Savol: Mening qizim eridan arazlab, 6 oydan beri uyimda yashayapti. Bir nafar 6 oylik farzandi bor. Qizim o’zi va bola uchun aliment undirishni so’rab sudga murojaat qilgandi, sud onaga 30 ming so’m, bolaga ota daromadining 25 foizi miqdorida aliment undirilsin deb qaror chiqaribdi.
Lekin alimentdan darak yo’q. Bolaning otasi sudga daromadi eng kam oylik ish haqining 2 barobari miqdorida ekanligi haqida ma’lumotnoma keltiribdi. Ammo aliment sifatida undiriladigan pul qizim va bolasiga yetmaydi. Qizim nima qilishi kerak?
Bundan tashqari, bolaning otasi bolani ko’rishga kelganida, aliment to’lamagani uchun qizim bolani otasiga ko’rsatmadi. Kuyov bizlarni haqoratlab, to’polon qilib ketdi. Biz qanday yo’l tutishimiz kerak?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga ko’ra, agar voyaga etmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to’rtdan bir qismi (25%) miqdorida undiriladi. Bu to’lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko’paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam bo’lmasligi kerak.
Ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdori aliment to‘lovchining oylik ish haqiga va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida yoki pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.
Aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota-onaning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi doimo bir xilda bo‘lmay, o‘zgarib tursa yoxud daromadining bir qismini natura tarzida oladigan bo‘lsa, shuningdek, daromaddan ulush tarzida aliment undirish imkoniyati bo‘lmasa yoki ota-ona rasman belgilangan ish haqi yoki daromadga ega bo‘lmasa, voyaga etmagan bolalarning ta’minoti uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment miqdori har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.
Voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment to‘lash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar Oila Kodeksning 79-moddasiga asosan ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Bundan tashqari Oila kodeksining 103-moddasiga ko’ra, ota-ona favqulodda holatlar (bolaning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart.
Qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona) dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qo‘shimcha xarajatlarni qisman pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 122-moddasida aliment to’lashdan bo’yin tovlashga nisbatan jinoiy jazo belgilangan bo’lib, unda shunday deyiladi:
“Moddiy yordamga muhtoj bo’lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo’yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo’lgan mablag’ni jami bo’lib uch oydan ortiq muddat mobaynida to’lamaslik,- eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.
O’sha qilmish xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo’lsa,- ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.
Bunda shuni hisobga olish kerakki, to’lanmagan muddat ketma-ketligidan qat’i nazar, sudning qarori chiqqandan so’ng jami 3 oy muddatni tashkil etsa, jinoiy javobgarlikka olib keladi. Agar shuncha muddat o’tib bo’lgan bo’lsa, qizingiz bolaning otasi ustidan aliment to’lamaganligi uchun jinoyat sudiga shikoyat yozishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Sud hujjatlarini bajarishdan bo’yin tovlash va ularning ijro etilishiga to’sqinlik qilish uchun jinoiy javobgarlikka doir qonunlarni qo’llashning ayrim masalalari to’g’risida”gi 2009-yil 10-aprel qarorining 17-bandiga ko’ra, sud hujjatining ijro etilishiga to’sqinlik qilish alohida jinoyat tarkibini tashkil etganligi sababli, voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo’yin tovlayotgan shaxsning sud hujjatini ijro etilishiga to’sqinlik qilishi yuqorida keltirilgan Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan birga Jinoyat kodeksining 232-moddasi bilan qo’shimcha kvalifikatsiya qilinadi. Jinoyat kodeksining 232-moddasida quyidagicha norma belgilangan:
“Muayyan harakatlarni sodir etish yoxud sodir etishdan o’zini tiyish majburiyatini yuklovchi sud hujjatini bajarishdan bo’yin tovlashni ma’muriy jazo qo’llanilgandan keyin davom ettirish, shuningdek, sud hujjatining ijro etilishiga to’sqinlik qilish,-eng kam oylik ish haqining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch oygacha qamoq bilan jazolanadi.
O’sha qilmishlar mansabdor shaxs tomonidan sodir etigan bo’lsa,- eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch oydan olti oygacha qamoq yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.
Demak, aliment to’lashdan bo’yin tovlash jinoiy javobgarlikka sabab bo’ladi. Agar aliment to’lovchi sudning aliment to’lashdan to’la yoki qisman ozod etish to’g’rsidagi qarori mavjud bo’lmagan taqdirda, o’zining moddiy ahvoli yomonligini vaj qilib aliment to’lamayotgan bo’lsa ham yuqorida keltirilgan Jinoyat kodeksi moddalari bo’yicha javobgarlikka tortiladi.
Bundan tashqari, Oila kodeksiga ko’ra, nikohdan ajrashgan yoki birga yashamayotgan er-xotin bir-biriga moddiy yordam berishi shart. Bunday yordam berishdan bosh tortilgan taqdirda, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin, shuningdek xotin homiladorlik davrida va o‘rtada bola tug‘ilgan kundan boshlab uch yil davomida, o‘rtadagi nogiron bola o‘n sakkiz yoshga to‘lguncha yoki bolalikdan I guruh nogironi bo‘lgan o‘rtadagi bolaga qaragan yordamga muhtoj er (xotin) yordam berishga qodir bo‘lgan xotin (er)dan sud tartibida ta’minot (aliment) olish huquqiga ega.
Demak, qizingiz bolasi 3 yoshga to’lgunicha bolaning otasidan ta’minot olish huquqiga ega.
Er-xotin (sobiq er-xotin) o‘rtasida aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv mavjud bo‘lmagan hollarda er yoki xotinga (sobiq er yoki xotinga) sud tartibida undirib beriladigan aliment miqdori sud tomonidan er yoki xotinning (sobiq er yoki xotinning) moddiy va oilaviy ahvolini hamda taraflarning e’tiborga loyiq boshqa manfaatlarini e’tiborga olib, har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanadi, biroq bu summa qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam bo‘lmasligi lozim.
Agar qizingiz bolaning otasi ish haqini miqdorini yashirib ko’rsatgan yoki boshqa daromadlarini yashirgan degan fikrda bo’lsa, bu haqida sudga murojaat qilib, otaning daromadlarini qayta tekshirishini so’rashi hamda o’zi bilgan otaning daromad manbalari haqida sudga xabar berishi lozim.
Otaning bola bilan ko’rishish masalasi
Boladan alohida yashayotgan ota (ona) bola bilan ko‘rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta’lim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.
Bola bilan birga yashayotgan ota (ona) bolaning ona (ota)si bilan ko‘rishishiga, agar bunday ko‘rishish bolaning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak.
Ota-ona boladan alohida yashaydigan ota (ona)ning ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir. Agar ota-ona kelisha olmasalar, nizo ota-ona (yoki ulardan biri)ning talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi. Sudning hal qiluv qarori bajarilmaganda aybdor ota-onaga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralar qo‘llaniladi. Sudning hal qiluv qarori qasddan bajarilmagan taqdirda sud boladan alohida yashayotgan ota (ona)ning talabiga binoan bola manfaatlarini va uning fikrini hisobga olgan holda bolani unga berish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Shuning uchun, bolani otasiga ko’rsatishga qarshilik qilmaslik lozim. Aks holda, onaning o’ziga zarar qilishi mumkin. Eng yaxshi yo’li, bolaning ota-onasi qachon va qancha muddat bola bilan otani ko’rishishi to’g’risida kelishib olishlari lozim. Agar ular kelisha olmasa, ikkalasi yoki ulardan biri sudga murojaat qilib, bu nizoni hal qilishlari mumkin. Aliment to’lamaganligi uchun otaga tegishli chora ko’riladi, buning uchun otaga bolani ko’rsatmasdan jazolamaslik kerak.
Bundan tashqari, boladan alohida yashayotgan ota (ona) tarbiya, davolash, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari va boshqa shunga o‘xshash muassasalardan o‘z bolasi to‘g‘risida axborot olish huquqiga ega. Ota (ona) tomonidan bolaning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf-xatar bo‘lgandagina, ularga axborot berish rad etilishi mumkin. Axborot berishning rad etilishi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Haqoratlash masalasi
Kuyovning qizingizni (va yoki sizni) haqoratlagani uchun uning ustidan IIBga shikoyat yozishingiz mumkin. Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 41-moddasiga ko’ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish huquqbuzarlik deb topilib, eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ayol kishini haqorat qilganlik uchun javobgarlik to’g’risida to’liqroq ushbu maqolamizda o’qishingiz mumkin.