Savol: Bir oiladan aka-ukaning birga harbiy xizmatga borishi mumkinmi? Alohida-alohida harbiy qismlarga, albatta.
Javob: Muddatli harbiy xizmatga oid mazkur masala “Umumiy harbiy xizmat va harbiy majburiyat to`g`risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi.
Ushbu Qonunga muvofiq, chaqiruv kunida chaqiriluvchining tug`ishgan aka-ukalaridan biri mudatli harbiy xizmatni o`tayotgan bo`lsa, oilaviy sharoitga ko`ra harbiy xizmatga chaqirish muddati kechiktiriladi.
Ya`ni, aka-uka bir vaqtning o`zida muddatli harbiy xizmatga chaqirilmaydi. Aka-ukalardan biri borib harbiy xizmatni o`tab kelganidan keyingina ikkinchisi harbiy xizmatga chaqilishi mumkin.
Biroq ushbu asos aka-ukalardan birining muddatli harbiy xizmatni o`tashidan ozod etmaydi.
Chaqiriluvchini qaysi harbiy qismga yuborish masalasi esa tuman mudofaa ishlari organlari huzurida tashkil etilgan chaqiruv uchastkalari tomonidan hal qilinadi.
Agar aka-uka ikkalasi ham bir vaqtning o’zida harbiy xizmatga borishni xohlasa va oilaviy sharoiti bunga to`sqinlik qilmasa, ikkalasi ham bir vaqtning o`zida harbiy xizmatga borishi mumkin. Chunki “Umumiy harbiy xizmat va harbiy majburiyat to`g`risida”gi Qonunga asosan, harbiy xizmatga chaqirilishni kechiktirish chaqiriluvchiga davlat tomonidan berilgan huquq (imtiyoz) hisoblanadi.
Bunday holatda aka-uka tuman chaqiruv komissiyasi raisi nomiga ariza yozib, arizada ular vatan oldidagi harbiy xizmatni o`tash burchini bajarishni xohlayotganligini va bunga oilaviy sharoiti to`sqinlik qilmasligini ko`rsatishi kerak. Aka-ukalar arizaga ota-onadan rozilik xatini ilova qilishsa, arizani rad etish uchun asos qolmaydi. Chunki mazkur Qonunning rus tilidagi matnida “muddatli harbiy xizmatga chaqirilish huquqini kechiktirish chaqiriluvchiga taqdim etiladi” jumlasi qo`llanilgan. Chaqiruv uchastkasi mas`ul xodimi arizani qabul qilishdan bosh tortgan taqdirda, Qonunning 21-moddasi rus tilidagi matnini ko`rsatish kerak bo`ladi. Qonunning aynan rus tilidagi mantniga havola qilinishining sababi, rus tilidagi matn bilan o`zbek tilidagi matn farq qiladi.
Arizani ko`rib chiqib, chaqiruv komissiyasi qaror chiqaradi.