Tadbirkorlik

Akam mening nomimdan tadbirkorlik qilishi mumkinmi?

Savol: Men Koreyadaman. Bu yerdan notarius orqali O’zbekistonga akamga ishonchnoma bersam, akam O’zbekistonda mening nomimdan tadbirkorik faoliyati yuritishi mumkinmi? Bank, soliq, tamojniy va hokazo idoralarda mening nomimdan ish olib borishi mumkinmi?

Javob: Xorijdagi fuqarolarning notarial tasdiqlanishi lozim bo’lgan hujjatlari, jumladan, vakillik uchun ishonch qog’ozini tasdiqlatish  O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalarining konsullari tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi YO‘RIQNOMAga ko’ra amalga oshiriladi.

Fuqarolik kodeksining 134-moddasiga asosan, bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat ishonchnoma hisoblanadi. Ishonchli vakil o‘ziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi.

Fuqarolik kodeksining 129-moddasiga asosan, o‘z xususiyatiga ko‘ra faqat shaxsan tuzilishi mumkin bo‘lgan bitimni, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa bitimlarni vakil orqali tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yuridik shaxs nomidan, shuningdek, yuridik shaxsga ham ishonchnoma faqat yuridik shaxsning ustavida (nizomida) ko‘rsatilgan faoliyat maqsadlariga zid bo‘lmagan bitimlarni tuzish uchungina berilishi mumkin. Bu holda, konsul yuridik shaxsning ustavini (nizomini) tekshiradi.

Notarial shaklni talab qiluvchi bitimlarni tuzish yoxud yuridik shaxslarga nisbatan harakatlarni amalga oshirish uchun berilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak, Fuqarolik kodeksining 136, 137, 138-moddalarida nazarda tutilgan hollar va qonun hujjatlari bilan ishonchnomaning o‘zgacha shakli belgilab qo‘yilgan boshqa hollar bundan mustasno.

Ishonchnomani tuzish va tasdiqlash uchun ishonchli vakilning ishtiroki talab etilmaydi.

Ishonchli vakil haqidagi, shuningdek, ishonchnoma ob’yekti haqidagi ma’lumotlar ishonchnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar yoki uning so‘zlariga asosan yozilishi mumkin. Ishonchli vakil haqidagi, shuningdek, ishonchnoma ob’yekti haqidagi ma’lumotlar ishonch bildiruvchining so‘zlariga asosan yozilgan hollarda berilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun ishonch bildiruvchi mas’uldir. Bu haqda ishonchnoma matnida va tasdiqlovchi yozuvida qayd etib qo‘yiladi.

Ishonchnoma matnida uning tuzilgan (imzolangan) joyi va sanasi, ishonch bildiruvchi va ishonchli vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi (yuridik shaxsning to‘liq nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), doimiy ro‘yxatga olingan manzili, ishonchli vakilga berilayotgan vakolatlar doirasi, Fuqarolik kodeksining 141 va 142-moddalari tushuntirilganligi ko‘rsatilishi kerak.

Ishonchnoma bittadan ortiq ishonchli shaxsga berilgan taqdirda, u ishonchli shaxslar soni bo‘yicha rasmiylashtiriladi.

Ishonchnoma ko‘pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida o‘z kuchini saqlaydi.

Berilgan kuni ko‘rsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Vakolatlarning boshqa shaxsga berilishiga asos bo‘lgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak, Fuqarolik kodeksining 136, 137,138-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Fuqarolik kodeksining 140-moddasiga muvofiq, ishonchnoma berilgan shaxs o‘z vakolatidagi harakatlarni shaxsan amalga oshirishi shart. Basharti, unga ishonchnoma bilan vakolat berilgan bo‘lsa yoki uni ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilishga sharoit majbur qilsa, u harakatlarni amalga oshirishni boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin.

O‘z vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnoma shunday ishonib topshirish huquqi ko‘rsatib qo‘yilgan asosiy ishonchnoma taqdim etilganidan keyin yoki asosiy ishonchnoma bo‘yicha vakil ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilish uchun vaziyat taqozosi bilan shunday ish tutishga majbur bo‘lganligi haqida dalillar taqdim etganidan keyin notarial tasdiqlanishi kerak. O‘z vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnoma asosiy ishonchnoma bo‘yicha berilganidan ko‘proq huquqni qamrab olmasligi kerak. O‘z vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnomaning amal qilish muddati bu ishonchnomani berishga asos bo‘lgan asosiy ishonchnomaning amal qilish muddatidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

O‘z vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnoma matnida asosiy ishonchnoma tasdiqlangan sana, joy va reestr raqami, asosiy ishonchnoma olgan, bergan va vakolat ishonib topshirilayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va doimiy ro‘yxatga olingan manzili, asosiy ishonchnoma bilan berilgan barcha yoki ayrim vakolatlarini (masalan, avtomototransport vositasini sotish, boshqarish, ta’mirlash, haydab olib borish va shu kabilar) berilayotganligi haqida aniq ko‘rsatilishi kerak. Tasdiqlovchi yozuvda esa vakolat berilgan shaxs asosiy ishonchnomaga asosan harakat qilayotganligi ko‘rsatib o‘tiladi. Konsullik muassasasida qoldiriladigan asosiy ishonchnomaga esa mazkur ishonchnoma bo‘yicha vakolatlar boshqa shaxsga berilganligi haqida yozib qo‘yiladi. Asosiy ishonchnomaning nusxasi konsullik muassasasida qoldiriladigan o‘z vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnomaga qo‘shib tikib qo‘yiladi.

Ishonchnoma beruvchi tomonidan ishonchnoma bekor qilingan taqdirda ishonchnoma bergan shaxsning bu haqdagi arizasidagi imzosining haqiqiyligi notarial tartibda shahodatlantiriladi. Bu haqda reestrga hamda konsullik muassasasida saqlanayotgan ishonchnoma nusxasiga belgi qo‘yiladi. Ushbu ariza ishonchnoma nusxasiga yoki alohida yig‘ma jildga tikib qo‘yiladi. Arizaning ikkinchi nusxasi ishonchli vakilni xabardor qilish uchun ishonch bildiruvchiga beriladi.

Agar bekor qilinayotgan ishonchnoma davlat notarial idorasida rasmiylashtirilgan bo‘lsa, konsul tomonidan uni bekor qilinganligi haqida Tashqi ishlar vazirligi orqali tegishli davlat notarial idorasiga ma’lumot yuborishi lozim.

Fuqarolik kodeksining133-moddasiga ko’ra, tadbirkorlar shartnomalar tuzayotganida ular nomidan doimo va mustaqil suratda vakillik qiluvchi shaxs (tijorat vakili) vakilning vakolatlari ko‘rsatilgan yozma shartnoma asosida, bunday vakolatlar ko‘rsatilmagan taqdirda esa, ishonchnoma asosida ham ish olib bora oladi.

Tijorat vakili o‘zining ishtirokida tuzilgan shartnomadagi turli taraflarning manfaatlarini faqat bu taraflarning roziligi bilan hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollardagina ayni bir vaqtda himoya qilishi mumkin.

Agar taraflar bilan tuzilgan bitimda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tijorat vakili shartlashilgan haqni va topshiriqni bajarish vaqtida qilgan chiqimlarini teng ulushlarda to‘lashni shartnomadagi taraflardan talab qilishga haqli.

Tijorat vakili o‘ziga berilgan topshiriqni bajarib bo‘lganidan keyin ham savdo bitimlari to‘g‘risida o‘ziga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni sir saqlashi shart.

Yuqorida tilga olingan qonun normalarida belgilanganidek, O’zbekistonda akangiz sizning nomingizdan vakil sifatida tadbirkorlik faoliyatini olib borishi mumkin. Buning uchun siz akangizga notarial tasdiqlangan ishonchnoma yuborishingiz kerak. Chet elda bo’lganligingiz tufayli, ishonchnomani Koreyadagi O’zbekiston elchixonasi orqali notarial tasdiqlatishingiz mumkin. Ushbu ishonchnomada aknagiz sizning nomingizdan tadbirkorlik sohasida vakil bo’lib harakat qilishi va bu faoliyatda barcha vakolatlaringizni akangizga ishonib topshirayotganingizni qayd etishingiz kerak.

One Comment