tarixini bilmaydigan aksariyat amerikaliklar bunday xabarni ko’rsa, mahalliy aholi g’alayoniga qarshi hukumat chora ko’rmoqda, deb tushunadi, – deydi tadqiqotchi. – Bu yerda tilga olinmagan fakt shuki, bu aholi o’z vatanida bosqinchilarga qarshi bosh ko’tarmoqda. Isroil esa begona yurt tuprog’ida xalqaro qonunlarga zid ravishda bu noqonuniy bosqinni himoya qilmoqda”.

Xabarlarda bosqinga qarshi, butun bir xalq ustidan o’rnatilgan zulmga qarshi bosh ko’targan, deyarli qurolsiz bo’lgan yoshlarning armiya o’qlariga uchayotgani tilga olinmaydi.

ABC News (Inglizchasi): “Israel was responding to an attack today”.

ABC News (Tarjimasi): “Isroil bugungi hujumga javob qaytarayotgan edi”.

CNN News (Inglizchasi): “Israel has beefed up forces following a Palestinian mortar attack”.

CNN News (Tarjimasi): “Falastinliklar o’t ochishi ortidan Isroil o’z kuchlari sonini oshirdi”.

Mavzuni o’rgangan jurnalistlar ma’lumotiga ko’ra, G’arbiy Sohil va G’azo Sektoridagi voqealar haqida xabar bergan ommaviy axborot vositalarining faqat 4 foizi bu hududlar Isroil bosqini ostida ekanini tilga olgan, xolos. Bosqin tilga olingan xabarlarda ham Isroil bu ishga o’zini himoya qilish maqsadida qo’l urgani tasvirlanadi.

CBS News (Inglizchasi): “To Sharon, the West Bank invasion is simple self-defense”.

CBS News (Tarjimasi): “Sharonga ko’ra, G’arbiy Sohil faqat mudofaa maqsadida bosib olingan”.

CNN News (Inglizchasi): “The Israeli Prime Minister reiterated Israel’s right to self-defense”.

CNN News (Tarjimasi): “Isroil Bosh vaziri Isroil o’zini mudofaa qilish huquqiga ega ekanini ta’kidladi”.

ABC News (Inglizchasi): “Prime minister Ariel Sharon justified the siege as self-defense”.

ABC News (Tarjimasi): “Bosh Vazir Ariel Sharonga ko’ra, qamal Isroil mudofaasi uchun zarur”.

Ikkinchi Strategiya: Ko’rinmas mustamlaka

Bosqinning noqonuniy ekani, xalqaro hamjamiyat uni keskin qoralashi hamda mojaroda ko’p jon va moliyaviy qurbonlar berilayotgani aniq ekan, Isroilga bu bosqindan nima naf bor, degan haqli savol tug’iladi. Buning javobi oddiy: Isroil kelajakda bu hududlarni butunlay o’ziga qo’shib olmoqchi.

Bir necha o’n yillardan beri Isroil yahudiy koloniyalarini qurish orqali Falastin tuprog’ini o’z mustamlakasiga aylantirib bormoqda. 4-Jeneva Konvensiyasiga ko’ra, bosqinchi davlat egallab olingan hududlarga o’z aholisini ko’chirib o’tkazishi mumkin emas. Koloniyalar Falastinning turli qismlariga yoyilgan. Qurilishlar strategik maqsadlarga xizmat qiladi. Shaharchalar, odatda, suv va yer kabi tabiiy resurslarni nazorat qilish mumkin bo’lgan hamda mudofaa uchun qulay balandliklarga quriladi. Yahudiy koloniyalari va ularga tegishli atrofdagi yerlar hozir G’arbiy Sohil hamda G’azo Sektorining 40 foizini tashkil etadi. Bu shaharchalar bir-birlari va Isroil bilan o’zaro maxsus yo’llar orqali bog’langan. Falastinliklarning bu yo’llarga kirishi mumkin emas. Koloniyalarning strategik joylashuvi hamda ular uchun qurilgan maxsus yo’llar Isroilning egallab olingan hududlardagi nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Isroil bu maqsdini amalga oshirishda ham matbuot yordamiga tayanadi. Isroilparast ommaviy axborot vositalari koloniyalarni tilga olganda so’zlarni ehtiyotkorlik bilan tanlaydi.Chunki xalqaro hamjamiyat Isroilning asl maqsadidan xabar topsa, rejalarni amalga oshirish qiyinlashadi, deydi angliyalik jurnalist Robert Fisk.

CNN telekanali Yaqin Sharqdagi xodimlariga shunday buyruq yuborgan: “Gilo bundan buyon mahalla deb atalsin”, – deya xotirlaydi jurnalist.

Darhaqiqat, Isroil tomonidan Falastin hududida qurilgan yahudiylar shaharchalari tilga olinganda, ularning haqiqiy nomi bo’lgan koloniya (inglizchasi colony) so’zi emas, balki mahalla (inglizchasi neighborhood) so’zi ishlatiladi.

CNN News (Inglizchasi): “The Jewish neighborhood of Gilo on the outskirts of Jerusalem”.

CNN News (Tarjimasi): “Quddus tashqarisidagi “Gilo” yahudiylar mahallasi”.

CNN News (Inglizchasi): “Gilo, a Jewish neighborhood in East Jerusalem”.

CNN News (Tarjimasi): “Sharqiy Quddusdagi Gilo yahudiylar mahallasi”.

Fransuz tilidan olingan koloniya so’zi bilan mahallaning o’rtasida farq bor. Koloniya bu arablar yerida Isroil tomonidan faqat yahudiylar uchun qurilgan shaharcha bo’lsa, mahalla bu tinch, hamma uchun do’stona makon hisoblanadi.

CBS News (Inglizchasi): “This is southern Jerusalem, a quiet neighborhood, and while the only thing beating down on me right now is the rain, bullets frequently rain in this area, which is the reason those Israeli tanks are right back there”.

CBS News (Tarjimasi): “Bu janubiy Quddusdagi tinch bir mahalla. Hozir ustimga tushayotgan yagona narsa bu yomg’ir, ammo tez-tez bu yerga o’q yomg’irlari ham yog’ib turadi. Shuning uchun bu yerga Isroil tanklari keltirilgan”.

Bunday xabarlarda so’zlarni o’zgartirish orqali nafaqat jurnalistlar bir qolipga solinadi, balki mojaroning ikkinchi tomonida turgan falastinliklar ovozini muvaffaqiyatli tarzda o’chirish imkoniyati ham tug’iladi.

Isroilning Falastindagi mustamlaka siyosatini ikki qismga bo’lish mumkin. Isroil, bir tomondan, Falastin tuprog’ida isroilliklar uchun koloniyalar qurayotgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, falastinliklarni bu yerdan quvib chiqarish siyosatini olib bormoqda. Buni amalga oshirish yo’llaridan biri falastinliklar uylarini buzish. Intifoda harakati boshlangandan beri o’tgan ikki yarim yil davomida Isroil falastinliklarning mingdan ortiq uyini buzib, minglab tinch aholini uy-joysiz qoldirgan.

Falastinliklarning uyini buzish bu katta siyosat, – deydi AQShdagi Jamoatchilik uchun haqqoniylik instituti tadqiqotchisi Sam Husayniy. – Mahalliy aholiga bu yerda yashashni yanada qiyinlashtirsak, natijada ular bu yerni tark etadi, degan qarash bor. Bu sekin amalga oshadigan etnik tozalash demakdir”.

Agar falastinliklarning uylari buzilishi AQSh matbuotida qanday yoritilayotganiga nazar solsangiz, Isroil qonun ijrosini ta’minlayapti, xolos, degan nuqtai nazarni ko’rasiz, – deydi jurnalistika bo’yicha professor Robert Jensen. – Bu qonunning aslida falastinliklar yerini tortib olish uchun ijro qilinayotganini ko’rmaymiz”.

 Uchinchi strategiya: Bo’shliqdagi zo’ravonlik

Falastinliklarning bosqinga qarshi kurashi ham zo’ravon, ham nozo’ravon shaklga ega. Ayrim zo’ravonliklar egallab olingan hududlardagi Isroil askarlari va fuqarolariga qarshi qaratilgan bo’lsa, boshqalari xudkush bombalar sifatida Isroil ichigacha kirib boradi.

Ayrim falastinliklar kuchli armiyaga qarshi kurashning yagona yo’li bu partizanlik taktikasi deb o’ylaydi. Ular Isroil ichiga kirib, shaharlarni portlatishni yagona chora deb bilishadi. Isroil esa o’z bosqinini oqlashda va Falastinga qarshi harbiy yurishlarini yanada kengaytirishda bunday zo’ravonliklarni asos qilib ko’ratadi. Falastin ozodlik kurashini xalqaro terrorizm bilan bog’lab, avvalo, AQSh, so’ng xalqaro jamoatchilik himoyasini qo’lga kiritadi. AQSh ommaviy axborot vositalari falastinliklarning xudkushlik hujumlarini keng yoritib, Isroilning bu boradagi Pi Ar kampaniyasiga katta yordam beradi.

Xabarlarda falastinliklar nega bunday terror amaliyotlariga qo’l uryapti, degan savol berilmaydi.

“Vatani bosib olingan, asosiy inson huquqlaridan mosuvo etilgan, hatto bir shahardan ikkinchi shaharga, bir joydan ikkinchi joyga borolmaydigan, tinimsiz qiynoqlarga yuz tutgan hamda og’ir sharoitlarda hayot kechirayotgan aholidan yana nimani kutish mumkin? – deya vaziyatga baho beradi AQShdagi “Tikkun” jurnali muharriri Maykl Lerner. – Ularning bu sharoitlardan juda, juda darg’azab bo’lishi tabiiy hol”.

Isroil Mudofaa kuchlarining zahiradagi ofitseri, mayor Stav Adivi terror amaliyotlari Isroil bosqining asorati ekanini tan oladi.

“Dahshatli choralarga qo’l urishadi. Inson zotiga xos bo’lmagan ishlar. Bu ishlarni mutlaqo qoralayman, ammo bular bosqinning oqibati ekanini tushunishimiz kerak”, – deydi u.

Xudkushlik bombalarini bosqin bilan bog’lash Amerika matbuotida uchramaydigan holat. Jurnalistlar yondashuviga ko’ra, Isroil terror amaliyotlarini to’xtatish uchun Falastinga bostirib kirishga majbur.

MSNBC News (Inglizchasi): “MSNBC investigates the mind of a suicide bomber. So hard for us to understand why they would be willing to sacrifice their lives in this way”.

MSNBC News (Tarjimasi): “MSNBC o’zini portlatgan odamning miyasini o’qishga urinyapti. Bu yo’lda ular nega o’z jonlariga qasd qilayotganini tushunishimiz juda qiyin”.

CBS News (Inglizchasi): “The Israelis moved into the occupied territories to root out the suicide bombers”.

CBS News(Tarjimasi): “Isroil xudkush bombachilar inini yo’q qilish uchun egallab olingan hududlarga kirdi”.

CBS News (Inglizchasi): “The Israelis are now stationed in force all over the West Bank. Their iron grip designed to prevent suicide bombers getting through”.

CNN News (Tarjimasi): “Isroil kuchlari hozir butun G’arbiy Sohilga joylashtirilgan. Xudkushlik hujumlarini to’xtatishga qaratilgan amaliyot o’tkazilmoqda”.

Amerika matbuotining farqli yondashuvi boshqa G’arb ommaviy axborot vositalarining ayni shu mavzu bo’yicha bergan xabarlarini o’qiganda kozga tashlanadi. Masalan, BBC telekanali o’z xabarlarida xudkushlik hujumlarining kelib chiqish sabablarini ham o’rganishga harakat qiladi.

BBC News (Inglizchasi): “Ariel Sharon has made good on his threat of a huge military offensive, and this may be the only result: more Palestinian attacks, not less. A suicide bombing in this supermarket today- just what Sharon is trying to stop. But all the tanks in the world are no substitute for a political settlement. Today’s bomber was not prepared to wait. Here, a brief glimpse of her face. Not a hardened fighter but a girl of 16”.

BBC News (Tarjimasi): “Ariel Sharon yirik harbiy amaliyotlarni oshirgan sari, falastinliklarning hujumi ham kuchayib bormoqda. Do’konda sodir bo’lgan bugungi xudkushlik hujumi Sharon to’xtatishga urinayotgan narsa. Ammo dunyoning jami tanklarini yig’ib kelsangiz ham, ular siyosiy yechim o’rnini bosolmaydi. Toqati toq bo’lgan bir odam o’zini portlatdi bugun. Mana, uning yuzi ko’rindi. U hali hayot achchig’ini ham tortmagan 16 yashar qiz edi”.

“ AQSh ommaviy axborot vositalari buni tushunmaydi, – deydi jurnalist Maykl Lerner. – Shuning uchun ularning ta’limini olgan amerikaliklar ham bu voqealarning asl sababini bila olmaydi”.

AQSh matbuotida voqealarning sabab va oqibati aksincha ko’rsatiladi. Ya’ni, Isroil xudkushlik hujumlariga javoban Falastinni egallab olgani aytiladi.

“Isroilliklar o’zlarini xavfsiz sezmasliklari to’g’ri va bunga asosli sabablari bor. Xavfsizlik manbai falastinliklar nafrati ekanini ular yaxshi biladi, – deydi tadqiqotchi Sam Husayniy. – Jurnalistlar ham mojaro hokimiyat, yer yoki territoriya uchun kurashdan emas, balki falastinliklarning Isroilga nisbatan nafratidan kelayotganini aytadi”.

CBS News (Inglizchasi): “A Palestinian man emerged from a taxi on a busy shopping street in downtown Jerusalem with a machine gun in his hands and hate in his eyes”.

CBS News (Tarjimasi): “Falastinlik bir erkak Quddus markazidagi gavjum savdo ko’chasida taksidan tushdi. Qo’lida avtomat qurol, ko’zida esa nafrat bor”.

“Bosqin ko’zga ko’rinmaydi, – deydi Husayniy. – AQSh hukumati ham, Amerika matbuoti ham ko’p hollarda bosqin mavjudligini yashirishga urinadi. Shunday ekan, zo’ravonliklarning sababini falastinliklar genidan, madaniyatidan qidirishadi. Bular o’zi zo’ravon, qonxo’r xalq deyishmoqchi bo’ladi”.

NBC News (Inglizchasi): “Neither the best intention of the Saudis nor the power of the Israelis could stop another young zealot willing to die so he could kill Jews on Passover”.

NBC News (Tarjimasi): “Na Saudiylarning vositachiligi, na Isroilning qudrati  yana bir yosh falastinlikni yahudiylarni bayram kuni o’ldirish xohishidan to’xtata oldi”.

“To’g’ri, isroilliklar o’ldirilmoqda. To’g’ri, Isroilning mudofaaga ehtiyoji bor. Ammo Isroilda mudofaa so’roqqa tutilmaydigan ideologiyaga aylangan. Odamlar bu so’zni eshitganda o’ylashdan to’xtaydi. Har narsa mudofaa nomi ostida amalga oshirilishi va oqlanishi mumkin” – deydi “Jurnalistikada adolat va haqqoniylik” tashkiloti vakili Set Akermen.

ABC News (Inglizchasi): “Israeli bulldozers and tanks moved into the refugee camp at two in the morning. Two hours later, fifty-four Palestinian homes had been flattened. The raid was widely seen as retaliation for the deaths of four Israeli soldiers yesterday”.

ABC News (Tarjimasi:): “Isroil buldozer va tanklari tungi soat ikkida qochoqlar lageriga kirdi. Ikki soat ichida 54 falastinlik uyi yer bilan tekislandi. Bosqin kecha o’ldirilgan to’rt Isroil askari uchun javob ekani aytilmoqda”.

ABC News (Inglizchasi): “Violence could escalate over the coming days as Israel retaliates”.

ABC News (Tarjimasi): “Isroil javob qaytarar ekan, keyingi kunlarda zo’ravonlik yana kuchayishi mumkin”.

Falastinliklar harakatini hujum, Isroil ishini esa javob amaliyoti deb aytishning o’z ma’nosi bor. Javob amaliyoti bu mudofaaning bir turi bo’lib, kimdir boshlagan zo’ravonlikka qarshi qo’llangan chorani bildiradi. Bunda to’kilgan qon uchun mas’uliyat zo’ravonlikni boshlagan tomonga yuklanadi. Boshqacha aytganda, mojaroni boshlaganlar asli falastinliklardir, degan ma’noni ifodalaydi.

To’rtinchi strategiya – Terrorizmga qarshi kurash

11-sentabr voqealaridan keyin falastinliklarning har qanday ishini terrorizmga bog’lash Isroilning yangi Pi Ar strategiyasiga aylandi. Falastindagi noqonuniy harbiy amaliyotlarni AQShning terrorizmga qarshi xalqaro kurash siyosati bilan bog’lash keng tus oldi.

CBS News (Inglizchasi): “This is Israel’s war on terrorism. F16s hit a Palestinian police station in the Gaza Strip this morning”.

CBS News (Tarjimasi): “Bu Isroilning terrorizmga qarshi urushi. Ertalab  F-16 samolyotlari G’azo Sektoridagi politsiya binosini nishonga oldi”.

ABC News (Inglizchasi): “The case the Israelis are trying to make, this is no different than what the U.S. is doing in Afghanistan”.

ABC News (Tarjimasi): “Isroil ko’rsatishga urinayotgan narsa shuki, bu AQSh Afg’onistonda olib borayotgan urushdan hech qanday farq qilmaydi”.

CBS News (Inglizchasi): “Prime Minister Ariel Sharon declared on national television tonight that he was determined to root out what he called the terrorist infrastructure in the Palestinian territories”.

CBS News (Tarjimasi): “Bugun milliy telekanalda so’zlagan Bosh vazir Ariel Sharon Falastindagi terror infrastrukturalarini tag tomiri bilan yo’q qilishga qat’iy qaror qilganini aytdi”.

ABC News (Inglizchasi): “The Israeli Prime Minister Sharon said his nation has taken many steps to cooperate in the search for peace, but the only thing it’s had in return is terrorism, terrorism, and more terrorism”.

ABC News (Tarjimasi): “Isroil Bosh vaziri Sharonning aytishicha, uning davlati tinchlik yo’lida muzokara o’tkazishga ko’p urindi, ammo olingan javob faqat terrorizm, terrorizm va yana terrorizm bo’ldi”.

Isroil o’zidagi holatni 11-sentabr voqealariga qiyoslab, Amerika xalqi e’tiborini qozonishga urindi. Vaholanki, ular o’rtasda hech qanday aloqa yo’q. Ajablanarlisi, amerikaik jurnalistlar ham Isroilning bu iddaosiga laqqa tushdi”, – deydi professor Jensen.

Axborot urushi: Isroil va Amerika munosabatlari (Uchinchi maqola)

Comments are closed.