Kuni kecha AQShda uch o’zbek yigiti “Islomiy davlat” eskstremistik tashkilotini qo’llab-quvvatlaganlikda ayblanib hibsga olindi. Bu shaxslarning aybdor yoki aybsiz ekani sud hukmi chiqqandan so’ng aniq bo’ladi. Ungacha bu fuqarolar qo’l urgan yoki urmoqchi bo’lgan ishlar haqida har xil gumon va taxminlarga bormoqchi emasmiz. Aybsizlik prezumpsiyasiga ko’ra, aybi sudda isbotlanmaguncha, gumondor aybsiz hisoblanadi.
Ushbu maqolada biz AQSh huquq-tartibot organi xodimlari turli sabablar bilan uyingizga kelganda, nimalarga e’tibor berish kerak va qanday huquqlaringiz bor; shu haqda ma’lumot bermoqchimiz.
Qanday huquqlarim bor?
AQSh hududida bo’lgan har kim (huquqiy maqomi qanday bo’lishidan qat’i nazar), AQSh Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan qator huquqlarga ega. Huquq-tartibot xodimi (politsiya, Federal qidiruv boshqarmasi va hkz.) diniy qarashlaringiz bilan bog’liq masalada sizni so’roqqa tutish niyatida bo’lsa, quyidagi uch asosiy huquqingiz borligini unutmang:
- So’z va din erkinligi (Freedom of expression and religion) – So’z va din erkinligi AQShdagi eng asosiy va amaldagi qonunlar tomonidan jiddiy himoya qilinadigan huquqlaringizdan biridir. Hech kim bildirgan fikri va/yoki diniy qarashlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmasligi kerak.
- Sukut saqlash huquqi (The right to remain silent) – Mazkur huquq AQSh hududida bo’lgan har bir shaxsga AQSh huquq-tartibot organlari tomonidan berilgan savollarga javob bermaslik huquqini beradi.
- Asossiz tintuv qilinmaslik huquqi (Unreasonable search and seizure) – Huquq-tartibor organlari uyingizga faqat maxsus ruxsatnoma (Search warrant) asosida kirishi mumkin. Bundan boshqa har qanday holatlarda ularni uyingizga kiritmaslikka haqqingiz bor.
Savollarga javob berishim shartmi?
Sukut saqlash huquqiga ko’ra, savollarga javob berishga majbur emassiz. Kishi faqatgina sudya tomonidan javob berishga majburlanishi mumkin. Mazkur huquqqa ba’zi shtatlarda istisno nazarda tutilgan. Unga ko’ra, sizni huquq-tartibot organi to’xtatganda (ya’ni harakat qilish huquqingizni cheklaganda), to’liq ism-sharifingizni aytishingiz kerak (masalan, Nyu-Meksiko va Nevada shtatlarida). Bunda siz kishilik guvohnomangizni (ID, driver’s license) ham, uy adresingizni ham berishga majbur emassiz.
Sukut saqlash huquqi AQShga yaqinda kelgan, ingliz tilini bilmaydiganlar va umuman, Amerika huquq tizimi bilan tanish bo’lmaganlar uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Ko’pincha huquq-tartibot xodimi uyingizga kelganda yoki ko’chada to’xtatganda kishi dovdirashi, o’zini yo’qotib qo’yishi tabiy hol. Shuning uchun, bunday holatlarda eng to’g’ri harakat bu savollarga javob bermaslik, sukut saqlash va advokat bilan maslahatlashishdir.
Albatta, huquq-tartibot organlariga sukut saqlash huquqimdan foydalanmoqchiman deb aytsangiz, ular hiyla ishlatishni yoki tahdid qilishni boshlashi mumkin. Masalan, “Hech qanday muammo yo’q, 3-4 ta savol beramiz, bo’ldi,” yoki “Bizdan sir saqlayapsizmi, nimaga savollarga javob berishni xohlamayapsiz?”; “Nahotki, 3-4 savolga javob berish o’rgina, mazkur holatni o’zingiz uchun jiddiy muammoga aylantrimoqchisiz?”; “Sizni hibsga olib, haqiqiy so’roqqa tutishimizni istayapsizmi?”;“Biz bilan hamkorlik qilmasangiz, bugunoq deport qilib yuboramiz” kabi tahdidlar qilinishi mumkin. Bunday holatlarda ham sukut saqlash va advokat bilan maslahat qilish huquqingizdan voz kechmasligingiz kerak.
Advokat yollashim kerakmi?
Unutmang, sizga berilgan barcha savollarga faqat advokat bilan maslahat qilgandan keyingina javob berish huquqiga egasiz. Shu sababli, sizni huquq-tartibot organlari to’xtatib, savol bera boshlaganda, savollarga advokat bilan maslahat qilmasdan javob bermayman va sukut saqlash huquqimdan foydalanmoqchiman deb aytishingiz kerak (I would like to consult my attorney and remain silent). AQShda advokatni qanday topish haqida “Yaxsi advokatni qanday topish mumkin?” maqolasida batafsil ma’lumot berganmiz. Shaxsiy yoki tanigan advokatingiz bo’lmasa ham, huquq-tartibot organi xodimiga advokat bilan maslahat qilmasdan hech qaysi savollaringizga javob bermayman, deb aytishingiz mumkin.
AQSh hukumati meni advokat bilan ta’minlashi kerakmi?
Umuman olganda, AQSh hukumati sizni tekin advokat xizmati bilan ta’minlashga majbur emas. Mazkur majburiyat sizga ayblar qo’yilgandan keyingina kuchga kiradi. Shunga qaramasdan, sizga ayb qo’yilishidan oldin ham, albatta, barcha xatti-harakatlaringizni advokat bilan maslahatlashib bajarishingiz kerak. Kam ta’minlangan oilalar uchun huquqiy yordam beradigan juda ko’p nodavlat tashkiloatlari bor (Masalan, “New York City Bar”ning Monday Night Law loyihasi yoki “Northwest Justice Project”ning Free Legal Assistance loyihasi).
Agar “Sukut saqlamoqchiman, savollarga faqat advokat bilan maslahat qilgandan keyin beraman” deb aytsam, meni haqiqatdan ham jinoyat sodir etganlikda gumon qilishmaydimi?
Huquq-tartibot organlari hech qachon ularning savollariga javob berib, hurmat qilganingiz uchun sizga rahmdillik qilmaydi yoki qo’yib yubormaydi. Qolaversa, AQShda huquq-tartibot xodimi bilan gaplashmaslik, sukut saqlash huquqimdan foydalanaman, deb aytish odat tusiga aylanib bo’lgan. Unutmang, huquq-tartibot organi xodimiga aytilgan har bir ma’lumot sudda sizga qarshi ishlatilishi mumkin. Ko’pchilikning huquqiy savodi bo’lmagani uchun, qaysi ma’lumot siz yoki boshqalar uchun zararsiz bo’lishini bilmaysiz. Aynan shu sababli sukut saqlash huquqi konstitutsiyaviy huquq darajasiga ko’tarilgan.
Huquq-tartibot organi uyimga kirishi mumkinmi?
Huquq-tartibot organi xodimi uyingizga ordersiz (search warrant) kirishi taqiqlanadi. Orderni sud beradi. Uyingizga kelgan huquq-tartibot organidan, albatta, order bormi, deb so’rashingiz kerak. Agar orderimiz yoq, deb javob bersa, unda uyimga kirishingizga rozi emasman deb aytishingiz kerak. Albatta, bunday holatlarda huquq-tartibot organlari ko’pincha sizni xavotirga solmaslik uchun, biz shunchaki suhbat qilishga keldik, do’stingiz haqida bir-necha savollar berib, ketamiz deb ishontirishga harakat qilishi mumkin. Bunday holatlarda ham rozi bo’lmaslik kerak, zero sizdan olingan har qanday ma’lumot sizga yoki boshqalarga qarshi sudda ishlatilishi mumkin.
Agar sizga order bor deyilsa, uni ko’rsam bo’ladimi, deb so’rashingiz kerak. Orderda uyga kirish va tintuv o’tkazish haqida ma’lumot berilgan bo’lishi kerak (order namunasi). Orderni o’rganib chiqqaningizdan keyin, tintuv jarayonini kuzatishim mumkinmi, deb so’rang va sizga ruxsat berilsa, tintuv jarayonini sinchkovlik bilan kuzatib boring. Agar huquq-tartibot xodimi noutbukingizni tekshirmoqchi bo’lsa, orderda bunga ruxsat bormi, yoqmi tekshiring. Noutbuk haqida hech narsa deyilmagan bo’lsa, rozilik bildirmang. Huquq-tartibot xodimi shunga qaramasdan tekshirmoqchi bo’lsa, qarshilik bildirmang, ammo “Men tintuvga rozi emasman” (“I do not consent to a search.”), deb aytishingiz kerak. Bordi-yu huquq-tartibot organi uyingizga ordersiz kirmoqchi bo’lsa (juda kam uchraydigan holat), bunda to’sqinlik qilmasdan, rozi emasligingizni aytishingiz kerak. Agar politsiya xodimi ordersiz va siz rozilik bermasligingizga qaramasdan, tintuv o’tkazsa va buning natijasida noqonuniy buyum topsa ham, ishingiz sudga oshirilganda advokat topilgan buyum dalil sifatida qabul qilinmasligini suddan so’rashi mumkin (AQSh jinoyat huquqida bunga “motion to suppress the evidence” deyiladi). Shu sababli, ordersiz uyga kirib tintiv o’tkazish holatlari juda kam uchraydi.
Meni hibsga olishgandan keyin savollarga javob berishim kerakmi?
Yo’q, sizni hibsga olishgandan keyin ham savollarga javob bermasligingiz kerak. Bunda savollarga advokat bilan maslahat qilmasdan javob bermayman deb ayting. Bordi-yu gaplashishni boshlasangiz, javob berishni istagan vaqtingizda to’xtatib, advokat bilan maslahat qilmasdan davom etmayman deb aytishingiz mumkin.
Konsullik muassasasiga murojaat qilishim mumkinmi?
AQSh fuqarosi bo’lmagan kishilar konsullik muassasi bilan bog’lanish huquqiga egalar. Huquq-tartibot organi sizga konsullik muassasasi bilan bog’lanishga ruxsat berish bilan birga, konsullik xodimi sizni kelib ko’rishi va muloqot qilishiga to’sqinlik qilmasligi kerak. Konsullik muassasalari chet elda bo’lgan fuqarolarga huquqiy yordam berishlari shart (Qarang, O’zbekiston Respublikasi Fuqaroligi to’g’risidagi Qonunning 8-moddasi, Tashqi Ishlar Vazirligi Nizomining 3-xatboshi va Konsullik Ustavining 3 va 24-moddalari).
Eslatma: Ushbu maqola AQShda uyingizga politsiya kelganda qanday haq-huquqlarga ega ekaningiz haqida umumiy ma’lumot berish uchun tayyorlandi. Ma’lumotlar rasmiy huquqiy maslahat o’rnida o’tmaydi.
One Comment