Savol: Akam menga nomalum tarzda (nasha) oz miqdorda sotgani uchun jinoyi javobgarlika tortilgani ma’lum bo’ldi. Bir tanishi o’sha narsani olib borib berishini ltimos qilgan ekan. Shu sababli akamga qanday unga chora qo’llanilishini bilmoqchiman. Bu ishni birinchi marta qilgan.
Javob: Akangiz O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat bilan ayblanayotgan bo’lishi mumkin. Jinoyat kodeksining 273-moddasi “Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish” deb nomlanadi va quyidagicha tavsiflanadi:
Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek ularni ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda o‘tkazish —
olti oygacha qamoq yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar ozginadan ko‘proq miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, —
besh yildan etti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar:
a) ilgari giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
v) ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tash joylarida;
g) o‘quv yurtlarida yoki o‘quvchilar, studentlar o‘quv, sport va jamoat tadbirlarini o‘tkazadigan boshqa joylarda sodir etilgan bo‘lsa, —
etti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni laboratoriyalarda yoxud o‘zganing mulki hisoblangan vositalar va asbob-uskunalardan yoki prekursorlardan foydalangan holda qonunga xilof ravishda tayyorlash yoki qayta ishlash, shuningdek bunday vositalarni iste’mol qilish yoki tarqatish uchun bangixonalar tashkil qilish yoki saqlash, shuningdek ushbu moddaning ikkinchi yoki uchinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar:
a) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;
b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish —o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlarni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni topshirsa, jazodan ozod qilinadi.
Mazkur modda bir necha qismdan iborat bo‘lgani tufayli akangizni qilmishlari qaysi qism doirasida qvalifikatsiyalangan bo‘lsa, unda ko‘rsatilgan jazo tayinlanadi. Masalan, bu moddaning 1-qismi doirasida bo‘lsa ozroq, 5-qismi doirasida bo‘lsa ko‘proq.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 55-moddasida jazoni engillashtiruvchi holatlar sanab o’tilgan bo’lib, agar ishga tegishli va asosli bo’lsa, qo’llanilishi mumkin.
Quyidagi holatlar jazoni engillashtiruvchi holatlar deb topiladi:
a) aybni bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilish, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lish yoki jinoyatni ochish uchun faol yordam berish;
b) etkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilish;
v) og‘ir shaxsiy, oilaviy sharoitlar oqibatida yoki boshqa mushkul ahvolda jinoyat sodir etish;
g) majburlash yoki moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoxud boshqa jihatdan qaramlik sababli jinoyat sodir etish;
d) jabrlanuvchining zo‘rlik, og‘ir haqorat yoki boshqacha g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga kelgan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida jinoyat sodir etish;
e) zaruriy mudofaaning, oxirgi zaruratning asosli chegarasidan chetga chiqib jinoyat sodir etish, ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlashda, kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan asosli tavakkalchilikda zarar etkazish;
j) voyaga etmaganning jinoyat sodir etishi;
z) homilador ayolning jinoyat sodir etishi;
i) jabrlanuvchining g‘ayriqonuniy yoki axloqqa zid xulq-atvori ta’siri ostida jinoyat sodir etish.
Jazo tayinlashda sud ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa holatlarni ham engillashtiruvchi holat deb topishi mumkin.
Jinoyat sodir etganlikda ayblanish bu jinoyat sodir etdi degani emas. Jinoyat protesessual kodeksining 23-moddasida aybsizlik prezumptsiyasi belgilangan bo’lib,
gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas.
Aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.
Demak, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsning ayblov xulosasi o’z tasdig’ini topishi, ya’ni ayblanuvchi haqiqatdan ham shu ishni qilganligining isbotlanishi yoki ayblanuvchiga qanday jazo berilishini oldindan aniq aytish mushkul. Ammo jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsga nisbatan prokurorning ayblov xulosasi asosidagi jinoyat ishi ochiladi. Mazkur ayblov xulosasida shaxs Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bilan ayblanayotgani aytiladi. Ayblov xulosasida keltirilgan modda va moddalarning tavsifi va ularga beriladigan jazolar bilan Jinoyat kodeksida tanishish mumkin. Sud ishni ko’rib chiqishda keltirligan dalillar va ishning holatiga qarab moddada belgilangan jazo doirasida jazo tayinlashi, yetarli asoslar bo’lganida jazoni yengillashtiruvchi yoki o’g’irlashtiruvchi holatlarni hisobga olishi mumkin.