Maqolalar, Sharh, Tadbirkorlik

Akfa universitetiga qoʻllanilgan soliq imtiyozlari adolatlimi?

Oxirgi oyning muhim yangiliklaridan biri mamlakatimizda yangi universitet ochilayotganligi haqidagi xabar boʻldi. Bu haqida deyarli barcha OAV vositalarida yoritildi, ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamalar davom etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-fevraldagi Akfa universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 130-son  qarori (keyingi oʻrinlarda – Qaror) bilan foyda olishni maqsad qilgan tijoratchi yuridik shaxs – masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida Akfa universiteti (keyingi oʻrinlarda – Universitet) tashkil etildi.

Albatta bu ijobiy hodisa, bunday oliy oʻquv yurtlarini koʻpayishi qoʻllab-quvvatlanishi kerak. Biz xususiy universitetlar koʻpayishini istaymiz va bu haqiqiy maʼnoda raqobat muhitini yaratish bilan bogʻliq boʻlishi kerak.

Ushbu maqola aslo Universitetga nisbatan qoʻllanilgan imtiyozlarni salbiy baholamaydi, balki ularni qoʻllash tartibiga (yakka tartibda berilishiga) eʼtiroz bildiradi hamda ushbu imtiyozlarni qonunga muvofiqlashtirish orqali keyin ochilishi mumkin boʻlgan barcha taʼlim muassasalariga umumiy tarzda qoʻllash imkoniyatini belgilashni taklif etadi. Quyida qoʻllanilgan imtiyozlar va ushbu Universitet ochilishi munosabati bilan qabul qilingan normativ-hujjatlarni tahlil qilamiz:

Nega Hukumat qarori?

Aslida Qonunchilikka muvofiq bunday universitetni alohida qaror chiqarmasdan ham tashkil etish mumkin edi. Universtetni aynan Hukumat qarori bilan tashkil etishdan asosiy maqsad mazkur universitetga soliq va bojxona imtiyozlari olish boʻlishi mumkin.

Qarorning 13-bandiga muvofiq 2022-yil 1-yanvarga qadar Universitet barcha turdagi soliqlar va bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin, deb belgilangan. Boshqa (davlat) oliy taʼlim muassasalari ham bunday soliqlardan (YAIT dan tashqari) ozod-ku deyish mumkin. Biroq ular avvalo tijoratchi tashkilot emas, maqsadi foyda olishga qaratilmagan. Bunday imtiyozlar soliq solishning adolatliligi prinsipiga zid boʻlib, bunday imtiyozlarni Soliq kodeksi darajasida barcha taʼlim muassasalariga (mulkchilik shaklidan va yuridik shaxs turidan qatʼiy nazar) belgilash eng toʻgʻri yechim boʻlardi.

Shuningdek, xususiy tashkilot tashkil qilinishi uchun hukumat qarorining qabul qilinishi ham hali hanuz davlar xususiy sektorni boshqarishini, aralashishini istisno etmayotganligini namoyon qiladi.

Soliq imtiyozlari nima va u qanday qoʻllaniladi?

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining (keyingi oʻrinlarda – Kodeks) 30-moddasiga koʻra, boshqa soliq toʻlovchilarga nisbatan ayrim toifadagi soliq toʻlovchilarga beriladigan afzalliklar, shu jumladan soliq va (yoki) boshqa majburiy toʻlov toʻlamaslik yoxud ularni kamroq miqdorda toʻlash imkoniyati soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar deb eʼtirof etiladi. Bunday imtiyozlar Kodeksda, boshqa qonunlarda, Prezidentining qarorlarida, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.

Shuningdek, Kodeksda har bir soliq yoki majburiy toʻlov turi boʻyicha imtiyozlar nazarda tutilgan. Masalan, Kodeksning 158-moddasiga muvofiq ichki ishlar organlari huzuridagi qoʻriqlash boʻlinmalari yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilingan.

Yoki Kodeksning 179-moddasida jismoniy shaxslarning soliq solinmaydigan daromadlari turlari keltirilgan. Unga koʻra, masalan, jismoniy shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan mol-mulkni sotishdan olinadigan daromadlari, davlat pensiyalari, jismoniy shaxslarning agar u yosh oila aʼzolari tomonidan yakka tartibda uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun yoki koʻp kvartirali uydagi kvartirani rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular boʻyicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yoʻnaltirilgan taqdirda soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlari summalariga soliq solinmaydi.

Biroq, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar qoʻllashning aniq shartlari va talablari Kodeks yoki biror normativ-huquqiy hujjatda batafsil belgilanmagan. Shunga qaramasdan ushbu imtiyozlar berish tartibi Kodeksga zid boʻlishi mumkin emas.

Imtiyozlar berish adolatli boʻlishi shartmi?

Kodeksning 5-moddasi soliq solishning majburiyligi, aniqligi, adolatliligi, soliq tizimining yagonaligi, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining oshkoraligi va soliq toʻlovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplarini belgilaydi. Yuqorida nomi keltirilgan Qarordagi soliq imtiyozi belgilash tartibi (imtiyozning oʻzi emas!)ni tahlil qilar ekanmiz, ushbu tartib soliq solishning adolatliligi prinsipiga muvofiqligini koʻrib chiqishimiz lozim. Kodeksning 8-moddasida soliq solishning adolatliligi prinsipiga quyidagicha taʼrif berilgan:

Soliq solish umumiydir.

Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlarni belgilash ijtimoiy adolat prinsiplariga mos boʻlishi kerak. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha yakka tartibdagi xususiyatga ega boʻlgan imtiyozlar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar kamsitish xususiyatiga ega boʻlishi mumkin emas hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qoʻllanilishi mumkin emas”.

Bundan kelib chiqadiki, soliq va majburiy toʻlovlar umumiy – ularni belgilangan tartibda barcha soliq toʻlovchilar toʻlashi shart.

Albatta, ayrim sohalarni rivojlantirish, soliq toʻlovchilarni qoʻllab-quvvatlash kabi umummanfaatli maqsadlarda soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar belgilanishi toʻgʻri va adolatli boʻladi.

Masalan, davlat pensiyalari va taʼlim oluvchilar stipendiyalariga soliq solmaslik, yoki oliy, oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlarida, shuningdek kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda taʼlim berishning haq evaziga oʻqitishga doir qismi boʻyicha xizmatlarni qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish. Va shu kabi butun bir soha boʻyicha va umumiy shartlarda berilgan imtiyozlar.

Adolatsiz imtiyoz?

Biroq, yuqoridagi Qarorda imtiyoz yakka tartibda – faqatgina “Akfa Medline” MCHJga berilmoqda. Bu esa yuqorida keltirilganidek Kodeksning adolatlilik prinsipiga zid normadir: Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha yakka tartibdagi xususiyatga ega boʻlgan imtiyozlar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi (Kodeksning 8-moddasi).

Qolaversa, Kodeksning 2-moddasiga koʻra, soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjat Kodeks bilan taqiqlangan harakatlarga ruxsat bersa yoki yoʻl qoʻysa Kodeksga muvofiq emas deb topiladi. Ushbu moddada normativ-huquqiy hujjatlar ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq boʻlmagan taqdirda esa Kodeks qoidalari qoʻllanilishi aniq belgilab qoʻyilgan.

Shuningdek, Kodeksning 5-moddasiga muvofiq soliq solish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladigan boshqa qonun hujjatlari mazkur prinsiplarga zid boʻlishi mumkin emas.

Nota Bene!

Juda qiziq holat kelib chiqmoqda: soliq organlarimiz Universitetni soliqqa tortishda Kodeks prinsiplariga amal qilib, uning qoidalarini qoʻllarmikin yoki Hukumat qarorini? Yaʼni:

  1. Kodeks yakka tartibda imtiyoz berishni taqiqlaydi;
  2. Hukumat qarori yakka tartibda imtiyoz beradi;
  3. Kodeks ustuvor mavqega ega ekanligi hisobiga uning qoidalari qoʻllanilishi kerak (2-modda);S
  4. oliq organlari ha ikkala normativ hujjatni ham: Kodeks va Hukumat qarorini bajarishga majbur.

Kuzatamiz soliq organlarimiz qonun ustuvorligiga amal qilisharmikin yoki …

Biroq, bu kabi yakka tartibdagi imtiyozlar tizimli tus olmoqda (OʻzEltexsanoat uyushmasi, General Motors Uzbekistan AJ, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi aʼzolariga baʼzi tadbirkorlik sohalari uyushmalari) va Kodeks prinsiplarining oddiy deklarativ normaga aylantirib qoʻymoqda.

Bu esa soliq solish sohasida qonun ustuvorligi yemirilishini keltirib chiqaradi. Chunki, aynan prinsiplar soha qonuchiligining tamal asoslarini belgilaydi.

Raqbatni ham cheklaydimi?

Ushbu yakka tartibdagi imtiyozlar bozorda Universitetni boshqa xususiy (yangi ochiladigan ) oliy taʼlim tadbirkorlki subyektlari oldida afzal holatga qoʻyadi, ularga Universitet bilan raqobatlashish imkoniyating cheklaydi.

Eng muhimi Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasiga muvofiq davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat koʻrsatayotgan boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan afzal holatga qoʻyadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi taqiqlanadi.

Ushbu holatni tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi vakolatiga kiradi.

Xulosa oʻrnida

Demak, yuqorida keltirilgan Hukumat qarorida belgilangan imtiyozlar yakka tartibda belgilangan boʻlib, Soliq kodeksining tamal prinsiplariga zid.

Tartibga muvofiq qarorlar loyihasini tayorlash va Vazirlar Mahkamasiga kiritshda qattiq ekspertiza va tekshiruvlar oʻtkaziladi, shuningdek vakolatli organlar bilan kelishiladi. Afsuski Vazirlar Mahkamasidagi huquqshunos va soliq sohasidagi mutaxassislarga ushbu prinsiplar va qonun ustuvorligi u qadar muhim emasdek. Zero, bu imtiyozlarni qoʻllash uchun qonunda belgilangan tartibda ularni oʻrnatish yetarli edi xolos. Masalan: Qarorda yoki alohida qonun bilan oliy taʼlim xizmati koʻrsatuvchi barcha nodavlat xususiy tadbirkorlik subyektlarini soliqlardan ozod qilinishini belgilash orqali.

Fikrimizcha, Oliy taʼlim muassasalari, shuningdek oliy taʼlim muassasalari hududida xizmatlar koʻrsatuvchi xususiy tijoratchi universitetlarni qoʻllab-quvvatlash Kodeksga muvofiq amalga oshirilishi kerak: Normativ-huquqiy hujjatda oliy taʼlim xizmatlar koʻrsatuvchi barcha tijoratchi yuridik shaxslarga qoʻllaniladigan shaklda belgilanishi adolatli boʻladi.

Bu kabi yakka tartibda imtiyozlar belgilanishi mamlakatning invetitsion imidjiga ham taʼsir etmasdan qolmaydi. Soliq va bojxona organlari hamda Hukumatdan ushbu qaror boʻyicha tushuntirish va soliq imtiyozlarini qoʻllashning adolatli tartibini nazarda tutuvchi tegishli oʻzgartirishlarni: Universitetga qoʻllanilgan imtiyozlarni bekor qilish emas, balki uni adolatlilik prinsiplariga muvofiq tarzda umumiy qilib oʻrnatishni, shuningdek Universitetni soliqqa tortishda Kodeks normalarini qoʻllashni kutib qolamiz.

Ubaydulla Xoʻjayev, advokat

Comments are closed.