Maqolalar

AQShda Miranda huquqlari

Miranda huquqlari nima?

Politsiya biror kishini hibsga olgandan keyin uni albatta so’roq qiladi. So’roq qilish orqali politsiya, asosan, kishining aybini isbotlovchi dalillarni topishga harakat qiladi. Shuning uchun hibsga olingan shaxs politsiya tomonidan so’roq qilinish davomida o’zini qanday tutishni va asosiy huquqlari nimalardan iborat ekanligini yaxshi bilishi kerak.

Umuman olganda, AQShda hibsga olingan shaxs yurist bilan maslahat qilmasdan turib politsiya savollariga javob bermasligi kerak. Ba’zan hibsga olingan kishilar politsiya bergan savollarga javob berishni ma’qul ko’radilar. Ammo bunda ular ikki asosiy konstitutsiyaviy huquqlaridan voz kechadilar. Birinchisi, har bir kishining sukut saqlash huquqi (“the right to remain silent”) bo’lsa, ikkinchisi himoyachi yordamidan foydalanish huquqi (“the right to have a lawyer”) hisoblanadi. Bu ikki konstitutsiyaviy huquq AQSh fuqarolariga ham, hujjatsiz muhojirlarga ham birdek tegishlidir.

Miranda huquqlari tarixi

AQSh qonunchiligi so’roq qilingan shaxsning ko’rsatmalarini sudda dalil sifatida qabul qilinishi uchun ikki shart qo’yadi: Birinchisi, so’roq qilingan shaxs o’z haq-huquqlari doirasini bilishi (“knowledge”) kerak. Ikkinchisi, savollarga o’z erkin irodasiga (“free will”) ko’ra javob berishi kerak.

Politsiya tomonidan hibsga olingan shaxs, ko’pincha, bu imtiyozlardan unumli foydalana olmaydi. U yo o’z konstitutsiyaviy huquqlari doirasi va mazmunidan bexabar bo’ladi, yoki xabardor bo’lsa ham, hibsga olingandan keyin politsiya savollariga javob berish majburiy emasligini bilmaydi. Bu ikki shartning amalga oshishini ta’minlash maqsadida AQSh qonunchiligi politsiyaga hibsga olingan shaxsga asosiy huquqlarini birma-bir sanab chiqish majburiyatini yuklaydi. Shu orqali hibsga olingan shaxs barcha asosiy huquqlaridan xabardor (“knowledge”) qilingan bo’ladi va uning politsiya savollariga bergan javoblari o’z erkin irodasiga (“free will”) ko’ra qilingan hisoblanadi. Bu qoidaga AQSh Oliy Sudi 1966-yilda ko’rilgan Miranda v. Arizona ishida (Miranda Arizonaga qarshi) asos solgan. Mazkur ishda politsiya gumon qilinuvchi Ernesto Miranda hibsga olingan payti asosiy huquqlari nimalardan iboratligi tushuntirilmasdan  so’roqqa tutilganligi sababli, sud so’roq qilish davomida olingan barcha ma’lumotlarni dalil sifatida qabul qilmaydi. Oliy Sud shaxs so’roq qilinishidan oldin yuqorida so’z ketgan ikki holat ta’minlanishi kerak degan xulosaga keladi. Ya’ni, hibsga olingan shaxs so’roqqa tutilishidan oldin o’z haq-huquqlari doirasini bilishi (“knowledge”) va shundan so’ng savollarga o’z erkin irodasiga (“free will”) ko’ra javob berishi lozimligi haqida qaror qabul qiladi. Buni ta’minlash uchun va politsiya shaxsni so’roq qilish natijasida olgan har qanday ma’lumot sud tomonidan dalil sifatida qabul qilinishi uchun, so’roq qilishdan oldin politsiya quyidagi konstitutsiyaviy huquqlarni mahbusga o’qib eshittirishi kerak:

–          “Sukut saqlash huquqiga egasiz.” (“You have a right to remain silent.”);

–          “Har bir aytgan so’zingiz yoki xatti-harakatingiz sudda sizga qarshi ishlatilishi mumkin.” (“Anything you say or do can and will be used against you in a court of law.”);

–          “Sizning yuristga murojaat qilishga haqqingiz bor. Har qanday so’roq qilish davomida yurist yoningizda bo’lishi mumkin.” (“You have a right to speak to an attorney, and to have an attorney present during any questioning.”);

–          “Agar yurist yollashga imkoniyatingiz bo’lmasa, sizni himoya qilish uchun yurist tayinlanadi.” (“If you cannot afford an attorney, one will be appointed for you.”);

Miranda va Arizona shtati o’rtasida kechgan Oliy Sud ishidan so’ng yuqoridagi huquqlar “Miranda huquqlari” degan nom olgan.

Miranda huquqlari har doim amal qiladimi?

“Miranda v. Arizona” ishidagi Oliy Sud qaroriga ko’ra, Miranda huquqlari ikki holat mavjud bo’lgandagina amal qiladi: [1] shaxs hibsga olinganda (“custody”) va [2] so’roq qilinganda (“incriminating questions”). Politsiyaning kishi qo’liga kishan solishi uning hibsga olinganini bildiruvchi eng oddiy misoldir. Ammo kishi qo’liga kishan solinmaganda ham hibsga olingan hisoblanishi mumkin. Masalan, politsiyachidan, “Ketishim mumkinmi?” (“Officer, am I free to go?”) deb so’ralganda,  agar “Yo’q,” deb javob berilsa, kishi hibsga olingan hisoblanadi.

Politsiyachining oddiy savollarini so’roq qilishdan ajratish kerak. Masalan, politsiya kishidan “Mashinangiz hujjatlarini ko’rsam bo’ladimi?” deb so’rashdan oldin Miranda huquqlarini o’qib eshittirishga majbur emas. Ammo “Mashinangizda narkotik moddalari bormi?” yoki bo’lmasa “Ichgan ko’rinasiz, mastmisiz?” deb so’rasa, bu ko’proq AQSh qonunchiligida “so’roq qilinish” (“incriminating questions”) hisoblanadi. Sababi, bu kabi savollar kishini biron jinoyatda aybdor deb topilishiga yoki aloqadorlikka yetaklaydigan savollar hisoblanadi.

Miranda huquqlari o’qib eshittirilishi uchun yuqoridagi ikki holat bir vaqtning o’zida mavjud bo’lishi kerak. Ya’ni, politsiya so’roq qilayotgan paytda kishi hibsda bo’lishi kerak. Masalan, mashinangiz hujjatlarini tekshira turib, politsiya sizdan “Mast qiluvchi ichimlik ichdingizmi?” deb so’rashdan oldin sizga Miranda huquqlaringizni o’qib eshittirishga majbur emas. Sababi siz hali hibsga olinmadingiz. Faraz qilaylik, siz berilgan savolga “Ha, 2 butilka pivo ichdim do’stlarim bilan,” deb javob bersangiz, bu holatda agar ishingiz keyinchalik mashinani mast holatda haydaganingiz uchun sudga oshirilsa, politsiya meni so’roq qilishdan oldin Miranda huquqlarimni sanab o’tmadi deb shikoyat qila olmaysiz. Umuman olganda, sizni aybingizga iqror bo’lishingizga yetaklovchi savollarga har doim “Sukut saqlash huquqimdan foydalanishni istayman.” (“Officer, I would like to remain silent.”) yoki “Yurist bilan maslahat qilishni istayman”, (“I would like to speak to my attorney.”) deb javob berishingiz kerak.

Endi faraz qiling, sizdan spirtli ichimlik hidi kelgani uchun politsiya sizga boshqarmaga boramiz deb aytdi. Qo’lingizga kishan solib, mashinasida boshqarmaga olib keldi. Ushbu holatda menga Miranda huquqlarimni o’qib eshittirmasdan hibsga oldi, deb shikoyat qila olmaysiz. Chunki siz hibsga olingan bo’lsangiz ham, politsiya hali sizni so’roq qilishni boshlamadi. Politsiya boshqarmasiga yetib kelganingizdan keyin, politsiya sizdan “Pivo ichish bilan birga narkotik moddalaridan ham iste’mol qildingizmi?” deb so’rasa, bu savol endi “so’roq qilish” hisoblanadi, chunki sizni biron jinoyat sodir etganlikda fosh etishga qaratilgan savoldir. Bu savolni berishdan oldin politsiya sizga Miranda huquqlaringizni o’qib eshittirishi shart. Agar siz sukut saqlash huquqingiz borligini bilmasangiz va politsiya sizni Miranda huquqlaringizni o’qib eshittirmasdan so’roqqa tutsa, bunday so’roq qilish natijasida olingan barcha ma’lumotlar sudda dalil sifatida ishlatilishi mumkin emas. AQShda bunday yo’llar bilan olingan ma’lumotlarni sudda dalil sifatida e’tiborga olinmasligiga “exclusionary rule” deyiladi.

Demak, Miranda huquqlari faqatgina kishi hibsga olingandan keyin va politsiya so’roq qilishni boshlashidan oldin o’qib eshittirilishi kerak. Bu ikki holat mavjud bo’lmaganda Miranda huquqlari o’qib eshittirilmasligi huquqbuzarlik hisoblanmaydi.

Miranda huquqlari o’qib eshittirilgandan keyin nima qilish kerak?

Miranda huquqlari o’qib eshittirilgandan keyin barcha yuristlar sukut saqlashni maslahat beradi. Advokatigiz yoki sizni himoya qilish uchun tayinlangan advokat kelmaguncha, politsiya savollariga javob bermaslik tavsiya etiladi.

Comments are closed.