Jinoyat va ma'muriy huquq

Amaldorning haqorat qilishga haqqi bormi?

Savol: Men bir amaldorning huzuriga kirdim va u menga qo’pol muomala qildi. Men ham shunga yarasha muomala qildim. Men ham qonunbuzar bo’lamanmi? Bunga guvohlar yo’q bo’lsa, qanday isbotlanadi?

Javob: Albatta, xoh amaldor, xoh ma’lum bir amal kursisida bo’lmagan inson bo’lsin, sizning o’zgalarni inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so’zlar bilan haqorat qilishga haqqingiz yo’q. Shuningdek, amaldorning ham egallab turgan amalidan qat’i nazar, sizni haqorat qilishga haqqi yo’q. Bilib turib, qasddan bir shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish ma’muriy hamda keyinchalik jinoiy javobgarlikka sabab bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 41-moddasi haqorat qilish deb nomlanadi:

“Haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish, —

eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi”.

Meni haqorat qildi, deb tegishli organga shikoyat qilish sizni haqorat qilmagan bo’lsangiz ham aybli deb topishni bildirmaydi. Isbot qilish uchun, avvalo, guvohlar bo’lishi talab qilinadi, qolaversa, guvohlarsiz ham, haqorat qilingan shaxsning shikoyatida keltirilgan so’zlar va shikoyat qilgan shaxs bilan o’zaro munosabati kabilar tekshirilib ko’rilishi, bundan oldin ham o’zaro kelishmovchiliklar bo’lgan bo’lmaganligi guvohlar yordamida aniqlanishi mumkin.

3 Comments