Mehnat va jtimoiy ta'minot

Aldov yo’li bilan ishdan bo’shatishdi, nima qilay?

Savol: Kollejda ishlab chiqarish ta‘limi ustasi lavozimida ishlash uchun oliy ma‘lumotli bo‘lish shartmi? Ish stajim 4 yil. O‘z sohamni oliy ma‘lumotlilardan ham a‘lo darajada bajarib kelar edim, oliy ma‘lumotli xodimlar ishga kelib qolishdi. Meni ishdan bo‘shatib, ularni ishga olishdi, shu to‘g‘rimi? Meni esa 2-sentabr kuni bir ishlab chiqarish ta‘limi ustasini boshqa ishga o‘tkazishlarini, meni esa uni o‘rniga ishda olib qolishmoqchi ekanliklarini aytib, 28-avgust kuni bo‘shash haqidagi arizamni aldov yo‘li bilan 1-avgust sanasi bilan yozdirib olishdi. Men bu va‘dalarga ishonib ariza yozdim. 2-sentabr kuni ishxonaga bordim, u xodim rahbarga boshqa lavozimga o‘tishga xohishi yo‘qligini, o‘z o‘rnida qolishini aytibdi . Bu holatda qanday yo‘l tutish kerak. Kimga murojaat qilish mumkin?

Javob: O`zbekiston Respublikasida mehnat munosabatlari, xususan savolda ko`rsatilgan mehnat shartnomasini g`ayriqonuniy ravishda bekor qilish masalasi Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.

Ammo mazkur kodeksda mehnat qonunchiligida kollejlardagi ishlab chiqarish ta`lim ustasi lavozimiga qo`yilgan talablar belgilanmagan. Shu jumladan, mazkur lavozimni egallash uchun ma`lumotga oid shart ham belgilab qo`yilmagan. Bunday holatda kollej o`zi ichki mehnat hujjatlarida (masalan, lavozim yo`riqnomalarida va h.k.) ishlab chiqarish ta`lim ustasi lavozimiga oid talablarni belgilab qo`yishi mumkin.

Sizning holatingizda (savolda ko`rsatilgan ma`lumotlarga ko`ra) oliy ma`lumotli xodimlar kelganligi munosabati bilan ishdan bo`shatish emas, balki xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish holati rasmiylashtirilgan. Biroq, ushbu mehnat shartnomasini bekor qilish holati 2 asosga ko`ra g`ayriqonuniy hisoblanadi.

1-asos, mehnat shartnomasini bekor qilish to`g`risidagi ariza xodimning tashabbusi bilan emas, balki aldov yo`li bilan yozdirib olingan. O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 123-moddasiga asosan, aldash yo`li bilan tuzilgan (fuqaro o`zi uchun o`ta noqulay shartlar bilan tuzishga majbur bo`lgan, ikkinchi taraf esa bundan foydalanib qolgan) bitim haqiqiy emas deb topiladi. Ya`ni, ish beruvchi tomonidan “boshqa ishga o`tkazishni bahona” qilib ixtiyoriy ishdan bo`shash to`g`risida olingan ariza haqiqiy emas deb topiladi.

2-asos, mehnat shartnomasini bekor qilishning muhim sharti bo`lgan “ikki hafta oldin ogohlantirish muddati” soxtalashtirilgan va natijada mehnat shartnomasini bekor qilish to`g`risidagi ariza bilan bo`g`liq barcha jarayonlar ham soxtalashtirilgan. Ya`ni, Mehnat kodeksining 99-moddasida xodim o`z tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirishiga oid qoida belgilangan. Aynan shu qoidaga amal qilinganligini qog`ozda ko`rsatish va kelajakda kelib chiqadigan nizolardan o`zini “sug`urtalash” maqsadida ish beruvchi 28 avgust kuni xodimdan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizani oldingi sana bilan, ya`ni, 1-avgust sanasi bilan yozdirib olgan.

Mazkur ariza va uni rasmiylashtirishga oid boshqa hujjatlar soxta ekanligini isbotlash maqsadida, avvalambor, “ish beruvchi tomonidan ro`yxatga olingan (registratsiya qilingan) ariza” nusxasini va ushbu ariza registratsiya qilingan “ro`yxatga olish kitobi”ning tegishli betidan nusxa olish tavsiya qilinadi. Mazkur hujjatlar bilan siz ariza aldov yo`li bilan yozdirib olinganligini va soxtalashtirilganligini sudda isbotlab berishingiz mumkin.

Mehnat kodeksining 111, 112, 269-moddalari, Fuqarolik protsessual kodeksining 241-moddasiga muvofiq, yashash joyidagi fuqarolik ishlari bo`yicha tumanlararo sudiga da`vo arizasi bilan o`zingiz bevosita yoki tuman prokuraturasi orqali murojaat qilishiz mumkin. Da`vo arizasida da`vo talabi sifatida “ishga tiklash, majburiy progul vaqti uchun haq to`lash va zararni qoplash” to`g`risidagi talabni ko`rsating. Ushbu da`vo arizasiga yuqoriga ko`rsatilgan (2 ta asos) hujjatlarni ilova qiling. Agar oldingi ish joyiga tiklanishni xohlamasangiz, unda suddan “zararni qoplash va kamida uch oylik ish haqini undirib berish”ni so`rashingiz mumkin. Shuningdek, Mehnat kodeksining 277-moddasiga asosan, xodimlar mehnat nizolari bo`yicha sudga murojaat qilishda sud xarajatlarida ozod etiladilar.

Mehnat nizolari bo’yicha shikoyat arizasining namunasi bilan shu yerda tanishishingiz mumkin: Mehnat nizolari yuzasidan sudga da’vo arizasi namunasi

Comments are closed.