Savol: Men 2016-yilli yanvar oyida chet elga ketdim. Ketganimdan so’ng mendan aliment undirish uchun sudga murojaat qilishgan. Hozirda chet eldan turib har oy 250,000 so’m to’layapman. 2018-yilda O’zbekistonga qaytib borganimda chet elga chiqish uchun qayta OVIR olib chiqa olamanmi?
Javob: Agarda sizga sud ijrochisi tomonidan chetga chiqish bo‘yicha taqiq qo‘yilmagan bo‘lsa, chet elga borish uchun amal qiladigan ruxsatnoma yozuvi stikeri (ichki viza yoki OVIR) olib chetga chiqishingiz mumkin. “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi” O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq sud ijrochisi shunday taqiq qo‘yish vakolatiga ega. Bunda taqiq shaxs alimentni to’lashdan bosh tortganida, alimentni tomonlar kelishgan yoki sud buyurgan vaqtda yoki miqdorda to’lamagan va shunga o’xshash boshqa hollarda qo’yiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-yanvardagi 8-sonli qaroriga 1-ilova sifatida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga borishlari” Tartibining 3-qismi quyidagi bandlariga ko‘ra:
g) agar shaxsda sud tomonidan yuklangan ijro etilmagan majburiyatlar bo‘lsa — majburiyatlar ijro etilgunga qadar;
d) agar shaxs o‘zi to‘g‘risida qasddan soxta ma’lumotlarni bergan bo‘lsa;
e) agar sudda shaxsga nisbatan fuqarolik da’vosi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa — ish ko‘rib chiqilgunga qadar xorijga chiqishga cheklovlar qo‘yilishi mumkin.
Agar hozirda sud tomonidan belgilangan alimentni o’z vaqtida va o’z miqodirda to’layotgan bo’lsangiz, O’zbekistonga borgach qayta chet elga chiqish uchun OVIR olishda muammo bo’lmaydi.
Demak, alimentni to’lamasa yoki boshqa yuqoridagi Tartibning 3-qismda belgilangan majburiyatlari bo’lsa, qayta OVIR olish uchun taqiq qo’yilishi mumkin. Ammo alimentni to’layotgan bo’lsangiz, aliment sababli chet elga chiqishga taqiq qo’yishlari mumkin emas.