AQShning Konnektikut shtatida ro’y bergan qatliomdan so’ng AQSh va dunyo bo’ylab qurol-aslahalarning ochiq oldi-sottisini cheklash haqidagi bahs-munozaralar avjiga chiqdi. Shu yilding 14-dekabr kuni 20 yoshli Adam Lanza Sendi Xuk nomli boshlang’ich maktabga kirib, 26 kishini otib o’ldirdi. Ularning 20 nafari 7 yoshgacha bo’lgan bolalar.
Amerikada bunday qatliom ilk bor ro’y berishi emas. AQShning Viskonsin, Kolorado va Arizona shtatlari ham shunday fojealarga guvoh bo’lgan. Norvegiyaning Otoeya orolida amalga oshirilgan qatliomda esa 77 kishi hayotdan ko’z yumgan edi.
Bu kabi voqealar yaqin orada AQShda qurolga egalik huquqini bekor qilishga oib boradi deb aytishga hali erta. Sababi qurolga egalik huquqi AQSh Konstitutsiyasida belgilab qo’yilgan asosiy huquqlardan biri hisoblanadi. Bu huquqni himoya qilib Oliy Sud qaror ham chiqargan(District of Columbia v. Heller, 554 U.S. 570 (2008)). Shuning uchun bu mavzuda davom etayotgan bahslar, asosan, qurol-aslahalar savdosini butunlay to’xtatish haqida emas, balki cheklash haqida ketmoqda.
Mazkur maqolada qurol-aslahalarning cheklovlarsiz sotilishini quvvatlovchi va bunga qarshi bo’lgan tomonlarning qarashlarini keltiramiz. Asosiy mavzuga o’tishdan avval AQShda qurol ishlatishga tegishli ba’zi faktlarni keltirib o’tamiz:
– Har yili o’qotar quroldan, o’rtacha, 32 ming kishi halok bo’ladi, 67 ming odam esa yaralanadi. Shulardan, taxminan, 18 mingi o’z joniga qasd qilganlar bo’lib, ularning faqat 3 mingi suiqasddan omon qoladi.
– Uyda saqlanadigan qurollardan mudofaa uchun emas, balki o’z joniga qasd qilish yoki boshqa kishini o’ldirish maqsadlarida ko’proq foydalaniladi.
– Uyda qurol saqlash o’z joniga qasd qilish ehtimolini 17 barobar oshiradi.
– O’qotar qurol yordamida sodir etilgan suiqasdlarning 90 foizi o’lim bilan yakunlanadi. Dori ichish yoki qo’l tomirini kesish orqali sodir etilgan suiqasdlarning esa faqat 3 foizi halokat bilan tugaydi.
– Sotilgan qurollarning, taxminan, 40 foizi xaridorlarning o’tmishi tekshirilmasdan sotiladi. Aslida, AQSh qonunchiligiga ko’ra, qurol xaridorlarning jinoiy o’tmishi tekshirilmasdan turib, ularga qurol sotish mumkin emas.
– O’qotar qurollardan o’z-o’zini mudofaa qilish maqsadida yiliga, o’rtacha, 200 marta foydalaniladi, xolos.
– 1968-yildan beri Amerikada bir milliondan ortiq odam o’qotar qurol qurboni bo’lgan.
Yuqoridagi ma’lumotlarni o’qigan odamda tabiiy bir savol tug’iladi. Qurol-aslahalarning cheklovlarshiz sotilishi to’g’rimi? Qurol savdosi bilan sodir etilayotgan qotilliklar o’rtasidagi bog’liqlik qanday? Quyida o’qotar qurollarning cheklovlarsiz sotilishini quvvatlovchi va unga qarshi bo’lgan tomonlarning o’z qarashlarini himoya qilish uchun keltiradigan sabablarni sanab o’tamiz.
O’q-otar qurollarning cheklovlarsiz sotilishini QUVVATLOVCHI sabablar:
- Qurolga egalik qilish Amerikada Konstitutsiya bilan kafolatlangan huquqdir. Unga rahna solishga na fuqarolarning va na davlatning haqqi bor.
- Cheklovlardan qat’i nazar, o’qotar qurol sotib olishni xohlagan odam noqonuniy yo’l bilan bo’lsa ham uni qo’lga kiritish yo’lini topadi. Shuning uchun o’qotar qurollarni sotib olishga cheklov qo’yish orqali qonunga bo’ysunadigan kishilarning huquqi cheklanadi. Shu bilan birga, qurol-aslahalar sotilishiga cheklovlar qo’yilishi qora bozorning rivojlanishiga va bunday oldi-sotti bilan shug’ullanadigan jinoiy guruhlarning ko’payishiga sabab bo’ladi.
- O’qotar qurollar o’zini himoya qilishga kuchi yetmaganlar uchun (masalan, nogironlar, voyaga yetmagan yosh bolalar, katta yoshlilar) o’zini samarali himoya qilishning yagona yo’li;
- Muammo o’qotar qurolda emas, unga egalik qilayotgan kishida. O’qotar qurollar zarar keltirishi mumkin bo’lgan har qanday boshqa buyum kabi ham foydasi, ham zarari bor. Masalan, pichoq yoki bolta bilan ham qotillik sodir etish mumkin, ammo ularni sotib olish taqiqlanmagan. Shu sababli o’qotar qurollarga egalik qilishni taqiqlash yoki cheklash o’rniga, davlat ulardan mas’uliyat bilan foydalanishni o’rgatuvchi va targ’ib qiluvchi dasturlarni ishlab chiqishi kerak.
- Politsiya har doim ham jinoyat joyiga o’z vaqtida yetib kela olmaydi. Bunday holatlarda fuqarolarning o’zlari bilan qurol ko’tarib yurishlari jinoyatning oldi olinishi yoki jinoyatchini zararsizlantirishda qo’l kelishi mumkin. 1997-yilda Missisippi shtatining Pyorl (Pearl) shahrida bo’lib o’tgan qotillik yaxshi misol bo’lib xizmat qiladi. Luk Vudxam (Luke Woodham) ismli 16 yoshli bola onasini pichoqlab o’ldirgandan keyin, o’z maktabida 2 o’quvchini otib o’ldirib, 7 o’quvchini yaralaydi. Maktabdan chiqib ketayotgan paytda, uni mashinasiga borib o’z qurolini olib kelgan maktab direktori o’rinbosari to’xtatib, politsiya kelgunga qadar ushlab turadi. Mazkur hodisaga Matyu Murrey (Matthew Murray) sodir etgan qotillik va uning qanday ushlangani ham misol qilib keltiriladi.
O’qotar qurollarning cheklovlarsiz sotilishiga QARSHI sabablar:
- Qurolga egalik qilish Amerikada Konstitutsiya bilan kafolatlangan bo’lgani bilan, unga nisbatan hech qanday cheklov o’rnatish mumkin emasligini bildirmaydi. Masalan, so’z erkinligi ham konstitutsiyaviy huquqdir. Ammo so’z erkinligi huquqiga tayanib alohida guruhga qarshi zo’ravonlik ko’rsatishga chaqirish qonun bilan taqiqlangan.
- Mazkur sababga asoslanib barcha jinoiy xatti-harakatlarni oqlash mumkin. Masalan, geroinni sotish va iste’mol qilish deyarli barcha davlatlarda taqiqlangan. Ammo hech bir davlat geroinni sotish va iste’mol qilishni taqiqlash uning qora bozorda sotilishiga sabab bo’lish ehtimoli bor bo’lgani uchun unga ruxsat bermaydi. Qolaversa, qora bozor, ko’pincha, biron narsaning umuman taqiqlanishi sababli avj oladi. Mazkur mavzu esa o’qotar qurollarning cheklovlarsiz sotilishi haqida bo’lib, ularning turlari va sotib olishi mumkin bo’lgan shaxslar doirasiga cheklash kiritish taklif qilinyapti, xolos.
- O’qotar qurollar ba’zi shaxslarga o’zini-o’zi himoya qilishi uchun kerak bo’lishi mumkin. Ammo bu degani o’zini himoya qilish maqsadlarida har qanday qurolni, har kim sotib olishi mumkin degani emas. Cheklovlar sotib olinishi mumkin bo’lgan qurol-aslahalar turini kamaytirish uchun bo’lib, kishilarning o’zlarini himoya qilish qobiliyatlarini umuman bekor qilmaydi.
- Eng vahshiy jinoyatlar o’qotar qurollar yordamida sodir bo’lmoqda. Shuning uchun ularni cheklash bunday jinoyatlarning kamayishiga sabab bo’ladi. Masalan, biror shaxsning qattiq jahli chiqishi, birovning joniga qasd qilish yoki o’ch olish niyatida zarar berish xohishi paydo bo’lishi keng uchrab turadigan holatlardir. Shunday vaziyatlarda o’q otadigan qurollarning eng xavflilari, ya’ni ko’p talofot keltirishi mumkin bo’lgan avtomatlarning bemalol sotuvda bo’lishi qurbonlar sonini keskin ko’paytirishi turgan gap. Masalan, 14-dekabr kuni Xitoyda yaqinda Qiyomat qopishiga ishongan 36 yoshli kishi 22 maktab o’qvuchisini pichoqlagan. Bitta pichoq bilan 22 o’quvchini pichoqlashga ulgurgan kishi tasarrufida avtomat bo’lganida, ham qurbonlar soni, ham o’lganlar soni bir necha barobar ortgan bo’lardi. Chunki zamonaviy o’qotar qurollar orasida o’zi o’qlanib bir daqiqa ichida 60-80 ta o’q otish salohiyatiga ega bo’lgan qurollar mavjud.
- Fuqarolar tasarrufida o’qotar qurollarning mavjud bo’lishi qotillikning oldi olinishi yoki jinoyatchining qo’lga olinishi uchun yordam bermaydi. Aksariyat hollarda qotilliklar tartibsiz holatda, xaos vaziyatda sodir bo’ladi. Bunday holatlarda kim qotilu, kim o’zini himoya qiluvchi shaxs ekanligini aniqlash qiyin. Natijada, o’qotar quroli bo’lgan jinoyatchi va o’zini himoya qilish uchun qurol olib yuradigan shaxs orasida o’zaro otishma avjiga chiqishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, bunday vaziyatlarda jinoyat joyiga yetib kelgan politsiya kim jinoyatchiyu, kim jinoyatchi emasligini aniqlashi imkonsiz.
Mavzu bo’yicha xulosa chiqarishdan tiyilamiz. Ayni kunlarda AQSh davlat rahbari ham, Kongress vakillari ham qurollar savdosi va ularning turini cheklash bo’yicha bosh qotirmoqda. Kuzatuvchilarning aytishicha, Konnektikutda ro’y bergan qonli fojea ortidan qurollarning cheklanishini istovchilar soni ortgan.
Siz nima deb o’ylaysiz? O’qotar qurollar AQShda cheklovlarsiz sotilishi to’g’rimi yoki bunga qarshimisiz? O’z fikringizni dalillovchi qanday sabablarni ayta olasiz? Bu borada hukumat qanday siyosat yuritishi kerak, deb hisoblaysiz?
One Comment