AQShda mashina haydovchi vatandoshlarimiz orasida yo’l politsiyasi to’xtatganda, bir oz bo’lsa ham hadiksiramaydigani topilmasa kerak. Bunday vaziyatda yo’l qo’yiladigan xatolar, odatda, ikki holatdan birida ro’y beradi.
Birinchisi, haydovchining politsiyaga nisbatan hurmatsizlik bilan muomalada bo’lishi oqibatida. Bu ko’pincha haydovchi o’zini aybsiz deb hisoblaganda ro’y beradi.
Ikkinchisi, haydovchining politsiya iltimoslariga e’tirozsiz itoat etishi natijasida.
Politsiyaga hech qachon hurmatsiz munosabatda bo’lmaslik kerak. Ammo kezi kelganda, politsiya talablariga e’tiroz bildirish mumkin.
Quyida yo’l politsiyasi mashinangizni to’xtatganda o’zingizni qanday tutishingiz kerakligi haqida ma’lumotlar beramiz. Mazkur maslahatlarning hammasi ham amaldagi yo’l qoidalariga aloqador emas. Ularning bir qismi haydovchining politsiyaga qanday muomala qilishi kerakligi haqida bo’lsa, ikkinchi qismi politsiya xodimining xavfsizligini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan qoidalardir.
Eslatma: Ushbu maslahatlar AQShda mashinangiz politsiya tomonidan to’xtatilganda qanday haq-huquqlarga ega ekaningiz haqida umumiy ma’lumot berish uchun tayyorlandi. Maslahatlar rasmiy huquqiy maslahat o’rnida o’tmaydi.
1. Mashinangiz orqasida politsiyani ko’rganingizda
Politsiya sizni to’xtatmoqchi bo’lganda mashinangiz orqasidan signal chiroqlari va sirenasini yoqib keladi. Bunday holatda mashinangizni iloji boricha qisqa vaqt ichida xavfsiz joyga to’xtatishingiz kerak. Buning uchun politsiyaga to’xtashni niyat qilganingizni bildirish uchun mashina tezligini bir oz kamaytiring va to’xtashga tayyorgarlik ko’rishni boshlang. Mashinangizning o’ng tomon burulish signalini yo’qib, yo’l chiziqlarini chapdan o’ngga qarab o’zgartirishni boshlang. Katta yo’lning (highway) eng chap qo’ldagi yo’lagidan (lane) ketayotgan bo’lsangiz ham, mashinangizni yo’lning on’g tomonida to’xtatishingiz kerakligini unutmang. Mashinangizni imkon qadar yo’lning on’grog’iga to’xtatishingiz kerak. Bu orqali politsiya xodimiga orqadan to’xtovsiz kelayotgan mashinalardan xavfsiramasdan mashinangiz oldiga kelishiga sharoit yaratgan bo’lasiz.
Agar mashinangizni qulaylik bilan to’xtatishingiz mumkin bo’lishiga qaramasdan siz harakatlanishda davom etsangiz (bunday harakatlanishga ingliz tilida “coasting” deyiladi va to’xtayotgandek harakatlanishni anglatadi), politsiya sizdan shubha qilishni boshlashi mumkin. Mashinadagilarning noqonuniy faoliyatlarga aloqasi bor, shu sababli mashinani to’xtayotgandek ko’rsatish orqali, jinoyat izlarini berkitishga harakat qilishyapti deb shubha qilishi mumkin. Chunki agar mashinada taqiqlangan narkotik moddalar bo’lsa, haydovchi yoki yo’lovchilar ularni berkitishga yoki oynadan tashlab yuborishga harakat qilish hollari ko’p uchraydi.
2. Mashinani to’xtatganingizdan so’ng
Mashinani to’xtatganingizdan keyin, motorni o’chiring. Shunday qilish orqali politsiyaga kutilmaganda qochib ketish niyatingiz yo’qligini bildirgan bo’lasiz. Ba’zi haydovchilar motorni o’chirish bilan birga, mashina kalitini ko’rinadigan qilib dashboard ustiga qo’yib qo’yadilar.
Haydovchi tomondagi mashina oynasini tushurib, qo’llaringizni rulning ustiga qo’yib politsiya kelishini kuting. Politsiya sizning oldingizga kelib, hujjatlaringizni talab qilmaguncha, ularni qidirishingiz tavsiya etilmaydi. Sababi mashinangiz to’xtaganidan keyin politsiyaning asosiy vazifalaridan biri mashina ichida noqonuniy xatti-harakatlar bo’lmayotganligiga ishonch hosil qilishdan iborat. Agar politsiyachi sizning mashinangiz ichida bir narsani qidirib topish maqsadida o’ngga va chapga egilayotganingizni ko’rsa, biror noqonuniy buyumni berkitishga yoki olishga harakat qilyapti, degan shubhaga borishi mumkin. Politsiyaning bunday xavfsirashi asosli. CNN axborot telekanalining xabar berishicha, 2010-yilda 146 ta politsiya xodimi, 2011-yilda esa 166 ta politsiyachi xizmat mobaynida otib o’ldirilgan. Ular orasida politsiya tomonidan to’xtatilgan haydovchilar hujumidan vafot etganlar ham talaygina. Shu sababli politsiya xodimlari har bir to’xtatilgan haydovchidan shubha qiladi va har bir shubha tug’diruvchi xatti-harakatga nisbatan jiddiy ehtiyotkorlik chorasini ko’radi.
Agar kechki payt bo’lib, atrof qorong’u bo’lsa, mashina ichidagi chiroqni yoqib qo’ying. Bunday qilish orqali politsiya mashinangiz ichida kimlar/nimalar borligini yaxshiroq ko’rishi uchun sharoit yaratgan bo’lasiz.
3. Politsiyachi bilan muloqot qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?
Politsiyachi har bir aytgan so’zingizni sudda sizga qarshi ishlatilishi mumkin. Shuning uchun har bir so’zingizni o’ylab, ehtiyotkorlik bilan muomala qilishingiz kerak.
Politsiya xodimi bilan muloyim muomalada bo’lishga majbur emassiz. Hattoki politsiya xodimi yoningizga yaqinlashganda salom bermasangiz ham bo’ladi. Eng muhimi politsiya xodimi bilan hech qachon qo’pol muomalada bo’lmasligingiz kerak. Har bir gapirgan gapingiz sizga qarshi sudda ishlatilishi mumkin bo’lgani uchun, faqat zarurat bo’lgandagina gapiring. Politsiya savollariga qisqa va lo’nda qilib javob bering. Ko’pincha politsiya sizdan haydovchilik guvohnomangizni (license) va mashina ro’yxatdan o’tganligi haqidagi hujjatni (registration) so’raydi. Ba’zi haydovchilar mazkur hujjatlarni uzatishdan oldin politsiya xodimiga do’q ura boshlaydilar. “Nimaga meni to’xtatdingiz? Aybim nimada? Aybim yo’q, tezlikni oshirganim yo’q! Meni hujjatsiz muhojir deb o’ylab kamsityabsizmi?” kabi o’rinsiz e’tirozlarni bildirmasligingiz kerak.
Hujjatlar sizdan so’ralganda, ularni politsiya xodimiga uzatib, qo’llaringizni qaytarib rul ustiga qo’yishingiz kerak. Ko’pincha politsiya xodimi birinchi bo’lib, “Sizni nimaga to’xtatganimni bilasizmi?” deb so’rashdan boshlaydi. Yoki bo’lmasa “Qanday tezlikda ketayotgan edingiz, bilasizmi?” deb so’raydi. Birinchi savolga siz hamisha “Yo’q” deb javobini berishingiz kerak. Ikkinchi savolga esa qisqa qilib “Ha, bilaman.” deb javob bering. Ikkinchi savolga “Yo’q” deb javob bersangiz, politsiya xodimi sizni tezlik oshirish qoidalariga umuman e’tiborsiz ekan degan fikrga boradi va shu sababli sizga og’irroq jazo tayinlashi mumkin. Agar politsiya xodimi sizga “Soatiga 90 mil tezlikda ketayotgan edingiz” deb aytsa, “Bo’lishi mumkin” (“Maybe”) yoki “Tushunarli” (“I see”) deb javob berishingiz mumkin. Agar politsiyachi, “Tez haydash uchun jiddiy sababingiz bormidi?” deb so’rasa, “Yo’q” deb javob berganingiz ma’qul. Agar “Ha” deb javob bersangiz, politsiya xodimi qanchalik tez ketayotganligingizni aniq bilmasa ham, “Demak haydovchi tezlikni oshirish niyati bilan ketayotgan ekan va tezlikni haqiqatdan ham oshirgan” degan xulosaga keladi.
Politsiyaning yuqoridagi kabi savollariga javob bersam politsiya xodimi menga nisbatan yaxshi munosabatda bo’ladi va natijada jazo o’rniga ogohlantirish berish bilan kifoyalanadi deb o’ylash noto’g’ri. Politsiya xodimlari bu kabi savollarni berish orqali aybingizni tan olishingizni istaydi. Shunda agar ishingiz sudga oshirilsa, sudda politsiya xodimi siz aytgan har bir so’z va jumlani sizga qarshi ishlatadi.
Politsiyachi sizga jarima qog’ozini uzatganda ortiqcha gap-so’zsiz qabul qilib oling. Jarima qonuniyligi va belgilangan miqdorning adolatliligini tortishish uchun sudga necha kun ichida murojaat qilishingiz mumkinligi hammasa jarima qog’ozida batafsil yozilgan bo’ladi. Agar jarima noqonuniy belgilandi va umuman politsiya xodimi men bilan muomala qilishda konstitutsiyaviy huquqlarimni buzdi deb o’ylasangiz, albatta, yuristga murojaat qiling.
4. Politsiya sizni yoki mashinangizni tintuv qilishga haqlimi?
Umuman olganda, politsiya mashinangizni to’xtatganda sizni hech qanday sababsiz tintuv qilishga haqqi yo’q. Lekin sizning mashina ichidagi xatti-harakatlaringizdan shubhalangan politsiya xodimi sizni tintuv qilishga haqqi bor. Masalan, mashinangizni to’xtatganingizdan son’g mashina oynasidan biror buyumni tashlab yuborishga yoki haydovchi kursisi ostiga biron narsani berkitmoqchi bo’lganingizni ko’rsa, tintuv qilishni talab etishi mumkin. Aslida politsiyahci sizni to’xtatishga ahd qilgandan keyin sizni sinchkovlik bilan kuzatishni boshlaydi.
Politsiya mashinangizni to’xtatganda mashinadan chiqmasligingiz kerak. Mashinadan faqatgina politsiya sizdan tushishni talab qilgandagina chiqishingiz kerak. Politsiya haydovchi bilan birga mashinada ketayotgan barcha yo’lovchilarning mashinadan tushishini talab qilishi mumkin. Ko’pincha bunday talab politsiya xodimining o’z xavfsizligidan xavotir olganda qilinadi. Hammani mashinadan tushishni buyurishga haqqi bor bo’lsa ham, politsiya xodimi o’z ixtiyoriga ko’ra haydovchi va yo’lovchilarni faqatgina paypaslashga (ingliz tilida “pat down” deyiladi) haqqi bor. Mashinani tintuv qilishga haqqi yo’q. Tintuvni amalga oshirish uchun politsiya xodimida jiddiy sabab bo’lishi kerak. AQSh jinoyat huquqida bunga “probable cause” deyiladi. Oddiy shubha bu talabni qondirmaydi. Politsiya xodimi mashinangizda jinoiy xatti-harakatlar bo’layotganini ko’rishi yoki sezishi kerak. Bu kabi tekshiruvlarga hech qachon jismoniy qarshilik ko’rsatmasligingiz kerak.
Politsiya xodimining har bir talablarini bajarishingiz kerak. Sizni noqonuniy ravishda tintuv qilayapti deb o’ylasangiz ham, hech qachon qarshilik ko’rsatmasligingiz kerak. Politsiya talablarini bajarib, o’z noroziligingizni faqat so’z bilan do’q urmasdan ifodalashingiz kerak. Xususan, politsiya xodimi sizga “Sizni paypaslab, tintuv qilmoqchiman, iltimos mashinadan tushing” deganda buyruqqa bo’ysunib, tintuv davomida sukut saqlashingiz roziligingizni bildiradi. Bunday vaziyatlarda politsiya buyrug’iga bo’ysunib, politsiyaga “Men tintuv qilishingizga rozi emasman” deb aytishingiz kerak (“I do not consent to any searches!). Unutmang, politsiya xodimining xatti-harakatlari noqonuniy deb o’ylasangiz ham, unga qarshilik, xususan, jismoniy qarshilik ko’rsatmasligingiz kerak.
Politsiya xodimining sizga “Mashinadan tushing!” (“Step out of the car!”) degan talabini bajarib, mashinadan tushganingizda, mashina eshigini yopib qo’yishga haqqingiz bor. Umuman olganda, politsiya xodimi sizning ruxsatingizsiz mashina ichiga kirib o’tirishi yoki tintuv qilishga haqqi yo’q. Agar sizdan, “Mashinangiz ichini ko’zdan kechirsam bo’ladimi?” (“Can I check your car?”) deb so’rasa, “Mashinam ichini tekshirishingizga rozi emasman” (I do not consent to any searchers, officer!”) deb javob berishingiz kerak. Xuddi shunday sumkangizni yoki boshqa buyumlaringizni tekshirsam bo’ladimi, degan savollarga ham shunday javob berishingiz kerak.
Agar politsiya xodimi siz rozilik bermasligingizga qaramasdan, jiddiy sababsiz (probable cause) tintuv o’tkazsa va buning natijasida noqonuniy buyum topsa ham, ishingiz sudga oshirilganda himoyachingiz topilgan buyum dalil sifatida qabul qilinmasligini suddan so’rashi mumkin (AQSh jinoyat huquqida bunga “motion to suppress the evidence” deyiladi).
Mashinamda noqonuniy buyumlar olib yurmayman, shunga politsiya tintuv qilishiga gapni ko’paytirmasdan rozi bo’lsam bo’lmaydimi degan savol tug’iladi. Tintuv o’tkazilishi uchun rozilik berish bu sizning ixtiyoringiz, albatta. Ammo rozilik berishdan oldin eng kamida ikkita holatni yodda tutishingiz kerak. Birinchisi, tintuv mobaynida sizning buyumlaringizga zarar yetkazilishi mumkin va bu uchun politsiya ma’suliyatni o’z bo’yniga olmaydi. Masalan, sumkangizni tintish mobaynida qo’l telefoningiz yerga tushib ketib sindi. Politsiya xodimi moddiy zararni qoplashga majbur emas, chunki siz tintuv o’tkazilishiga rozilik berdingiz. Ikkinchisi, faraz qilaylik mashinangizni sizdan boshqa do’stingiz ham boshqaradi. U onda-sonda nasha chekib turadi va nasha qoldiqlari (nasha o’ralgan paket, nasha o’ralgan sigareta qoldig’i va hokazo) mashinada qolib ketgan. Bundan sizning xabaringiz yo’q, ammo noqonuniy modda va/yoki buyum siz boshqarib ketayotgan mashinada topilgani uchun politsiya xodimi sizni hibsga oladi.
5. Qo’shimcha ma’lumot uchun
Politsiya xodimi mashinangizni tintuv qilmoqchi bo’lganda o’zingizni qanday tutishingiz kerakligi haqida quyidagi manbalardan batafsilroq ma’lumot olishingiz mumkin:
– P. Bergman & S. J. Berman, The Criminal Law Handbook: Know Your Rights, Survive the System (12th ed., NOLO, August 2011);
– Flex Your Rights, 10 Rules For Dealing With Police
One Comment