Maqolalar

Noqonuniy muhojirlar: Ularning qanday huquqlari bor?

Aholisi 310 millionga yaqin Amerika Qo’shma Shtatlari (AQSH) muhojirlar mamlakatidir. Taxminlarga ko’ra, AQSH hududida bugun 12-15 million noqonuniy muhojir yashaydi. Noqonuniy muhojir bu AQSHda qonuniy ravishda istiqomat qilishga hujjati bo’lmagan shaxsdir. Noqonuniy muhojirlar immigratsiya xizmati xodimlari tomonidan tutilgan taqdirda, o’z vatanlariga deportatsiya (badarg’a) qilinadilar. Masalan, “Amerika Ovozi”ga ko’ra, har yili 300 mingdan ortiq noqonuniy muhojir o’z vataniga deportatsiya qilinadi.

Vatandoshlarimiz orasida ham AQShda noqonuniy muhojir sifatida kun kechirayotganlar talaygina. Xo’sh, ular politsiya, immigratsiya yoki Federal tergov byurosi (FBI) xodimlariga duch kelgan paytlarida deportatsiyadan omon qolish uchun qanday qonun-qoidalarni bilmoqlari lozim? Ularning qanday haq-huquqlari mavjud?

Umuman olganda, AQSH qonunchiligi, xususan, Konstitutsiyasi himoyasidan, asosan, AQSh fuqarolari va AQShda doimiy yashash huquqiga ega bo’lgan shaxslar foydalanishlari mumkin. Shunday bo’lsa-da, noqonuniy muhojirlarning ham AQSH Konstitutsiyasi tomonidan himoya qilinadigan ba’zi haq-huquqlari mavjud. Ularni bilish va ularga tayanib harakat qilish sizga ishonch va osoyishtalik baxsh etishi bilan birga, turli noxush vaziyatlarda to’gri qaror qabul qilishingizga yordam beradi.

Eslatma: Ushbu maqola rasmiy huquqiy maslahat emas. Maqola faqatgina muhojirlarning AQShdagi ba’zi huquqlari haqida umumiy ma’lumot berish uchun tayyorlandi. Aeroport va AQShga kirish punktlarida boshqa qonun-qoidalar amal qiladi.

Immigratsiya xizmati haqida

AQSH Milliy Xavfsizlik Departamentida (US Department of Homeland Security) immigratsiya masalalari bilan ishlaydigan uch asosiy bo’lim bor: 1) Immigratsiya va Bojxona Xizmati (ICE – Immigration and Customs Enforcement); 2) Fuqarolik va Immigratsiya Xizmati (CIS – Citizenship and Immigration Services); va 3) Bojxona va Chegara Nazorati (CBP – Customs and Border Patrol).

Shu uch muassasadan AQSHda noqonuniy muhojirlarni topish, ularni hibsga olish va deportatsiya qilish ishlari bilan asosan ICE shug’ullanadi. Ushbu uch muassasaga ko’pincha umumlashtirib “Immigratsiya xizmati” (“Immigration services”) deyiladi.

Immigratsiya xizmatining AQSHda hujjatsiz yashab-ishlab yurgan muhojirlarni topish maqsadida amalga oshiradigan faoliyatlardan biri bu reydlardir. Immigratsiya xodimlari reydlarni bevosita uyingizga kelib, ko’cha-ko’yda yoki ish joyingizda amalga oshirishi mumkin. Ushbu holatlar ro’y berganda nima qilish kerakligi haqida quyida to’xtalib o’tamiz.

Immigratsiya xizmati uyingizga kelganda

Immigratsiya xizmati xodimi yoki politsiya uyingizga kelganda, uyingiz ichkarisiga kirishga ruxsat bermang. Ular bilan gaplashish uchun eshikdan tashqariga chiqing va orqangizdan eshikni yoping. Xodimdan sizni hibsga olishga yoki uyingizda tintuv o’tkazishga ruxsati, yani orderi bor-yo’qligini so’rang. AQSHda immigratsiya xizmati va boshqa huquq-tartibot xizmati xodimlarining uyingizga kirishiga ruxsat beradigan hujjatning nomi “Arrest warrant” yoki “Search warrant” deb ataladi. “Arrest warrant” hibsga olish uchun ruxsatnoma bo’lsa, “Search warrant” tintuv o’tkazish uchun berilgan ruxsatnomadir. Har ikki hujjat ham sud tomonidan berilib, ularda shaxsning ismi aniq ko’rsatilgan bo’lishi kerak. Immigratsiya xizmati xodimlari “ICE warrant” deb ataladigan hujjat bilan ham kelishlari mumkin. Bu hujjat noqonuniy muhojirni deportatsiya qilish haqidagi orderdir. “Arrest warrant” va “Search warrant”dan farqli o’laroq, “ICE warrant” uyingizga sizning roziligingizsiz kirishga ruxsat bermaydi.

Agar immigratsiya xizmati xodimining uyingizga kirish uchun orderi bo’lmasa, unga eshigingizni ochmaslikka haqqingiz bor. Agar immigratsiya xizmati xodimi sizga orderim bor deb aytsa, xodimni uyga kiritmasdan oldin orderni to’liq o’qib chiqishga haqqingiz bor. Ko’pincha, immigratsiya xizmati va umuman, huquq-tartibot xizmati xodimlari orderni o’zlari yo eshik tagidan, yo eshikni qiya qilib ochganingizda sizga uzatishadi. Order bilan tanishib chiqayotganingizda, u sud tomonidan berilganiga ishonch hosil qiling. Buning uchun orderda sudya imzosi borligiga diqqat qiling. Shu bilan birga, hibsga olinishi yoki uyida tintiv o’tkazilishi kerak bo’lgan shaxsning ism-sharifi yozilgan bo’lishi kerak.

Immigratsiya xizmati xodimi order bilan uyingizga kirgach, u beradigan savollarga javob berishga majbur emassiz. Bunday huquqqa AQSHda savollarga qarshi sukut saqlash huquqi deyiladi (“the right to remain silent”). Har qanday holatda ham, qayerda tug’ilganingiz, AQSHga qanday qilib kirib kelganingiz haqida ma’lumot bermang. Shu bilan birga, o’zingizni AQSH fuqarosi yoki doimiy yashash huquqiga ega bo’lgan shaxs deb ko’rsatish uchun soxta hujjatlarni taqdim etmang. Immigratsiya xizmati xodimi taqdim etgan biror hujjatga, ayniqsa, uning nima haqda ekanligini tushunmay turib, imzo qo’ymang. Immigratsiya xizmati xodimiga, savollarga advokat bilan maslahat qilmasdan turib javob bermasligingizni ayting. Ingliz tilini yaxshi bilmasangiz, “I want to speak to a lawyer” (Men advokat bilan gaplashishni xohlayman), deb ayting.

Orderi bo’lmagan taqdirda, immigratsiya xizmati xodimi bir-nechta savol so’rash uchun sizdan uyingizga kirishga ruxsat so’rashi mumkin. Bunday hollarda immigratsiya xizmati xodimini va umuman, har-qanday huquq-tartibot xodimini uyingizga kiritmaslik maslahat beriladi.

Immigratsiya xizmati ko’chada to’xtatganda yoki ish joyingizga kelganda

Immigratsiya xizmati xodimi sizni ko’chada so’roq qilish uchun to’xtatganda, osoyishtalikni saqlang va muloyim bo’ling. Immigratsiya xizmati xodimi yoki huquq-tartibot xizmati xodimi bilan tortishmang va qarshilik ko’rsatmang. Qo’llaringiz hamisha politsiyaga ko’rinadigan holda tursin.

Ingliz tilini bilsangiz, siz hibsga olindingizmi yoki yo’qmi, shu haqda so’rang (Am I under arrest? – Men hibsga olindimmi?). Agar hibsga olinmagan bo’lsangiz, yo’lingizda davom etishingiz mumkin. Agar hibsga olinganingizni ma’lum qilishsa, nima sababdan hibsga olinganligingizni bilish huquqiga egasiz va bu haqda so’rang. Hibsga olingan vaqtingizdan boshlab sukut saqlash huquqiga egasiz. Bu haqda, albatta, xodimga bildirishingiz kerak (I want to remain silent – Men sukut saqlashni xohlayman). Ba’zi shtatlarda, xodim sizdan ism-sharifingizni so’rasa, javob berishga majbursiz.

Agar huquq-tartibot xizmati xodimi sizda qurol borligini shubha qilsa, ustingizni sekin paypaslab tekshirib chiqishi mumkin. Bunga ingliz tilida “pat down” deyiladi. Bunga hech qachon qarshilik ko’rsatmasligingiz kerak.

Immigratsiya xizmati xodimi turli ish joylarida ham reyd o’tkazadilar. Ularning ish joyingizga kelganidan xabar topsangiz, sezdirmasdan u yerni tark etishga harakat qiling. Buning iloji bo’lmasa, osoyishtalikni saqlang. Eng muhimi, immigratsiya xizmati xodimini ko’rganingizda undan qochmang. Qochsangiz, immigratsiya xizmati xodimi sizni haqiqatdan ham jinoyat sodir etganligingizda shubha qilib, ordersiz hibsga olishga haqqi bor.

Ham ko’chada, ham ish joyida immigratsiya xizmati xodimiga yo’liqqaningizda tabiiy holda sizdan immigratsion statusingiz haqida ma’lumot olishga harakat qilishi mumkin. Umuman olganda, yoshingiz 18dan o’tgan bo’lsa va AQSHda qonuniy yashashga ruxsatingiz bor bo’lsa (masalan, “Permanent resident card”), bunday hujjatni har doim o’zingiz bilan birga olib yurishingiz kerak. Immigratsiya xizmati xodimi sizdan hujjat taqdim etishingizni so’raganda, tegishli hujjatni, albatta, ko’rsatishingiz kerak. Agar noqonuniy muhojir bo’lsangiz, sukut saqlash huquqidan foydalanmoqchi ekanligingizni ayting. Sizning immigratsion statusingiz haqida so’ralgan har qanday savolga qarshi sukut saqlash huquqingizdan foydalanishingiz kerak. Immigratsiya xizmati yoki boshqa huquq-tartibot xizmati xodimi sizning immigratsion statusingiz, qayerda tug’ilganingiz, AQSHga qanday qilib kirib kelganingiz haqida bergan savollarga javob berishga majbur emassiz. Shu bilan birga, o’zingizni AQSH fuqarosi yoki doimiy yashash huquqiga ega bo’lgan shaxs deb isbotlash uchun soxta hujjatlarni ko’rsatmang. Hech qanday hujjatga, ayniqsa, nima haqida ekanligini tushunmay turib, imzo qo’ymang.

Immigratsiya xizmati sizni hibsga olganda

Hibsga olinganingizda, nohaq deb hisoblasangiz ham, qarshilik ko’rsatmang. Savollarga advokat bilan maslahat qilmasdan javob bermasligingizni ayting. Agar advokat yollashga pulingiz bo’lmasa, immigratsiya xizmati xodimiga sizga bepul xizmat ko’rsatuvchi (“pro bono immigration lawyers” deb ataladi) yoki arzon narxlarda xizmat ko’rsatuvchi advokatlar ro’yxatini berishini iltimos qiling.

Xususan, qayerda tug’ilganingiz va AQSHga qanday qilib kirib kelganingiz haqida ma’lumot bermang. Hech qanday hujjatga, ayniqsa, nima haqida ekanligini tushunmay turib, imzo qo’ymang. Har qanday hujjat matnini tushunmaganingizda, tarjimon xizmatidan foydalanish huquqiga egasiz.

Kaliforniyada keng qo’llaniladigan “qizil karta” (“red card”) nima?

Kaliforniyada faoliyat ko’rsatayotgan muhojirlar huquqlarini himoya qilish nodavlat tashkilotlari noqonuniy muhojirlarga “qizil karta”dan foydalanishni tavsiya etadilar. Bu kartaga sizning AQSH Konstitutsiyasiga ko’ra huquqlaringiz yozilgan bo’lib, immigratsiya xizmati xodimi yoki politsiya kelganda, uni ko’rsatishingiz mumkin. Shunday kartaga ega bo’lish, ayniqsa, ingliz tilini bilmaydigan noqonuniy muhojirlarga juda qo’l kelishi mumkin.

“Qizil karta”da ingliz tilida shunday so’zlar yozilgan:

I do not wish to speak with you, answer your questions, or sign or hand you any documents based on my 5th Amendment rights under the United States Constitution. I do not give you permission to enter my home based on my 4th Amendment rights under the United States Constitution unless you have a warrant to enter, signed by a judge or magistrate with my name on it that you slide under the door. I do not give you permission to search any of my belongings based on my 4th Amendment rights. I choose to exercise my constitutional rights.

Ushbu matnnning tarjimasi quyidagicha:

AQSh Konstitutsiyasining 5-O’zgartirishiga asoslanib, siz bilan gaplashishni, savollaringizga javob berishni, har qanday hujjatni imzolashni yoki sizga taqdim etishni xohlamayman. AQSh Konstitutsiyasining 4-O’zgartirishiga asoslanib, agar sudya tomonidan imzolangan va mening ismim yozilgan orderni eshik ostidan uzatmasangiz, sizga uyimga kirishga ruxsat bermayman. 4-O’zgartirishga asoslanib, menga tegishli biror narsani tintuv qilishingizga ruxsat bermayman. Men konstitutsiyaviy huquqlarimdan foydalanishni ma’qul ko’raman.

Yakuniy maslahatlar

AQSHda noqonuniy muhojir bo’lib yurgan shaxslar, eng avvalo, amaldagi qonun-qoidalarni buzmasliklari kerak. Umuman olganda, AQSHda politsiya kamdan-kam holatlarda kimnidur hech qanday sababsiz to’xtatib, so’roqqa tutadi. Bunday choraga qo’l urishi uchun politsiyaning jiddy sabablari bo’lishi kerak. Aytaylik, siz noqonuniy muhojirsiz va mashinangizda ketayotganingizda sizni politsiya to’xtatdi. Agar to’xtasam, politsiya xodimi mening AQSHda hujjatsiz yurganimni o’rganadi va meni deportatsiya qiladi deb o’ylab to’xtamaslik politsiya xodimi uchun sizni quvlab-yetishga, ordersiz tintuv qilishga va nihoyat, hibsga olishga yetarli asos bo’lib xizmat qiladi. Sizni to’xtatgan politsiya xodimiga faqat haydovchilik guvohnomasini, mashina sug’urtasini va uning ro’yxatdan o’tganligini ko’rsatuvchi hujjatni ko’rsatishinzigiz kerak. Bu hujjatlardan sizning noqonuniy muhojir ekanligingizni bilib olishi mumkin emas. O’zingizni osoyishta tutib, politsiya bilan muloyim muomalada bo’lsangiz, sizga yo’l qoidasini buzganligingiz uchun (agar sizni to’xtatishga shu sabab bo’lgan bo’lsa) ogohlantirish yoki jazo berishdan boshqa hech qanday chora ko’rilmaydi.

Noqonuniy muhojir, o’z immigratsion holatidan kelib chiqqan holda, har qanday vaziyatga tayyor bo’lmog’i lozim va ba’zi tayyorgarlik choralarini ko’rgan bo’lishi kerak. Shulardan eng muhimi kerak bo’lganda qisqa vaqt ichida murojaat qilishingiz mumkin bo’lgan advokatlarni bilish. Ularning ism-shariflari va telefon raqamlarini doim yoningizda olib yuring. Xuddi shu aloqa ma’lumotlarini siz bilan yashaydigan oila a’zolaringiz yoki do’stlaringiz uchun ham uyingizda saqlang. Bu ma’lumotlar yordamida siz hibsga olingan taqdiringizda, yaqinlaringiz sizga qisqa muddat ichida advokat yollashlari mumkin bo’ladi. AQSHda advokat tanlashda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida Vatandoshning oldingi sonlarida chop etilgan maqolada batafsil ma’lumot bergan edik.

Oilangiz a’zolariga yoki do’stlaringizga immigratsion nomeringizni (“A number”) berib qo’ying. Hibsga olinganingizda, yaqinlaringiz aynan shu nomer orqali sizni topishlari mumkin bo’ladi.

Xulosa

Yuqoridagi ma’lumotlarni qisqa satrlarda umumlashtirib beramiz:

HUQUQLARINGIZ:

– Sukut saqlash huquqiga egasiz. Ushbu huquqdan foydalanmoqchi bo’lsangiz, bu haqda immigratsiya xizmati yoki huquq-tartibot xizmati xodimiga bildirishingiz kerak;

– O’zingiz, uyingiz yoki mashinangiz tintiv qilinishiga ruxsat bermaslik huquqiga egasiz;

– Agar hibsga olinmagan bo’lsangiz, yo’lingizda davom etish huquqiga egasiz;

– Agar hibsga olingan bo’lsangiz, advokat olishga huquqingiz bor. Advokat yollashni hibsga olinishingiz bilanoq iltimos qilishingiz kerak;

– Hibsga olingan vaqtingizda, advokat bilan maslahat qilmasdan hech qanday savolga javob bermang va hech qanday hujjatni imzolamang;

– AQSHda noqonuniy muhojir bo’lsangiz ham, konstitutsiyaviy huquqlarga egasiz.

MAJBURIYATLARINGIZ:

– Osoyishtalikni saqlang va muloyim bo’ling;

– Immigratsiya xizmati yoki huquq-tartibot xizmati xodimiga o’z vazifalarini bajarishiga to’sqinlik qilmang;

– Yolg’on gapirmang yoki soxta hujjat ko’rsatmang;

– Hibsga olinish hollari uchun tayyor turing;

– Immigratsiya xizmati yoki huquq-tartibot xizmati xodimi bilan bo’lgan uchrashuvni iloji boricha hamma tafsilotlari bilan xotirlab qolishga harakat qiling;

– Agar huquqlaringiz immigratsiya xizmati yoki huquq-tartibot xizmati xodimi tomonidan buzildi, deb o’ylasangiz, albatta, shikoyat qiling.

***

Noqonuniy muhojirlarga huquqiy yordam berishi mumkin bo’lgan ba’zi nodavlat tashkilotlar:

California: http://www.ilrc.org/ (Immigration Legal Resource Center)

Illionois: http://www.chicagoimmigrationadvocates.com/ (Chicago Immigration Advocates Law Offices)

New York: http://www.immigrantjustice.org/ (National Immigrant Justice Center)

Washington, D.C.:http://cliniclegal.org/ (Catholic Legal Immigration Network, Inc.)

http://www.aclu.org/immigrants-rights/immigration-discrimination (American Civil Liberties Union)

Maqola ilk marotaba “Vatandosh” gazetasida chop etilgan.

Comments are closed.