Fuqarolik huquqi

Aliment to’lamaganlarga jazo bormi?

Savol: To’rt nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to’lamagan odamga qanday jazo bor?

Javob:O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 136-moddasiga ko’ra, aliment olish huquqiga ega bo’lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so’ng qancha muddat o’tganligidan qat’i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to’g’risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.

Mazkur shaxs, nizo bo’lmagan taqdirda, voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish to’g’risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli bo’lib, bu ariza buyruq tartibida ish yuritish tarzida ko’rib chiqiladi. Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.

Mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan “aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so’ng” iborasi, voyaga yetmagan farzandlar uchun aliment undirishda, masalan, nikohning bekor bo’lishi munosabati bilan, ushbu nikoh davomida tug’ilgan voyaga yetmagan farzandlar kimning qaramog’ida qolsa, ushbu tomonning ikkinchi tarafdan aliment undirish huquqi vujudga kelishini tushunish lozim.

Aliment undirish to’g’rida sudga murojaat qilinganda, agar nizoli holatlar mavjud bo’lsa, sud ishni ko’rib chiqib, aliment undirish to’g’risida hal qiluv qarori chiqaradi. Agar taraflar o’rtasida nizoli holatlar bo’lmasa, aliment undirish to’g’risidagi ish buyruq tartibida ko’rilib, natijada aliment undirish to’g’risida sud buyruq chiqaradi. Har ikki holatda sud tomonidan chiqarilgan aliment undirish to’g’risidagi qaror sud hujjati bo’lib, uning ijro qilinishi majburiy hisoblanadi. Sud hujjati asosida talab qilinayotgan alimentni to’lashdan bo’yin tovlash jinoiy javobgarlikka sabab bo’ladi.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 130-moddasiga ko’ra, taraflar o’rtasida aliment to’lash to’g’risida kelishuv tuzilishi mumkin. Ushbu kelishuv yozma tarzda tuzilib, notarial tasdiqlanadi va ijro varaqasi kuchiga ega bo’ladi. Ya’ni, aliment to’lash to’g’risidagi kelishuv bo’yicha aliment to’lash ham majburiy bo’lib, ushbu majbiriyatni bajarishdan bo’yin tovlash ham jinoiy javobgarlikka sabab bo’ladi.

O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksida aliment to’lashdan bo’yin tovlashga nisbatan quyidagicha norma o’rnatilgan:

“122-modda. Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo’yin tovlash

Moddiy yordamga muhtoj bo’lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlahdan bo’yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo’lgan mablag’ni jami bo’lib uch oydan ortiq muddat mobaynida to’lamaslik,-

eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.

O’sha qilmish xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo’lsa,-

Ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Sud hujjatlarini bajarishdan bo’yin tovlash va ularning ijro etilishiga to’sqinlik qilish uchun jinoiy javobgarlikka doir qonunlarni qo’llashning ayrim masalalari to’g’risida”gi 2009-yil 10-aprel qarorining 17-bandiga ko’ra,  sud hujjatining ijro etilishiga to’sqinlik qilish alohida jinoyat tarkibini tashkil etganligi sababli, voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo’yin tovlayotgan shaxsning sud hujjatini ijro etilishiga to’sqinlik qilishi yuqorida keltirilgan Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan birga Jinoyat kodeksining 232-moddasi bilan qo’shimcha kvalifikatsiya qilinadi. Jinoyat kodeksining 232-moddasida quyidagicha norma belgilangan:

“ 232-modda. Sud hujjatini ijro etmaslik

Muayyan harakatlarni sodir etish yohud sodir etishdan o’zini tiyish majburiyatini yuklovchi sud hujjatini bajarishdan bo’yin tovlashni ma’muriy jazo qo’llanilgandan keyin davom ettirish, shuningdek, sud hujjatining ijro etilishiga to’sqinlik qilish,-

Eng kam oylik ish haqining yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch oygacha qamoq bilan jazolanadi.

O’sha qilmishlar mansabdor shaxs tomonidan sodir etigan bo’lsa,-

Eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch oydan olti oygacha qamoq yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

Demak, aliment to’lashdan bo’yin tovlash, farzandlar sonidan qat’i nazar jinoiy javobgarlikka sabab bo’ladi.  Agar aliment to’lovchi sudning aliment to’lashdan to’la yoki qisman ozod etish to’g’rsidagi qarori mavjud bo’lmagan taqdirda, o’zining moddiy ahvoli yomonligini vaj qilib aliment to’lamayotgan bo’lsa ham yuqorida keltirilgan Jinoyat kodeksi moddalari bo’yicha javobgarlikka tortiladi.

4 Comments