Maqolalar

AQSh Oliy sudi ro’molli musulmon ayolni ishga olmaslikni diskriminatsiya deb topdi

AQSh Oliy sudi ro’mol o’ragani uchun ishga olinmagan amerikalik ayolning huquqlari buzilgan deb topdi.

Islomga e’tiqod qilgani uchun boshiga ro’mol o’ragan Samanta Elauf 2008-yil Oklaxoma shtatida “Abercrombie & Fitch” do’konida ishlash uchun ariza topshirganda, kiyinishi ichki tartib-qoidalarga mos kelmagani uchun, kompaniya ishga olishdan bosh tortgan edi.

Oliy sud ishni ko’rishda kompaniyalar ishchilarning diniy e’tiqodlari buzilmasligi uchun oldindan sharoit yaratishga majburmi yoki ishchilar buni so’rab olishi kerakmi, degan savolga javob qidirgan.

Kompaniya vakillari Elauf e’tiqodi bois emas, balki boshidagi ro’moli ish joyidagi kiyinish qoidalariga mos kelmagani uchun yollanmaganini aytadi.

To’qqiz sudyadan sakkiztasi ma’qullagan Oliy sud qaroriga ko’ra, diniy e’tiqodi bois qiz kompaniya tomonidan diskriminatsiyaga uchragan.

Oliy sud sudyasi Skaliyaga ko’ra, kompaniya xodimning diniy ehtiyojlarini hisobga olish va unga sharoit yaratib berishdan o’zini olib qochish uchun xodimni ishga olmagan. Ish beruvchi xodimni ishga qabul qilish haqida qaror qilayotganida  xodimning diniy e’tiqodi (xodim uni o’zi tasdiqlaydimi yoki ish beruvchi shunday xulosaga keladimi, bunda qat’i nazar) hal qiluvchi faktor bo’lmasligi kerak, dedi u.

Comments are closed.